@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

35 yillik taraqqiyot: fuqarolik jamiyati oldida qanday vazifalar turibdi?

 2026-08-26 20:58:46   |     Просмотров: 1090

2026-yil 26-avgust kuni Toshkent shahridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari uyida “Yuksalish” harakati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi hamda Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi doirasida “35 yillik taraqqiyot yo‘li: ishonch, hamkorlik, jamoat salomatligi va barqaror kelajak” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Unda fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, Oliy Majlis, davlat idoralari va ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi. Suhbat davomida mustaqillik yillarida fuqarolik jamiyati sohasida amalga oshirilgan ishlar, bugungi muammolar va kelgusidagi vazifalar haqida fikr almashildi.

Davra suhbatining ochilish qismida “Yuksalish” harakati raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mita raisi Bobur Bekmurodov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi raisi Gulrux Agzamova, hamda Adliya vazirligi vakili so‘zga chiqdi.

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi raisi Gulrux Agzamova “Fuqarolik jamiyati taraqqiyoti: 35 yillik tajriba va 2030-yilgacha ustuvor vazifalar” mavzusida ma’ruza qildi.

Ma’ruzada mustaqillik yillarida nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning davlat va jamiyat hayotidagi ishtirokini kengaytirish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, 2030-yilgacha fuqarolik jamiyatini rivojlantirish uchun qanday yo‘nalishlarga e’tibor qaratish kerakligi muhokama qilindi.

Suhbatda jamoat salomatligi va ijtimoiy mas’uliyat masalalariga ham alohida e’tibor berildi. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi vakili ishtirokidagi sessiyada sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, har bir insonning o‘z salomatligiga mas’uliyat bilan qarashi va jamiyatda bir-biriga befarq bo‘lmaslik madaniyatini kuchaytirish haqida fikrlar bildirildi.

Tadbirning eng qiziqarli qismlaridan biri ochiq munozara bo‘ldi. Unda ishtirokchilar NNTlar va fuqarolik jamiyati rivojida erishilgan natijalar bilan birga, hali yechimini kutayotgan masalalarni ham ochiq muhokama qildi.

Jumladan, nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqiy, tashkiliy va moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish, davlat tomonidan berilayotgan ko‘makni amaliy ehtiyojlarga moslashtirish hamda davlat idoralari bilan NNTlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda fuqarolik jamiyatining rolini oshirish, jamoatchilik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va fuqarolarning muhim qarorlar muhokamasidagi ishtirokini kengaytirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Davra suhbatining amaliy natijalaridan biri “Kelajak uchun 5 taklif” tashabbusi bo‘ldi. Ishtirokchilar fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, NNTlar imkoniyatlarini kengaytirish va davlat hamda jamiyat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan beshta aniq taklifni ishlab chiqdi.

Bildirilgan fikr va takliflar umumlashtirilib, kelgusidagi amaliy tashabbuslarda foydalaniladi.

Tadbir davomida “Jamiyat qiyofasi” namoyishi ishtirokchilariga tashakkurnomalar topshirildi. Yakunda qatnashchilar birgalikda suratga tushdi va “Yuksalish” harakati ofisi faoliyati bilan tanishdi.

Davra suhbati mustaqillikning 35 yili davomida fuqarolik jamiyati sohasida amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish, mavjud tajribani baholash va kelgusi vazifalarni belgilash uchun muhim muloqot maydoniga aylandi.

Eng muhimi, tadbir davlat idoralari, fuqarolik jamiyati institutlari va jamoatchilik o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash, ijtimoiy mas’uliyatni oshirish hamda barqaror kelajak uchun birgalikda harakat qilish zarurligini yana bir bor ko‘rsatdi.

“Yuksalish” harakati matbuot xizmati