@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari va raqamli savodxonlikni kuchaytirish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda

 2025-11-10 14:26:00   |     Просмотров: 1638

“Yuksalish” harakati Germaniyaning Deutsche Gesellschaft für Internationale Zusammenarbeit (GIZ) tashkiloti bilan hamkorlikda Good Governance in Uzbekistan dasturi doirasida yangi loyihani amalga oshirmoqda. Tashabbusning maqsadi — aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, fuqarolarning xabardorligi va raqamli savodxonligini oshirishdan iborat.

Loyihaning dastlabki bosqichi Farg‘ona va Samarqand viloyatlarini qamrab oladi. Unda aholi va mahalliy davlat idoralari o‘rtasida samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish hamda faoliyatni fuqarolar ehtiyojlaridan kelib chiqib muvofiqlashtirish ko‘zda tutilgan.

Dastur doirasida Samarqand viloyatining “Rahmdillik” va Farg'ona viloyatining “Yuksak salohiyat” NNTlari aholining davlat xizmatlaridan foyadalanish imkoniyatlarini oshirishga yo'naltirilgan loyihalari uchun kichik grantlarga ega bo'ldi. 

“Rahmdillik” NNT GIZ va Nurobod tuman hokimligi ko‘magida Samarqand viloyatining Girdiqo‘rg‘on va Omondara mahallalarida “Maslahat kabinetlari”ni tashkil etdi. Bu yerda aholi bepul yuridik maslahat olishi, raqamli davlat xizmatlaridan foydalanishda amaliy yordam va huquqiy ko‘makka ega bo‘lishi mumkin.

“Yuksak salohiyat” NNT esa Farg‘ona viloyatida aholining raqamli savodxonligini oshirish va onlayn platformalar orqali davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha loyihani amalga oshirmoqda. Tashkilot ayollar va yoshlar uchun treninglar, mahalliy davlat idoralari bilan uchrashuvlar hamda mahallalarda axborot sessiyalari tashkil etib, elektron xizmatlardan foydalanishning afzalliklari va raqamli xavfsizlik haqida tushuntirish ishlarini olib bormoqda.

Mazkur loyihalar ochiq, inklyuziv va fuqarolarga yo‘naltirilgan jamiyatni shakllantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ladi.