“Yuksalish” harakati “Korrupsiyasiz soha” loyihasini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator takliflarni taqdim etadi
Ma’lumki, so‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida mamlakatimizda barcha sohalar kabi ta’lim sohasida ham muhim islohotlar olib borilmoqda. Bu yo‘nalishda uzoq vaqt davomida aholimizni tashvishga solib kelayotgan mudhish muammo, ya’ni oliy talimdagi korrupsiyani bartaraf etish masalasi ham chetda qolmadi.
Xususan, oliy ta’lim muassasalarining soni va qamrovining oshirilishi orqali yoshlar uchun oliy ta’lim olish imkoniyatlarining kengaytirilishi, oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilarini bosqichma-bosqich moddiy rag‘barlantirish choralarining ko‘rilayotganligi, oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlarining maksimal darajada shaffof o‘tkazishga harakat qilinayotgani, oliy ta’lim muassasalarida imtihonlar, kurs ishi, malakaviy va bitiruv ishlarini tekshirish jarayonlarida neytrallikning ta’minlanayotganligi shular jumlasidandir.
Biroq, shu bilan birga, jamoatchilik fikriga quloq tutadigan bo‘lsak, hali bu sohada korrupsiogen holatlar mavjudligi, oldimizda talaygina ishlar turganligini va bu borada sa’y-harakatlarni jadallashtirish lozimligini ko‘rish mumkin.
Davlatimiz rahbarining farmoni bilan belgilab berilayotgan eksperiment tariqasida oliy ta’lim sohasida “Korrupsiyasiz soha” loyihasining joriy etilishi va amalga oshirilishi o‘z vaqtida bo‘ldi va yaqin orada o‘zining ijobiy samarasini ko‘rsatishiga ishonamiz.
Shu munosabat bilan, bugun Toshkent shahrida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda OTMlar rektorlarining umumiy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda soha vakillarining O‘zbekiston xalqiga murojaati o‘qib eshittirildi.
Tadbirda “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Akmal Burxanov ham ishtirok etib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Korrupsiyasiz soha” loyihasini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator takliflarni taqdim etdi. Jumladan:
- OTM faoliyatiga doir muhim qarorlarning muhokamasi va qabul qilinishida talabalar uyushmalari va kengashlarining ishtirok etishi, shuningdek, tashkil qilinadigan turli komissiyalar ishiga talabalarning ham kiritilishi;
- talabalar va OTM rahbariyati o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish imkoniyatini beruvchi mexanizmlarni joriy etish (masalan, universitet virtual qabulxonasi, anonim so‘rov va murojaatlar va hokazo);
- qabul komissiyalari, appelyatsiya komissiyalari tarkibiga jamoatchilik va OAV vakillarini ham kiritish;
- diplom ishlari va dissertatsiyalar, opponentlarning taqrizlarini keng ommaga e’lon qilib borilishi (ayrim OTMlarda ushbu tajriba joriy qilingan);
- korrupsion holatlar to‘g‘risida xabar berish imkoniyatini beruvchi ishonch telefonlarini ishga tushirish;
- talabalarda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish;
- jamoatchilik tashkilotlari tomonidan OTMlarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha mustaqil tadqiqotlar, monitoring va targ‘ibot ishlari, jamoatchilik nazorati tadbirlarini amalga oshirish.
“Yuksalish” harakati matbuot xizmati