@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Universitetlarda kiyinish talablari: forma tartibmi yoki tanlov?

 2026-04-29 09:49:47   |     Просмотров: 2877

So‘nggi yillarda oliy ta’lim muassasalarida talabalarning tashqi ko‘rinishi va kiyinish madaniyati masalasi jamiyatda keng muhokama qilinayotgan mavzulardan biriga aylandi. Bu masala nafaqat tartib-intizom, balki ta’lim muhiti, akademik erkinlik va universitet madaniyati bilan ham bevosita bog‘liq hisoblanadi. "Yuksalish" harakati Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti bilan birgalikda so‘rov o‘tkazilib, natijalari tahlil qilindi.

O‘zbekistonda OTMlar uchun maktablardagi kabi yagona majburiy forma tizimi joriy etilmagan. Kiyim-kechak masalasi asosan har bir universitetning ichki tartib-qoidalari va odob-axloq kodekslari orqali tartibga solinadi. Shu bilan birga, “Oliy ta’limni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi” doirasida akademik mustaqillikni kuchaytirish, OTMlarda ichki madaniyat va etika standartlarini rivojlantirishga alohida urg‘u berilmoqda. Ayrim oliy ta’lim muassasalarida esa 2025-yildan boshlab maxsus odob-axloq kodekslarini takomillashtirish vazifalari belgilangan.

Mazkur masala yuzasidan talabalar pozitsiyasini o‘rganish maqsadida “Yuksalish” harakati tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti bilan hamkorlikda respublika bo‘ylab ijtimoiy so‘rov o‘tkazildi. So‘rovda jami 12 221 nafar talaba ishtirok etdi.

Talabalar forma masalasiga qanday qaraydi?

Birinchi savol natijalari shuni ko‘rsatdiki, oliy ta’lim muassasalarida kiyinish talablari masalasida talabalar fikri bir xil emas, balki turli yondashuvlarga ega.

Respondentlarning 54,9 foizi (6683 ta javob) universitetlarda ma’lum kiyinish talablari bo‘lishini qo‘llab-quvvatlagan. Ularning fikricha, tartibli va estetik muhit ta’lim jarayonining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. 26,8% (3267 ta javob) talabalar bu masalaga nisbatan neytral munosabat bildirgan. Ular uchun forma yoki kiyinish talablari ta’lim sifatiga bevosita ta’sir qiluvchi omil sifatida ko‘rilmaydi. Yana 18,3% (2261 ta javob) respondent esa forma talablariga qarshi ekanini bildirgan. Ushbu guruh fikricha, kiyinish talabaning bilim darajasi yoki akademik natijalariga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatmaydi.

Forma ta’lim muhitiga qanday ta’sir qiladi?

So‘rov natijalari talabalar kiyinish masalasiga ko‘proq amaliy va muvozanatli yondashayotganini ko‘rsatdi. Xususan, 42,5% (5182 ta javob) forma talabalar o‘rtasida tenglik hissini shakllantirishi mumkinligini qayd etgan. Shuningdek, 38,4% (4675 ta javob) respondent forma akademik muhitni tartibli va rasmiyroq qilishini ta’kidlagan.

Bundan tashqari, 22,5% (2750 ta javob) talabalar forma intizom va mas’uliyatni oshirishga xizmat qilishini bildirgan bo‘lsa, 21,7% (2650 ta javob) uni oliy ta’lim muassasasining umumiy imijini shakllantiruvchi omil sifatida baholagan.

Shu bilan birga, respondentlarning sezilarli qismi ta’lim sifati boshqa omillarga bog‘liqligini ham alohida qayd etgan. Jumladan, 30,2% (3682 ta javob) ta’lim samaradorligi talabaning shaxsiy motivatsiyasi, intizomi va bilim olishga bo‘lgan munosabatiga bog‘liq ekanini, forma esa hal qiluvchi omil emasligini bildirgan. Ayrim hollarda esa forma salbiy jihatlarga ham ega bo‘lishi mumkin. 14,2% (1737 ta javob) respondent kiyinish talablari noqulaylik yoki ma’lum darajada psixologik bosim keltirib chiqarishini qayd etgan. Shuningdek, so‘rov natijalari talabalar qat’iy forma tizimidan ko‘ra umumiy kiyinish madaniyati qoidalarini afzal ko‘rishini ko‘rsatdi. Xususan, 46,2% (5628 ta javob) ochiq yoki haddan tashqari kalta kiyimlarni cheklash zarurligini bildirgan bo‘lsa, 44,2% (5382 ta javob) klassik yoki yarim klassik uslubni maqbul deb hisoblaydi. Bundan tashqari, 38,6% (4703 ta javob) qulay va sodda kiyimlarga ruxsat berilishi kerakligini, 26,7% (3265 ta javob) kiyimlarda katta yozuvlar va reklama elementlari bo‘lmasligi lozimligini qayd etgan. Shu bilan birga, 22% (2688 ta javob) respondent aniq forma majburiy bo‘lmasligi kerakligini bildirgan. Nisbatan kamroq ishtirokchilar esa juda yorqin ranglar (13,1% — 1601 ta javob) va sport kiyimlarini (8,5% — 1047 ta javob) cheklash mumkinligini ta’kidlagan.

Natijalar shuni ko‘rsatadiki, talabalar akademik muhitda ma’lum estetik va madaniy me’yorlar bo‘lishini qo‘llab-quvvatlaydi, biroq qat’iy va yagona forma tizimiga ehtiyoj nisbatan past.

Muloqot – asosiy yechim

Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, talabalar kiyinish masalasini hal etishda majburiy choralar emas, balki ochiq va konstruktiv muloqotni ustuvor deb hisoblaydi.

Respondentlarning 52,8 foizi (6434 ta javob) universitetlar bu masalani tushuntirish ishlari va ochiq muloqot orqali hal qilishi kerakligini ta’kidlagan. Bu esa talabalar orasida muammolarni kelishuv asosida bartaraf etishga ehtiyoj yuqori ekanini ko‘rsatadi. Shuningdek, 17,7% (2173 ta javob) ishtirokchi talabalar kengashlari bilan birgalikda muhokama qilish amaliyotini qo‘llab-quvvatlagan. Ularning fikricha, qarorlar talabalar ishtirokida qabul qilinsa, ularning qabul qilinishi va samaradorligi oshadi.Nisbatan kamroq — 10,7% (1317 ta javob) respondent esa kiyinish masalasini ichki reglamentlar va rasmiy qoidalar orqali tartibga solishni ma’qul deb hisoblagan.

Umuman olganda, natijalar talabalarning aksariyati kiyinish madaniyatini shakllantirishda majburiylikdan ko‘ra ishonch, tushuntirish va hamkorlikka asoslangan yondashuvni afzal ko‘rishini tasdiqlaydi.

Kiyinish madaniyatini takomillashtirish bo‘yicha takliflar

Tadqiqot natijalari asosida oliy ta’lim muassasalarida kiyinish madaniyatini yanada samarali shakllantirish bo‘yicha bir qator amaliy takliflar ilgari surildi.

Avvalo, OTMlarda “forma” tushunchasidan bosqichma-bosqich voz kechib, uning o‘rniga zamonaviy va moslashuvchan “dress-code” — kiyinish tamoyillari tizimini joriy etish maqsadga muvofiq. Bu yondashuv qat’iy majburiylikdan ko‘ra umumiy madaniy me’yorlarni shakllantirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, har bir universitet yilda kamida bir marta talabalar fikrini o‘rganib borishi va mavjud qoidalarni qayta ko‘rib chiqishi zarur. Bu esa qoidalarning dolzarbligini saqlash va ularni talabalar ehtiyojlariga moslashtirish imkonini beradi. Birinchi kurs talabalari uchun esa “akademik muhit va tashqi ko‘rinish madaniyati” mavzusida maxsus yo‘naltiruvchi modul joriy etish taklif etiladi. Bu orqali talabalar universitet muhitiga moslashish jarayonida zarur tushunchalarga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, kiyinish madaniyatini nazorat qilishda jazolovchi yondashuvlardan voz kechib, talabalar kengashlari ishtirokini kuchaytirish muhim. Bunday hamkorlik asosidagi model qoidalarning qabul qilinishi va bajarilish samaradorligini oshiradi.

OTM imijini mustahkamlash maqsadida universitet brendi bilan bog‘liq ixtiyoriy atributika — logotipli kiyimlar, belgilar va aksessuarlarni rivojlantirish ham tavsiya etiladi. Bu talabalar o‘rtasida tegishlilik hissini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, “estetik va madaniy muhit indeksi”ni joriy etish taklif qilinmoqda. Mazkur indeks kiyimni nazorat qilish vositasi emas, balki universitetdagi umumiy madaniy muhit, vizual tartib va talabalar qoniqish darajasini kompleks baholashga qaratilgan bo‘lishi lozim.

Talabalarning izohlari

So‘rov davomida talabalar tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar kiyinish masalasiga nisbatan turli yondashuvlar mavjudligini ko‘rsatdi.

Ko‘pchilik talabalar oliy ta’lim jarayonida asosiy e’tibor tashqi ko‘rinishga emas, balki bilim va sifatli ta’limga qaratilishi lozimligini ta’kidladi. Xususan, ayrim talabalar “oliy ta’lim majburiy emas, shu sabab forma ham majburiy bo‘lmasligi kerak” degan fikrni ilgari surgan bo‘lsa, boshqalar “o‘qituvchilar talabaning kiyimi emas, uning bilimini talab qilishi kerak”ligini qayd etdi.

Shuningdek, bir qator ishtirokchilar forma ta’lim sifatiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmasligini, u faqat tashqi tartibni ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidladi. Shu bilan birga, talabalar orasida “har kim o‘ziga qulay, ammo umumiy me’yorlar doirasida kiyinish tarafdori bo‘lishi kerak” degan muvozanatli yondashuv ham keng qo‘llab-quvvatlangan.

Umuman olganda, talabalarning izohlari ochiq muloqot, o‘zaro kelishuv va erkinlikni hurmat qilish asosida shakllangan kiyinish siyosati yanada samarali bo‘lishini ko‘rsatadi.

Oliy ta’lim vazirining forma masalasiga munosabati

Mazkur masala yuzasidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov ham o‘z pozitsiyasini bildirib o‘tdi. Uning fikricha, talabalar kiyimi bevosita ta’lim sifatiga ta’sir qilmaydi, biroq bu masala jamiyatdagi umumiy tartib va muvozanat bilan bog‘liq.

Vazirning ta’kidlashicha, bugungi kunda OTMlarda kiyinish talablari markazlashgan tartibda emas, balki har bir oliy ta’lim muassasasining ichki siyosati va brendi bilan belgilanadi. Ya’ni, vazirlik tomonidan universitetlarga yagona forma joriy etish bo‘yicha hech qanday topshiriq berilmagan.

“Hech kim tomonidan unaqa topshiriq bo‘lmagan. Lekin har bir oliy ta’lim muassasasi o‘zining brendini yaratishi kerak. OTM – bu nafaqat ta’lim maskani, balki madaniyat o‘chog‘i ham”, – deya ta’kidladi vazir.

Shuningdek, u kiyinish masalasida ortiqcha qat’iylik tarafdori emasligini bildirib, “agar talaba ozoda, tartibli kiyinib yursa, nega unga majburiy talab qo‘yish kerak?” degan fikrni ilgari surdi.

Biroq vazir bu masalaning boshqa tomoni ham borligini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “kiyim ta’lim sifatiga ta’sir qilmaydi, lekin bu jamiyat. Agar umumiy talablar bo‘lmasa, turli xil kiyinish uslublari paydo bo‘lib, bu ayrim holatlarda to‘qnashuv va ziddiyatlarga olib kelishi mumkin”.

Mazkur yondashuvdan kelib chiqib, vazir kiyinish masalasida mutlaq erkinlik emas, balki muvozanatli va madaniy me’yorlarga asoslangan yondashuv zarurligini ta’kidlaydi.

 Yakuniy xulosa

Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, asosiy tendensiya – OTMlarga mos kiyinish madaniyati (dress-code) tizimini rivojlantirishga qaratilgan. Talabalar qat’iy tartibdan ko‘ra moslashuvchan, kam cheklovli va muloqotga asoslangan yondashuvni afzal ko‘rmoqda. Shu bilan birga, akademik muhitda minimal estetik va axloqiy me’yorlar bo‘lishi zarurligi ham e’tirof etilgan. Kelgusi yillarda universitetlarda kiyinish masalasini hal qilishda asosiy yo‘nalish – tartib va erkinlik o‘rtasidagi muvozanatni saqlash, qarorlarni talabalar ishtirokida qabul qilish va majburiy yondashuvlardan voz kechish bo‘lib qolishi kutilmoqda.

Bu yondashuv oliy ta’lim muassasalarida zamonaviy, ochiq va hurmatga asoslangan akademik muhitni shakllantirishga xizmat qiladi.

“Yuksalish” harakati matbuot xizmati