Farg‘onada “Mintaqalararo muloqot va hamkorlik” forumi bo‘lib o‘tdi
11–13-fevral kunlari Farg‘ona shahrida Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magida hamda Konrad Adenauer jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda inklyuziv jamoatchilik taraqqiyoti uchun fuqarolik jamiyati imkoniyatlarini kengaytirish” loyihasi doirasida “Mintaqalararo muloqot va hamkorlik” forumi tashkil etildi.
Forum asosiy maqsadi – hududlarda fuqarolik jamiyati institutlarini faollashtirish, ularning davlat va biznes bilan teng huquqli hamkor sifatida ishlashini qo‘llab-quvvatlash, mahalliy muammolarga inklyuziv va innovatsion yechimlar ishlab chiqish hamda tajriba almashish uchun platforma yaratishdan iborat bo‘ldi.
Keng qamrovli ishtirok
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlaridan 80 nafardan ortiq NNTlar, OTM va texnikumlar, OAV, mahalliy boshqaruv organlari hamda mahalla raislari ishtirok etdi.
Forum ochilishida Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar o‘z video murojaati orqali forumning hududiy ahamiyatini alohida ta’kidlab, loyiha orqali mintaqaviy darajada fuqarolarning qaror qabul qilish jarayonidagi ishtirokini kengaytirish muhimligini qayd etdi. Konrad Adenauer jamg‘armasining Yevropa Ittifoqidagi loyiha menejeri Igor Brijatiy O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati institutlarining ijtimoiy-iqtisodiy hayotdagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan innovatsion loyihalarning ahamiyatini ta’kidladi. “Yuksalish” harakati ijrochi direktori A. Mamatxanov mahallalarda ijtimoiy faollikni oshirish, aholining o‘z muammolarini mustaqil hal etish salohiyatini mustahkamlashdan iklyuzivlikni ta’minlash haqida fikr bildirdi.
Jamg‘arma ekspertlari Katerina Redko (Litva) va Natalya Kalantarova (Rossiya–Ispaniya), “Yuksalish” harakati hamda Jamg‘armaning O‘zbekistondagi loyiha jamoasi forum ishida faol ishtirok etdi va o‘z ekspertlik taqdimotlarini o‘tkazdi.
Amaliy sessiyalar va natijalar
3 kun davomida NNTlarning mahalliy boshqaruv organlari bilan hamkorligiga bag‘ishlangan muhokamalar o‘tkazilib, ishtirokchilar uchun mahalliy muammolarni aniqlash, loyiha takliflarini ishlab chiqish va grant arizalarini yozish bo‘yicha treninglar tashkil etildi. Forum davomida 3 ta hududdan ishtirok etgan mahalla raislari va NNT vakillari tomonidan mahallalarda amalga oshiriladigan 14 ta ijtimoiy tashabbuslar ishlab chiqilib, loyiha sifatida ilgari surildi. NNTlarning loyiha taqdimotlari hamkor tashkilotlar vakillaridan iborat baholash komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqildi va baholandi.
Komissiya qaroriga ko‘ra quyidagi loyihalar ma’qullandi:
1. Qoraqalpog‘iston Respublikasi:
- Qo‘ng‘irot tumani, “Navoiy” MFY – “Mahallalarda chiqindilarni innovatsion saralash” loyihasi;
- To‘rtko‘l tumani, “To‘rtko‘l” MFY – “Workout maydonchasi qurish” loyihasi.
2. Qashqadaryo viloyati:
- Dehqonobod tumani, “Kaltaminor” MFY – “Tomorqalar uchun qishloq xo‘jaligi texnikalari” loyihasi;
- Nishon tumani, “Navro‘z” MFY – “Xotin-qizlar uchun unarmandchilik markazi tashkil etish” loyihasi.
3. Farg‘ona viloyati:
- Farg‘ona shahri, “Beruniy” MFY – “Bir imkoniyat – bir kasb” loyihasi;
- “Farg‘ona” MFY – “Yoshlar intellektual markazi” loyihasi.
Shuningdek, avvalroq e’lon qilingan FSTP (Financial Support for Third Parties) kichik grantlari tanlovi g‘oliblari e’lon qilinib, 3 ta hududdan 9 ta NNTga 7000 yevrogacha bo‘lgan subgrantlar taqdim etildi. Grant loyihalari, asosan, mahalliy darajada ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etish, xotin-qizlar va yoshlar bandligini ta’minlash, aholining ijtimoiy faolligini kuchaytirish, inklyuziv boshqaruv tamoyillarini joriy etish hamda fuqarolik jamiyati institutlarining hududiy rivojlanish jarayonlaridagi rolini mustahkamlashga qaratilgan.
Mazkur forum fuqarolik jamiyati institutlari va mahallalar o‘rtasida samarali hamkorlikni mustahkamlash, hududlarda inklyuziv rivojlanishni rag‘batlantirish hamda yoshlar va xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.