@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Texnik oliygohlarning hududlar rivojidagi yangi ro‘li

 2026-05-25 20:03:52   |     Просмотров: 1153

Uzoq yillar davomida oliy ta’lim muassasalari, avvalo, kadrlar tayyorlaydigan institut sifatida qabul qilinib keldi. Ularning asosiy vazifasi ta’lim jarayonini tashkil etish va mehnat bozori uchun malakali mutaxassislar yetishtirish bilan bog‘lanardi. Biroq bugungi zamonaviy iqtisodiyot oliy ta’limdan ancha faolroq rolni talab qilmoqda. Bu, ayniqsa, texnik oliygohlarga bevosita taalluqlidir. Chunki aynan shu turdagi ta’lim muassasalari sanoat korxonalari, muhandislik infratuzilmasi va hududlardagi real muammolarga eng yaqin turgan institutlardir.

Bugungi texnik universitet endi faqat ta’lim berish bilan cheklanib qolmasligi kerak. U g‘oya auditoriya va laboratoriyadan chiqib, prototipga, undan startapga, keyin spin-off korxonaga va yakunda to‘laqonli ishlab chiqarishga aylanishi mumkin bo‘lgan ekotizimga aylanishi zarur. Aynan shunday model ta’lim, ilm-fan, yoshlar tashabbusi, tadbirkorlik va iqtisodiyot ehtiyojlarini yagona tizimga birlashtira oladi.

O‘zbekistonda buning uchun yangi institutsional asos shakllanmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 4-apreldagi PF-54-son Farmoni oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlarning yangi ishlanmalarini ishlab chiqarishga joriy etish masalasiga alohida urg‘u beradi. Hujjatda ilmiy, ratsionalizatorlik va startap ishlanmalarini tijoratlashtirish, texnologiyalar transferi, ilm talab mahsulotlar ishlab chiqarish hamda oliygohlar va ilmiy tashkilotlar ishtirokida spin-off korxonalar tashkil etish kabi yo‘nalishlar aniq belgilangan.

Mazkur yondashuvni Prezidentning 2026-yil 11-fevraldagi PQ-59-son qarori yanada to‘ldiradi. Ushbu hujjat mamlakatda kompleks startap ekotizimini shakllantirishga qaratilgan. Unda startap rivojlanishining to‘rt bosqichi — g‘oyaning shakllanishidan tortib, loyihani ishga tushirish va kengaytirishgacha bo‘lgan mexanizm belgilangan. Ayniqsa, “OTMlar — startaplar generatori” dasturi texnik oliygohlar uchun katta ahamiyatga ega. Chunki bu dastur doirasida talabalar akseleratorlari, IT Park va venchur fondlar bilan hamkorlik, amaliyot dasturlari, istiqbolli loyihalarga investitsiyalar va startaplarni kuzatib boruvchi mutaxassislarni tayyorlash nazarda tutilgan.

Bu ikki hujjatni birgalikda tahlil qilsak, davlat siyosatida muhim burilish yuz berayotganini ko‘rish mumkin. Endi universitet faqat diplom beruvchi maskan emas, balki innovatsion iqtisodiyotning faol ishtirokchisiga aylanishi kerak. PQ-59 g‘oyalar, jamoalar, prototiplar va startaplar oqimini shakllantirsa, PF-54 bu ishlanmalarning keyingi bosqichga o‘tishi — tashkiliy shaklga kirishi, ishlab chiqarish bazasiga ega bo‘lishi va bozorga chiqishini ta’minlaydi.

Boshqacha aytganda, bugun quyidagi yangi zanjir shakllanmoqda:

Hudud muammosi → muhandislik g‘oyasi → universitet laboratoriyasi → prototip → startap → sinov va takomillashtirish → spin-off korxona → ishlab chiqarish → ish o‘rinlari → hududiy rivojlanish

Aynan shu zanjirda texnik oliygohlarning o‘rni beqiyos. Chunki boshqa ko‘plab institutlardan farqli ravishda ular bir vaqtning o‘zida bir nechta strategik resurslarga ega: muhandis kadrlar, laboratoriya bazasi, ilmiy maktablar, talabalar, tadqiqotchilar, sanoat bilan aloqalar va amaliy sinov imkoniyatlari. Shu bois universitet hudud muammolarini shunchaki muhokama qiluvchi emas, balki ularga aniq texnologik yechim taklif qiluvchi markazga aylanishi mumkin.

Hududlar uchun bu model ayniqsa dolzarb. Chunki joylarda energiya samaradorligini oshirish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, sanoat va qishloq xo‘jaligi chiqindilarini qayta ishlash, uskunalarni mahalliylashtirish, agrotexnologiyalarni rivojlantirish, ishlab chiqarishni raqamlashtirish, yangi qurilish materiallari yaratish va muhandislik infratuzilmasini modernizatsiya qilish kabi ko‘plab dolzarb masalalar mavjud. Bunday vazifalar faqat moliyalashtirish bilangina emas, balki doimiy muhandislik muhiti orqali hal etiladi.

Spin-off korxonani oddiygina “universitet qoshidagi firma” sifatida tushunish xato bo‘ladi. Aslida bu ilmiy ishlanma yoki ratsionalizatorlik yechimining mustaqil iqtisodiy modelga aylanish mexanizmidir. Ya’ni ishlanma tashkiliy shakl, jamoa, biznes-model, ishlab chiqarish bazasi va bozorga chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi. PF-54 bu borada spin-off korxonalar reyestrini yuritish, imtiyoz va preferensiyalar berish, shuningdek, ularning natijalarini ta’sischi tashkilotlar samaradorlik ko‘rsatkichlari sifatida tan olishni nazarda tutadi.

Bu esa universitet samaradorligini baholash tizimini ham tubdan o‘zgartiradi. Agar ilgari universitet muvaffaqiyati ko‘proq bitiruvchilar soni, ilmiy maqolalar yoki dissertatsiyalar bilan o‘lchangan bo‘lsa, endilikda bilimni iqtisodiy va ijtimoiy natijaga aylantirish qobiliyati ham muhim mezonga aylanmoqda.

Albatta, bu model o‘z-o‘zidan ishlamaydi. Bir nechta korxona ochish yoki akselerator ishga tushirishning o‘zi yetarli emas. Universitet ichki muhitini ham tubdan yangilashi lozim. Avvalo, real ishlab chiqarish muammolari bilan ishlash madaniyati shakllanishi kerak. Buning uchun ishlab chiqarish muammolari banki, loyiha jamoalari, ochiq laboratoriyalar, biznes mentorligi, intellektual mulk bo‘yicha huquqiy ko‘mak, pilot joriy etish mexanizmlari va daromad taqsimoti bo‘yicha shaffof qoidalar zarur.

Talabalarning ta’limga munosabati ham o‘zgarishi kerak. Texnik yo‘nalishdagi talaba kurs ishi yoki bitiruv loyihasi oddiy formal hujjat emas, balki kelajakdagi startap yoki spin-off korxonaning asosi bo‘lishi mumkinligini his qilishi lozim. Shunda universitetdagi startap akseleratorlari qo‘shimcha to‘garak emas, balki yangi ta’lim madaniyatining bir qismiga aylanadi.

Bu tizimda o‘qituvchining roli ham yangicha talqin qilinadi. Endi u shunchaki ma’ruzachi emas. U loyiha mentori, ishlab chiqarish maslahatchisi, amaliy ishlanma muallifi va tijoratlashtirish ishtirokchisiga aylanishi kerak.

Eng muhimi, bu jarayon rasmiyatchilikka aylanib qolmasligi lozim. Hisobot uchun startap, ko‘rsatkich uchun akselerator yoki statistik raqam uchun spin-off korxona hech qanday barqaror natija bermaydi. Har bir loyiha uchta oddiy savolga javob bera olishi shart:

Qaysi muammo hal qilinmoqda? Kim bunga buyurtmachi? Bu yechim qanday joriy etiladi yoki kengaytiriladi?

Aks holda eng yaxshi g‘oya ham taqdimot slaydidan nariga o‘tmay qolishi mumkin.

Texnik oliygohlarning yangi modeli hududiy iqtisodiyot uchun katta imkoniyatlarni ochadi. Korxonalar muhandislik yechimlari va laboratoriya ekspertizasiga ega bo‘ladi. Talabalar o‘qish davridayoq amaliy tajriba va ish imkoniyatiga ega bo‘ladi. O‘qituvchilar va tadqiqotchilar ishlanmalarini tijoratlashtirish yo‘lini topadi. Universitetlar qo‘shimcha daromad manbaiga ega bo‘ladi. Hududlar esa yangi texnologiyalar, ish o‘rinlari va o‘z muammolariga mos mahalliy yechimlarga ega bo‘ladi.

2030-yilga borib hududlarning raqobatbardoshligi faqat investitsiyalar hajmi yoki korxonalar soni bilan emas, balki o‘z texnologik yechimlarini yaratish salohiyati bilan ham belgilanadi. Ana shu jarayonda texnik oliygohlar mamlakat taraqqiyotining tayanch ustunlaridan biriga aylanishi mumkin.

Bugun normativ baza bunday imkoniyatni yaratib berdi. Endi asosiy vazifa bu imkoniyatlarni qog‘ozdagi hujjat emas, balki universitetlar, korxonalar va hududlar hayotidagi real amaliyotga aylantirishdir. Ana shundagina texnik universitet oddiy ta’lim muassasasi emas, balki mamlakat rivojlanishini harakatga keltiruvchi haqiqiy muhandislik platformasiga aylanadi.

Bunyod Igamberdiyev, 

Farg'ona davlat texnika universitetining Ilmiy-tadqiqotlar, innovatsiyalar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash bo'limi boshlig'i, PhD