@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

“Agrobank” ATB hamda “Yuksalish” harakati o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi

 2026-06-18 18:50:00   |     Просмотров: 1213

Mazkur memorandum doirasida korrupsiyaning oldini olish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda bank xizmatlari sifati va shaffofligini oshirishga qaratilgan qator qo‘shma loyihalar amalga oshirilishi belgilandi.

Xususan, bank mijozlari, tadbirkorlar va keng jamoatchilik o‘rtasida korrupsiyaga qarshi kurashish madaniyatini targ‘ib etish maqsadida ijtimoiy videoroliklar tayyorlanadi. Ushbu videomateriallar orqali korrupsiyaning salbiy oqibatlari, qonunchilik talablari hamda fuqarolarning huquq va majburiyatlari haqida keng tushuntirish ishlari olib boriladi.

Shuningdek, “Agrobank”ning barcha filiallari kesimida kredit ajratish jarayonlarining shaffofligini baholash bo‘yicha jamoatchilik reytingi joriy etiladi. Buning uchun “Yuksalish” harakati ekspertlari tomonidan bank mijozlari, fermerlar va agrosektor vakillari o‘rtasida anonim so‘rovnomalar hamda fokus-guruh tadqiqotlari o‘tkaziladi. Tadqiqot natijalari asosida hududlar va filiallar faoliyati tahlil qilinib, mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha amaliy choralar ishlab chiqiladi.

Hamkorlikning yana bir muhim yo‘nalishi sifatida bankning hududiy boshqarmalari rahbarlarining tadbirkorlar, fuqarolar va blogerlar ishtirokidagi ochiq muloqotlari tashkil etiladi. Ushbu uchrashuvlarda kreditlash jarayonlari, amalga oshirilgan loyihalar, ajratilgan mablag‘lar hamda murojaatlar bilan ishlash natijalari yuzasidan jamoatchilikka ochiq hisobotlar taqdim etiladi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, memorandum doirasida amalga oshiriladigan ushbu tashabbuslar bank tizimida ochiqlik va hisobdorlikni kuchaytirish, korrupsion xavflarni kamaytirish hamda fuqarolarning moliyaviy institutlarga bo‘lgan ishonchini yanada oshirishga xizmat qiladi.

“Yuksalish” harakati matbuot xizmati