@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Zamonamiz qahramonlarini izlayapmiz. Bizga sizning ko‘magingiz kerak

 2019-07-15 15:30:00   |     Просмотров: 3049

Xabaringiz bor, “Yuksalish” umummilliy harakatining asosiy vazifalaridan biri O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni keng jamoatchilikka yetkazish, fuqarolar, biznes hamjamiyati va nodavlat notijorat tashkilotlarining sa’y-harakatlarini bir maqsad yo‘lida birlashtirish hisoblanadi.

Ushbu vazifalardan kelib chiqib, “Yuksalish” umummilliy harakati jamiyat hayotining turli sohalarida kuzatilayotgan o‘zgarish va islohotlarga fuqarolarning daxldorligini yanada oshirish hamda ularni yagona g‘oya atrofida birlashtirish maqsadida “Oramizdagi qahramonlar” loyihasini boshlayotganini e’lon qiladi.

Loyihaning maqsadi –– tuman va shaharlarda istiqomat qilayotgan, bugungi islohotlarga befarq bo‘lmagan, o‘zining sa’y-harakatlari bilan jamiyat (mahalla, qishloq, tuman, shahar)ga salmoqli foyda keltirgan, xalq orasida hurmatga sazovor bo‘lgan fuqarolarni izlab topish va ularni keng jamoatchilikka tanishtirish.

Biz izlayotgan qahramonlar — oddiy fuqarolar, yoshlar, turli jamoat tashkilotlari faollari, xorijdagi vatandoshlar, tadbirkorlar va yana boshqalar bo‘lishi mumkin. Ular belgilangan maqsad sari intilish, jamiyat manfaati uchun yaxshiliklar qilish, arzimagandek tuyulgan kichik bir qadam, uncha katta bo‘lmagan sa’y-harakat natijasida mahallalarimiz, shahrimiz, viloyat yoki yurtimiz hayotini haqiqatdan ham ijobiy tomonga o‘zgartirish mumkinligini o‘z misolida ko‘rsatib beruvchi insonlardir. Ular o‘z atrofidagilarni ham ana shunday jasoratlar ko‘rsatishga ilhom bag‘ishlaydiganlardir.

“Yuksalish” umummilliy harakati barchadan, ayniqsa OAVlardan ushbu loyihani qo‘llab-quvvatlashni, rag‘bat uchun emas, balki insoniylik burchi deb bilib, atrofdagilarga o‘rnak bo‘layotgan zamonamiz qahramonlarini izlab topishga ko‘maklashishni so‘raydi. Boshlayotgan loyihamizning muvaffaqiyati barchamizga bog‘liq.

Yuqoridagi ta’rif va xislatlarni o‘zida jamlagan nomzodlar haqidagi ma’lumotlarni (ismi-sharifi, istiqomat qilayotgan manzili, qahramonligi-jamiyatga keltirgan foydasi, nomzod yoki uni tavsiya qilayotgan shaxs telefon raqami) yuksalish@yumh.uz elektron manziliga yoki “Yuksalish” umummilliy harakatining rasmiy Telegram-botiga (@yuksalishuzb_bot) yuborishingizni so‘raymiz.

Taqdim etilgan nomzodlar haqidagi ma’lumotlar Harakat vakillari tomonidan o‘rganib chiqiladi va yaqindan tanishiladi. Yakunda ular tomonidan amalga oshirilgan sa’y-harakatlar keng jamoatchilikka (ularning roziligi bilan) o‘rnak sifatida OAV orqali ko‘rsatiladi.

 

“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati