O‘zbekiston va XXR: strategik hamkorlik istiqbollari
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil aprel oyida bo‘lib o‘tgan “Bir makon, bir yo‘l” ikkinchi xalqaro forumida bildirgan g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek hududiy hamkorlikni rivojlantirish, turli yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish maqsadida “Yuksalish” umummilliy harakati Xitoy Xalq Respublikasining bir qator ilmiy-tadqiqot institutlari va yetakchi markazlari bilan hamkorlik qilib kelmoqda.
Joriy yilning 9-11–iyul kunlari “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Akmal Burxanov Shanxay universiteti qoshidagi ShHT xalq diplomatiyasi ilmiy-tadqiqot instituti taklifiga binoan Xitoyning Shanxay shahrida qator rasmiy tadbirlarda ishtirok etdi.
Jumladan, “Ipak yo‘li iqtisodiy kamari doirasida o‘zbek-xitoy munosabatlari va strategik hamkorlik” mavzusidagi ikki tomonlama seminar tashkil etildi. Unda ShHT xalq diplomatiyasi ilmiy-tadqiqot instituti direktori Jan Xenlun boshchiligidagi delegatsiya, Shanxay ilmiy-texnik aloqalar markazi, “aql markazilari”, ShHT tadqiqot markazlari, Sinszyandagi iqtisodiy va madaniy rivojlanish xalqaro markazi vakillari ham qatnashdi.
Tadbirda Akmal Burxanov O‘zbekistonda Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarning borishi, erishilgan natijalar, kelgusidagi rejalar yuzasidan axborot berdi. Shuningdek, “Yuksalish” umummilliy harakatining maqsad va vazifalari, hamkorlik yo‘nalishlari, bugungi kunda hayotga tadbiq etilayotgan loyihalari haqida so‘z yuritildi.
Ishtirokchilar “Ipak yo‘li iqtisodiy kamari” doirasida o‘zbek-xitoy munosabatlari, ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik hamkorlik istiqbollari va mavjud muammolarni muhokama qildilar. Xususan, Akmal Burxanov O‘zbekistonning “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusidagi ishtirokini Pekin bilan olib borilayotgan ko‘p tomonlama strategik hamkorlik siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligini ta’kidladi. Shuningdek, O‘zbekiston ushbu tashabbusni birinchi bo‘lib qo‘llab-quvvatlagan davlatlardan biri ekani hamda loyihaning a’zo-ta’sischisi hisoblanishi qo‘shimcha qilindi.
“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati