Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilmoqda
“Yuksalish” umummilliy harakati binosida loyiha va dasturlarni baholash va boshqarish sohasida O‘zbekiston NNTlarining salohiyatini oshirishga qaratilgan xorijiy ekspertlar ishtirokida maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda fuqarolik jamiyati va davlat idoralari vakillari biznes hamjamiyati, fuqarolik jamiyati institutlari va davlat boshqaruvi idoralari o‘rtasida konstruktiv va samarali hamkorlikni rivojlantirish hamda qo‘llab-quvvatlash orqali O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatining rolini yanada oshirishga qaratilgan “Innovatsiyalar uchun hamkorlik” dasturi faoliyati bilan tanishdilar.
Uchrashuvda ishtirok etish uchun Dasturlarni baholovchi mutaxassislar assotsiatsiyasi (Rossiya) a’zosi, siyosatchi — Aleksey Kuzmin taklif etildi. U Rossiya, MDH davlatlari, Sharqiy Yevropa va boshqa davlatlarda 150ga yaqin loyiha va dasturlarni baholash bo‘yicha rahbarlik tajribasiga ega.
A.Kuzmin bugungi kunda jahonda milliy uyushmalar soni ko‘payganligini ta’kidlab, 2015 yil — Xalqaro baholash yili deb e’lon qilinganini eslab o‘tdi. Jumladan, “Parlament vakillari — baholashni rivojlantirish tarafdori” global tashabbusi amalga oshirilmoqda. Baholash sohasida Hamkorlik qilish xalqaro tashkilot yaratilib, “EvalPartners” dasturi ishga tushirildi. O‘zbekiston ham ushbu tarmoqning bir qismiga aylanishi mumkin. “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Akmal Burxanov “EvalPartners” dasturining avvalgi tadbirlarida ishtirok etgan. Bundan tashqari, yaqin kunlarda “Yuksalish” umummilliy harakati vakillari aynan ushbu yo‘nalishda Qirg‘izistonning Bishkek shahriga tashrif buyuradilar.
Tadbir davomida Harakatlar strategiyasi doirasida O‘zbekistonda davlat tizimi va jamiyatni modernizatsiya qilish, ayniqsa loyiha va dasturlarni baholash jarayonlari davom etayotgan bir paytda, xorijiy davlatlarning ilg‘or amaliyotlari va muvaffaqiyatli tajribalarni mamlakatimizda joriy qilish masalalari bo‘yicha fikrlar muhokama qilindi.
Yig‘ilish davomida, shuningdek, Oliy Majlis huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi grant tanlovlari doirasida har yili respublikaning barcha hududlarida ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirishga ko‘maklashishi ta’kidlandi. Jumladan, yoshlarni ish bilan ta’minlash, ijtimoiy infratuzilmani takomillashtirish, ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tarmoqlarini kengaytirish, nogironligi bo‘lgan ayollar va qizlarga yordam berish va muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni jamiyatga qaytarish kabi tashabbuslar qo‘llab-quvvatlandi. Shunga qaramay, grant loyihalari o‘z nihoyasiga yetgandan so‘ng NNTlar faoliyatini nazorat qilish, baholash va monitoring qilish jarayonlarining to‘liq oshkoraligini ta’minlash, jamiyat hayotida qanday iz qoldirganliklarini aniqlashda hali ham qiyinchiliklar mavjud.
Ishtirokchilarning fikriga ko‘ra, Oliy Majlis huzuridagi NNTlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi faoliyatini bugungi voqelik va ilg‘or tajribalarni hisobga olgan holda takomillashtirish muhim. “Yuksalish” umummilliy harakati milliy va xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda bu yo‘nalishda tavsiyalar ishlab chiqmoqda.
Tadbir AQShning Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) ko‘magida “Yuksalish” umummilliy harakati va Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish assotsiatsiyasi ARGO (Qozog‘iston) tomonidan amalga oshirilayotgan “Innovatsiyalar uchun hamkorlik” dasturi doirasida tashkil etildi.
“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati