@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Jamiyatda yoshlar va bolalar uchun mahalliy boshqaruvni inklyuziv transformatsiya qilish bo‘yicha treninglar tashkil etildi

 2026-02-20 15:31:15   |     Просмотров: 313

“O‘zbekistonda yoshlar va bolalar uchun qulay mahalliy boshqaruvni inklyuziv transformatsiya qilish” loyihasi doirasida 2026-yil 29-yanvar – 17-fevral kunlari Termiz, Qarshi, Urganch va Nurafshon shaharlarida Xalq deputatlari Kengashlari huzuridagi Ijtimoiy soha, yoshlar siyosati, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha doimiy komissiya a’zolari hamda Yoshlar maslahat guruhlari uchun kompleks treninglar tashkil etildi.

Mazkur loyiha Yuksalish harakati, UNICEF hamda BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligida, Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligining moliyaviy ko‘magida amalga oshirilmoqda. Treninglar mahalliy boshqaruv tizimida yoshlar va bolalar ishtirokini institutsional darajada kuchaytirishga qaratilgan.

Treninglar davomida qatnashchilar mahalliy boshqaruvda yoshlar va bolalar ishtirokini ta’minlas borasidagi xalqaro va milliy tajriba bilan atroflicha tanishdilar. Xususan, ishtirok tushunchasi, uning ahamiyati, xalqaro va milliy huquqiy asoslari, mahalliy vakillik organlarining tizimi hamda Xalq deputatlari Kengashlarining faoliyat yuritish tartibi bo‘yicha batafsil ma’lumotlarga ega bo’ldilar.

Shuningdek, Yoshlar maslahat guruhlarining vakolatlari, vazifalari, huquq va majburiyatlari, ularning ish faoliyatini samarali tashkil etish mexanizmlari muhokama qilindi. Davlat va mahalliy byudjet asoslari, byudjet tuzilishi va shakllantirilishi, mahalliy byudjet tushunchasi hamda byudjet jarayonida Yoshlar maslahat guruhlarining ishtiroki yuzasidan amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

Amaliy mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar o‘z hududlarida yoshlar ishtirokini kuchaytirishga qaratilgan aniq taklif va tashabbuslarni ishlab chiqdi. Natijada har bir pilot hudud bo‘yicha kelgusi 6 oyga mo‘ljallangan aniq harakatlar rejasi shakllantirildi. Bu esa loyihaning amaliy natijadorligini ta’minlashga xizmat qiladi.

16-fevral kuni Nurafshon shahrida o‘tkazilgan trening alohida ahamiyat kasb etdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi O.M. Kozixonova hamda Shvеysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligining (SDC) O‘zbekistondagi vakolaxonasi rahbari o‘rinbosari Ursula Keller ishtirok etib, mahalliy boshqaruv tizimida yoshlar va bolalar ishtirokini kuchaytirish yuzasidan o‘z takliflarini bildirdilar. 

Ursula Keller o‘z nutqida Shveysariya tomoni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan nomarkazlashtirish islohotlarini qo‘llab-quvvatlashini alohida ta’kidladi. U mazkur loyiha mahalliy aholi, xotin-qizlar va yoshlarning ovozini eshitish imkonini berishi bilan muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi. Shuningdek, loyiha konsepsiyasida Shveysariyaning “quyidan yuqoriga” tamoyiliga asoslangan boshqaruv modeli, xususan kantonlar tajribasi asos sifatida olingani ta’kidlandi. Muammolarni imkon qadar aholiga yaqin darajada hal etish zarurligiga alohida urg‘u berildi.

Treninglar natijasida:
•    Xalq deputatlari Kengashlari huzuridagi doimiy komissiyalar va Yoshlar maslahat guruhlarining o‘zaro hamkorlik mexanizmlari mustahkamlandi;
•    Yoshlar va bolalarning mahalliy qaror qabul qilish jarayonlaridagi ishtirokini kengaytirish bo‘yicha aniq tashabbuslar ishlab chiqildi;
•    Byudjet jarayonida yoshlar ishtirokini ta’minlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar shakllantirildi;
•    Har bir pilot hudud uchun 6 oylik aniq harakatlar rejasi tasdiqlandi.

Mazkur treninglar mahalliy boshqaruv tizimida inklyuzivlikni ta’minlash, yoshlar va bolalar manfaatlarini hisobga olgan holda qarorlar qabul qilish amaliyotini rivojlantirish, shuningdek, fuqarolarning, ayniqsa yosh avlodning mahalliy darajadagi siyosiy va ijtimoiy jarayonlardagi ishtirokini kengaytirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi