@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Ovqatlanish shoхobchalaridagi oziq-ovqat chiqindilari: yangi qarorda belgilangan chora-tadbirlar yuzasidan jamoatchilik ekspertizasi

 2025-07-31 10:13:39   |     Просмотров: 2290

2025-yil iyun oyida “Yuksalish” harakati ekspеrtlari tomonidan O‘zbеkiston Rеspublikasi Vazirlar Mahkamasining “Umumiy ovqatlanish shoхobchalarida hosil bo‘ladigan oziq-ovqat chiqindilaridan samarali foydalanish tizimini yo‘lga qo‘yish va atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish hamda oziq-ovqat yo‘qotishlarining oldini olish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi bo‘yicha jamoatchilik ekspеrtizasi o‘tkazildi.
 

Ekspertlar:
A.Mamatxanov
- huquqshunos;
U.Rajabov – iqtisodchi;
D.Lyutfiddinov – sotsiolog;
G.Karimova – sotsiolog.

Soha vakillari: 
N.Pikul –
ichimlik suvi va oqova suv ta'minoti boʻyicha ekspert;
N.Ulugova - umumiy ovqatlanish sohasida tadbirkor


So‘nggi yillarda O‘zbekistonda tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va biznes muhitini tubdan yaxshilash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu o‘zgarishlar mamlakatning iqtisodiy rivojlanishiga yangi sur’at bag‘ishlab, tadbirkorlar uchun tengsiz imkoniyatlar yaratmoqda. Shu o‘rinda tadbirkorlar faoliyatining huquqiy asoslarini mustahkamlash islohotlarning asosiy yo‘nalishlaridan biri ekanligini ta’kidlash joiz.

Birgina 2024-yilning o‘zida tadbirkorlar faoliyati uchun g‘oyat muhim ahamiyatga ega bo‘lgan 5 ta qonun, shuningdek, Davlat rahbarining 101 ta farmoni va qarorlari qabul qilindi. Bu normativ-huquqiy hujjatlar sohadagi mavjud muammolarni hal etish, yangi imkoniyatlar yaratish va byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan bo‘lib, tadbirkorlik faoliyatining huquqiy kafolatlarini sezilarli darajada oshirdi.

Shu bilan birga so‘nggi yillar davomida tadbirkorlik subyektlari faoliyatini rejadan tashqari tekshirishlar bekor qilinib, tekshiruvlar o‘tkazishga moratoriylar belgilash amaliyoti joriy etildi. Bu choralar biznesga nisbatan bosimni sezilarli darajada kamaytirib, ularning erkin faoliyat yuritishi uchun sharoit yaratdi. Tadbirkorlik sohasida 150 ga yaqin litsenziya va ruxsat berish tartib-taomillari bekor qilinib, turli sohalarda faoliyatini boshlayotgan tadbirkorlarga ulkan yengilliklar taqdim etildi.

Yuqoridagi loyiha mamlakatdagi “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish, sanitariya-gigiyena holatini yaхshilash va oziq-ovqat хavfsizligini ta’minlashga qaratilgan kеng ko‘lamli islohotlarni boshlashni nazarda tutadi. Unda chiqindilarni qayta ishlash, suvni tozalash, aholini to‘g‘ri ovqatlanish madaniyatiga yo‘naltirish kabi choralar bеlgilangan. Ammo qarorning amalda qanday natija bеrishi uning tехnik, iqtisodiy va ijtimoiy jihatlarini tashkil etishga bog‘liq.

I. Loyihada qator ilgʻor va ekologik jihatdan maqsadli choralar nazarda tutilgan boʻlsa-da, amalga oshirish mexanizmlari oʻta reglamentlashgan, hujjatbozlikka toʻla va ortiqcha hisobot talablari bilan tadbirkorlik subyektlariga toʻsiq yaratadi. Unga ko'ra, 2025-yil 1-oktabrdan boshlab, umumiy ovqatlanish shoxobchalari markaziy kanalizatsiya tarmoqlariga ulanishi uchun ovqatlanish shoxobchalarida yogʻ-moy tutgichlar o'rnatilgan bo'lishi, hamda bu bo'yicha "O'zsuvta'minot" AJning ijobiy xulosasini olishi talab etilmoqda.

Vaholanki, Prezident Farmoniga asosan, 2028-yil 1-yanvarga qadar kichik va o‘rta biznes subyektlari zimmasiga yangi majburiyatlar yuklatilishini nazarda tutadigan normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishga moratoriy e’lon qilingan.

- Yog‘-moy chiqindilarini qayta ishlash yoki utilizatsiya qilish ishi umumiy ovqatlanish korхonalari yoki maхsus shartnoma asosida jalb qilingan tashkilotlar orqali amalga oshiriladi. Bu jarayonda har bir chiqindi uchun akt, hisobot va shartnoma nusхalari tayyorlab, har oyda bir nеcha tashkilotlarga hujjat topshirish talab etiladi – bu esa katta byurokratik yuk.

- Uskunalarga tехnik talablarni tijorat tashkiloti bo‘lgan “O‘zsuvta’minot” AJ bеlgilaydi. Agar talablar o‘zgartirilsa, yoki tushunarsiz bo‘lsa, tadbirkorlar har safar tasdiq olish uchun tashkilotga borishga majbur bo‘ladi. Bu rеglamеntlarning noaniqligi va byurokratiyaning kuchayishiga sabab bo‘lishi mumkin.

II. Yuqoridagi sabablar tufayli qaror ijrosini butun respublika boʻylab bir vaqtning oʻzida birdek ta'minlashda qiyinchilik yuzaga keladi. Chunki hududlarda, tuman va shaharlarda sharoit bir xil emas.

Xususan,

2026-yil 1-martga qadar barcha umumiy ovqatlanish shoxobchalarida (restoranlar, kafelar, kafeteriylar, oshxonalar, choyxonalar, barlar, tez ovqatlanish punktlari, keytering xizmati va boshqalar) hamda maktabgacha ta'lim tashkilotlari, umumiy oʻrta va oʻrta maxsus ta'lim, oliy ta'lim muassasalari, shifoxonalar, sanatoriylar, mehmonxonalar va boshqa obyektlarga tegishli umumiy oshxonalarida yogʻ-moy tutgich uskunalari oʻrnatilishi shart, degan norma ham davlat byudjeti, ham xususiy sektor uchun qoʻshimcha harakat va xarajatlarni talab etadi. Bu kabi qat'iy qoidalarning joriy etilishi uchun tadbirkorlar va jamoatchilikka ma’lum vaqt berish talab etiladi (Kanada tajribasi). Aks holda bu norma oldindan tayyorgarlikka ega bo‘lgan bunday uskunalarni mamlakat bozoriga olib kiruvchi shaxslar manfaati uchun xizmat qilishi mumkin. 

III. Hujjat loyihasida belgilangan tartib-qoidalarga rioya etmaganlik uchun qoʻshimcha cheklovlar va jazo choralari qoʻllanilishi koʻzda tutilgan. Bu esa jamoatchilik tomonidan yaxshi qarshi olinmasligi mumkin.

Xususan,

2026-yil 1-yanvardan boshlab kommunal-ekologik normativlari tasdiqlanmagan umumiy ovqatlanish shoxobchalariga oqova suv xizmatlari uchun 2,0 baravar oshiruvchi koeffitsientlar qoʻllanishi haqidagi norma oxirgi paytda energiya resuslari (jumladan, gaz va elektr)ning tariflarini oshirish fonida maqbul chora emas;

umumiy ovqatlanish korxonalarida va boshqa obyektlarga tegishli umumiy oshxonalarda yogʻ-moy tutgich uskunalarini oʻrnatmagan iste'molchilarga markazlashgan oqova suv tizimidan foydalanish taqiqlanishi haqidagi norma tegishli uskuna boʻlmasa, tadbirkorlik faoliyatini batamom toʻxtatishga olib keladi.

IV. Qaror loyihasida korrupsion xavflarni keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan normalar mavjud. Loyihada “Oʻzsuvta'minot” AJ (“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunga koʻra tijorat tashkiloti hisoblanadi) va Suv ta'minoti tashkiloti reglament hujjatlarini berishi va nazorat funksiyalarini bajarishi belgilangan. Tijorat tashkilotlariga nazorat funksiyasini yuklatish, yo‘l-yo‘riqlarni tayinlash va ijobiy хulosa bеrish jarayonlarida subyеktivlik va manfaat to‘qnashuviga sabab bo‘lishi mumkin. “Oʻzsuvta'minot” AJ tijorat tashkiloti boʻlgani uchun unga davlatning nazorat funksiyalarini yuklash toʻgʻri emas. 

V. Qaror loyihasidagi me'yorlarni takomillashtirish va ularning ijrosi bilan bogʻliq xavf-xatarlarning oldini olish maqsadida ilgʻor xorijiy davlatlarning ushbu sohadagi tajribasi oʻrganildi. Tahlil shuni koʻrsatadiki, rivojlangan mamlakatlarda yogʻ-moy tutqichlarni oʻrnatish majburiyati qat'iy belgilangan boʻlsa-da, uning ijrosi tadbirkorlik muhitiga salbiy ta'sir etmaydigan, adolatli va shaffof mexanizmlar orqali ta'minlanadi.

Xususan,

Kanadaning Britaniya Kolumbiyasi shtatida yogʻ-moy tutqichlarni oʻrnatishga oid yangi qonun (Sewer and Watercourse By-law No. 8093) bosqichma-bosqich joriy etilgan. Dastlab bir yil davomida keng koʻlamli axborot kampaniyasi olib borilgan, soʻngra talab faqat yangi ochilayotgan korxonalarga qoʻllangan. Avvaldan ishlayotgan korxonalarga esa moslashish uchun 2-3 yillik imtiyozli davr (grace period) berilgan. Bunday yondashuv bozorda uskunalar taqchilligi va narxlarning sun'iy oshishiga yoʻl qoʻymasdan, tadbirkorlarga moliyaviy va texnik jihatdan moslashish uchun vaqt berish orqali ijtimoiy keskinlikning oldini olish mumkinligini koʻrsatadi.

Avstraliyaning “Sydney Water” kompaniyasi tajribasiga koʻra, talablar tabaqalashtirilgan holda qoʻllaniladi. Kichik oziq-ovqat shoxobchalaridan faqat “rakovina” ostiga oʻrnatiladigan arzon uskuna talab qilinsa, yirik restoranlardan bino tashqarisidagi katta hajmli sanoat yogʻ tutqichlari talab etiladi. Bunday tabaqalashtirilgan yondashuv ijtimoiy adolatni ta'minlashga xizmat qiladi.

Irlandiya va Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida texnik talablar nazoratchi organlar tomonidan subyektiv belgilanmaydi. Barcha yogʻ-moy tutqichlar majburiy tartibda EN 1825 xalqaro standartiga mos kelishi shart. Bunday aniq standartning mavjudligi ma'lum tashkilot tomonidan xulosa berish jarayonidagi korrupsion xavflarni bartaraf etadi, nazoratchining vazifasi faqat uskunaning standartga mosligini tekshirishdan iborat boʻladi.

AQShning Nyu-York shahrida ortiqcha hujjatbozlik va byurokratiyaning oldini olish maqsadida nazorat toʻliq raqamlashtirilgan. Maxsus “Manifest” tizimi orqali yogʻ-moy chiqindilarining harakati yagona elektron bazada kuzatib boriladi. Bu tadbirkordan talab etiladigan ortiqcha qogʻozbozlikka chek qoʻyadi va nazorat jarayonini shaffof qiladi.

Germaniya tajribasi jazolash choralariga muqobil sifatida iqtisodiy ragʻbatlantirish mexanizmlarini qoʻllaydi. KfW Davlat taraqqiyot banki orqali “yashil” uskunalar uchun imtiyozli kreditlar va grantlar ajratiladi. Bundan tashqari, ishlatilgan yogʻlar chiqindi sifatida emas, balki qimmatbaho xomashyo sifatida sotib olinadi va bioyoqilgʻi ishlab chiqarishga yoʻnaltiriladi. Bu tizim tadbirkor uchun majburiyatni qoʻshimcha daromad manbaiga aylantirib, qoidalarga rioya qilish uchun kuchli iqtisodiy ragʻbat yaratadi.

VI. Qaror loyihasida toʻy va marosimlarni 100 kishigacha oʻtkazish, ortiqcha ovqat xarid qilmaslik, chiqindilarni qayta ishlovchilarga topshirish, suv sarfini nazorat qiluvchi uskunalarni oʻrnatish kabi cheklovlar belgilangan. Ushbu talablarni buzganlar maʼmuriy javobgarlikka tortiladi. Bunday choralar isrofgarchilik, ijtimoiy tengsizlik va sunʼiy raqobatning oldini olishga qaratilgan.

“Yuksalish” harakati oʻtkazgan soʻrovda aholining yarmi jamiyat bosimi ostida dabdabali toʻy qilishga majbur boʻlayotganini tan olgan. Soʻrov natijalariga koʻra, koʻpchilik dabdabali toʻylarni samarasiz, stressli va qarzga sabab sifatida baholagan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, quyidagilar tavsiya etiladi:

  • umumiy ovqatlanish korxonalariga yogʻ-moy tutgich va chang-gaz tozalash uskunalarini oʻrnatish uchun tajriba sifatida muayyan hududni tanlab, pilot loyiha shaklida joriy etish va natijalar asosida milliy miqyosda qoʻllanilishini belgilash;
  • dastavval yirik korxonalarga oʻrnatish va imtiyozli moslashuv davrini belgilash;
  • texnik talablarni mikro va kichik biznes subyektlariga moslashtirilgan shaklda bosqichma-bosqich joriy etish;
  • umumiy ovqatlanishning turli formatlari uchun (masalan, oshxona, kabobxona, kafe, restoran) oʻrnatiladigan me'yorlar ijtimoiy adolat va mutanosib ravishda ishlab chiqish;
  • korrupsiyaviy xavf keltirib chiqaruvchi normalarni qayta koʻrib chiqish;
  • aholini xabardor qilish va oʻqitish boʻyicha maxsus mediakampaniyalar oʻtkazish;
  • yogʻ-moy chiqindilarini qayta ishlash sohasida xususiy sektorni jalb etish uchun grantlar yoki subsidiyalar mexanizmlarini joriy etish;
  • toʻplangan yogʻ-moy chiqindisini xom ashyo sifatida qayta ishlash korxonalarini ishga tushurish va umumiy ovqatlanish korxonalaridan yigʻish-harid qilish mexanizmlarini joriy etish;
  • har bir hudud uchun texnik sharoitlar va bozor holatini hisobga olgan holda moslashtirilgan reglament va yoʻriqnomalar ishlab chiqish;
  • qoidalarni joriy etish jarayonida fuqarolik jamiyati isntitutlari, jumladan, nodavlat notijorat tashkilotlari, mahalla va tadbirkorlar uyushmalarini keng jalb qilish;
  • umumiy ovqatlanish shoxobchasini roʻyxatdan oʻtkazishda yogʻ tutgichlar va ventilyasiya tizimining mavjudligini, shuningdek, ularning soz ishlashini “Oʻzsuvta'minot” AJ emas, balki Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining tizim tashkilotlari tomonidan tekshirilishini belgilash;
  • nazorat tizimini toʻliq raqamlashtirish va inson omilini cheklash;
  • toʻy-ma’rakalarni oʻtkazishga oid cheklovlarni qoʻllashda javobgarlik tizimiga bosqichma-bosqich oʻtish, avval oʻrgatish va tushuntirish, soʻng nazoratni kuchaytirish.

Qaror loyihasi global ekologik va oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha zamonaviy talablarga javob beradi. Biroq uning samarali va keng qamrovli joriy etilishi uchun bosqichma-bosqichlilik, davlat organlari, tadbirkorlik subyektlari va fuqarolik jamiyatining oʻzaro hamkorligini kuchaytirish, moliyaviy yordam mexanizmlarini joriy etish, resurslar yetarliligini ta’minlash, jazoga emas, profilaktik yondashuvga asoslanish zarur.