Raqamli kelajak yanada yaqinroq: Farg‘ona mahallalarida ayollar davlat xizmatlarini o‘zlashtirmoqda
«Yuksalish» harakati tomonidan GIZ bilan hamkorlikda NNT vakillari uchun o‘tkazilgan amaliy trеning muhim tajriba maydoniga aylandi. Unda ishtirokchilar o‘z ijtimoiy loyihalarini to‘g‘ri yoritish, ta’sirli va ishonchli muvaffaqiyat hikoyasini yozish ko‘nikmalarini egallashdi.
Trеning Germaniyaning Deutsche Gesellschaft für Internationale Zusammenarbeit (GIZ) tashkiloti hamkorligida amalga oshirilayotgan Good Governance in Uzbekistan dasturi doirasida tashkil etildi. Dastur mamlakatning chеkka hududlarida yashovchi aholining davlat хizmatlari bo‘yicha хabardorligini oshirish va ulardan foydalanish imkoniyatlarini kеngaytirishga qaratilgan kichik grant loyihalarini qo‘llab-quvvatlaydi.
Trеning natijasi o‘laroq, Farg‘ona viloyatida faoliyat yuritayotgan «Yuksak salohiyat» NNT o‘z ijtimoiy loyihasining muvaffaqiyat hikoyasini tayyorlab, amalga oshirilgan ishlar va ularning jamiyat hayotiga ta’sirini yoritdi.
Raqamli kelajak yanada yaqinroq: Farg‘ona mahallalarida ayollar davlat xizmatlarini o‘zlashtirmoqda
2025-yil yakunida, 22–25-dekabr kunlari Farg‘ona viloyatida muhim tashabbus amalga oshirildi. GIZ ko‘magida “Yuksak salohiyat” jamoat birlashmasining Farg‘ona filiali “Rasta”, “Paxtakor”, “G‘alaba” va “Tinchlik” mahallalarida istiqomat qiluvchi 114 nafar fuqaroni birlashtirgan keng qamrovli uchrashuvlar tashkil etdi.
Trener Nodira Batiraliyeva rahbarligida o‘tkazilgan Bu uchrashuvlar haqiqiy raqamli erkinlik intensivlari bo‘ldi.
Nima o‘zgardi?
Davlat xizmatlari faqat navbat va qog‘ozbozlikdan iborat degan qarashlar buzildi. Asosiy maqsad — mahalla ham zamonaviy bo‘lishi, har bir ayol esa muhim oilaviy masalalarni uyidan chiqmagan holda hal qila olishini ko‘rsatish edi.
Dastur jonli muloqot va amaliy mashg‘ulotlar asosida tashkil etildi.
Avval ishtirokchilar o‘tmishga nazar tashlab, eski navbatlar aks etgan videoroliklarni tomosha qilishdi va bugungi raqamli imkoniyatlar bilan solishtirishdi.
Tejamkorlik bo‘yicha mahorat darslarida davlat bojlari onlayn to‘langanda, masalan xorijga chiqish pasporti rasmiylashtirishda, 10 foizlik chegirmadan qanday foydalanish mumkinligi tushuntirildi.

Ishtirokchilar OneID tizimidan foydalanish, elektron raqamli imzo nima uchun kerakligi va ijtimoiy ro‘yxatlarda (“daftarlar”) turganlar uni qanday qilib bepul olishi mumkinligi haqida ham batafsil ma’lumotga ega bo‘lishdi.
Ma’lumotlar xavfsizligiga alohida e’tibor qaratildi. Mashg‘ulotlarda onlayn makonda shaxsiy ma’lumotlarni himoyalash masalalari atroflicha muhokama qilindi, raqamli xizmatlar ayollar uchun nafaqat qulay, balki xavfsiz bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.
Natijalar raqamlar va his-tuyg‘ularda namoyon bo‘ldi. Endi 114 nafar ayol my.gov.uz portali ularning eng muhim yordamchisi ekanini biladi. Treninglar davomida kimdir ilk bor shaxsiy kabinetiga kirdi, kimdir nafaqa va yordam pullari holatini tekshirishni o‘rgandi, yana kimdir esa qo‘shnilari uchun “raqamli ko‘ngilli” bo‘lishga qaror qildi.