@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Jamoatchilik kengashlari uchun amaliy-metodik qo‘llanma tayyorlandi

 2026-09-16 11:45:15   |     Просмотров: 999

“Yuksalish” harakati tomonidan Yevropa Ittifoqi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda mahalliy davlat hokimiyati organlari huzuridagi Jamoatchilik kengashlari faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha amaliy-metodik qo‘llanma ishlab chiqildi.

Qo‘llanma kengash a’zolari uchun kundalik faoliyatda foydalanish mumkin bo‘lgan amaliy yo‘riqnoma sifatida tayyorlandi. Unda Jamoatchilik kengashlari faoliyatining huquqiy asoslari, kengash tarkibini shakllantirish, yillik ish rejasini ishlab chiqish, jamoatchilik monitoringi, eshituv va ekspertizalarni tashkil etish, aholi fikrini o‘rganish, davlat xaridlari va budjet ochiqligini kuzatish, tashabbuslarni ilgari surish, manfaatdor tomonlar bilan ishlash hamda qaror qabul qilish jarayonlarida ishtirok etish mexanizmlari qamrab olingan.

Shuningdek, qo‘llanmaga amaliy keyslar, hujjat namunalari, chek-listlar, mashqlar va testlar ham kiritilgan.

Ishlab chiqilgan qo‘llanma asosida amaliy o‘quv-seminarlar tashkil etildi. Xususan, Buxoro shahrida o‘tkazilgan treninglarda Buxoro, Uchquduq va Bulung‘ur tumanlaridan 30 nafar, Urganch shahrida Yangibozor va Taxtako‘pir tumanlaridan 20 nafar, Farg‘ona shahrida O‘zbekiston va Baliqchi tumanlaridan 19 nafar Jamoatchilik kengashi vakillari ishtirok etdi.

Jami 69 nafar ishtirokchi Jamoatchilik kengashlari faoliyatini tashkil etish, monitoring va eshituvlar o‘tkazish, asoslangan tavsiyalar tayyorlash hamda qaror qabul qilish jarayonlarida ishtirok etish bo‘yicha amaliy bilim va ko‘nikmalarini oshirdi.

Shuningdek, 29-iyun – 1-iyul kunlari Samarqand shahrida yettita pilot tumandan 27 nafar vakil ishtirokida uch kunlik Yozgi maktab tashkil etildi. Unda mahalliy boshqaruv, davlat xizmatlari, budjet va moliyaviy ochiqlik, jamoatchilik nazorati hamda mahalliy muammolarni tahlil qilish kabi mavzular atroflicha muhokama qilindi.

Ishlab chiqilgan amaliy-metodik qo‘llanma ushbu treninglar davomida to‘plangan tajriba va amaliyotni tizimlashtirgan holda, Jamoatchilik kengashlarining hududlarda yanada faol, ochiq va natijaga yo‘naltirilgan faoliyat yuritishiga xizmat qiladi.

Amaliy-metodik qo‘llanmani yuklab olish uchun: HAVOLA

“Yuksalish” harakati matbuot xizmati