MULTFILM KIMNIKI BO‘LSA, BOLA HAM O‘SHANIKI!
Kichkintoyingiz qahramonini taniysizmi?
Bolaning o‘ziga xos dunyosi bor. U kattalar singari haqiqatni tahlil qilolmaydi, yolg‘on va rostni farqlay olmaydi. Ko‘rgan narsasiga ishonadi. Shuning uchun ham bolalar uchun yaratilgan kontent — u xoh multfilm bo‘lsin, ertak yoki o‘yin, nima bo‘lishidan qat’iy nazar, yosh avlodning ongini shakllantiradigan eng katta kuch, birlamchi manba hisoblanadi. Boshqa tarafdan, ushbu paytda bola atrof-muhitni o‘rganadi, ongi shakllanib, dunyoga nisbatan dastlabki tushunchalari paydo bo‘ladi. Ilmiy tadqiqotlarga ko‘ra, bola besh yoshiga qadar qabul qiladigan axborot keyingi hayotidagi bilim va tajribalarning 80 foizini tashkil qilar ekan. Demak, dilbandlarimizning kichikligida qanday muhitda o‘sishi, qaysi manbalardan bilim olishi yoki qay turdagi axborotga murojaat qilishi kelgusi taqdirini belgilashda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi.
Xo‘sh, bu jarayonda multfilmlarning o‘rni qanday? Millatimiz bolalari bugungi multiplikasion kontent orqali aynan qaysi qadriyatlarni o‘zlashtirmoqda? Ayni paytda ular sevib tomosha qiladigan multfilmlar nimalar haqida?
O‘ylaymiz, fikrlaymiz...
Esingizda bo‘lsa, bundan 5-10 yil ilgari, ko‘z o‘ngida odam pichoqlab ketilsa ham hissiz holda bee’tibor bo‘lgan o‘smirlar, o‘spirinlar tarbiyasiga kompyuter o‘yinlari salbiy ta’sir o‘tkazmoqda, degan fikr OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali ko‘p bora ta’kidlangan, jamoatchilik buning real xavfi haqida jamiyatga muttasil ravishda bong urgandi. Haqiqatan ham, o‘sha paytlari o‘yin marketpleyslarida zo‘ravonlik, kuchishlatar tizim yordamida g‘alaba qozonishga undovchi kontent bemaza qovun urug‘i singari ko‘payib ketgan. Oradan vaqtlar o‘tib, bu tashvishli holat sababchilari “yoshardi”, aspekt ham o‘zgardi.
Umuman olganda, bolalar uchun mo‘ljallangan har bir animatsion film yoki serial muayyan g‘oyani singdiradi. Ularni shartli ravishda uch toifaga ajratish mumkin:
1. Ma’rifiy va tarbiyaviy multfilmlar — bolada mehribonlik, do‘stlik va adolat tuyg‘ularini shakllantiradi. Ko‘pincha milliy va klassik multfilmlar ushbu toifaga kiradi. Masalan, “Maugli”, “Doktor Aybolit”, “Super kitob” kabi multfilmlar.
2. Betaraf, ko‘ngilochar multfilmlar — umumiy mazmunida salbiy g‘oyalar bo‘lmasa-da, tarbiyaviy jihatdan g‘oyatda zaif. Bolaning tasavvur olamini boyitishga yordam beradi, biroq unga aniq ijtimoiy tushunchalarni bermaydi. Masalan, “Tom va Jerri”.
3. Zo‘ravonlik va befarqlikni targ‘ib qiluvchi multfilmlar — bola ongida beparvolik va dunyoga yengil munosabat uyg‘otadi. Katta yoshdagi auditoriya uchun mo‘ljallangan bo‘lsa-da, bolalar tomonidan ham ko‘p ko‘riladi. Masalan, “Griffinlar”, “Rik va Morti”.
Agar o‘tmishda multfilmlarda an’anaviy oila qadriyatlari, vatanparvarlik va fidoyilik targ‘ib qilingan bo‘lsa, bugungi multfilmlarda ko‘pincha muhabbat sinovlari, yolg‘on, zo‘ravonlik yoki qahramonlikning "noan’anaviy" shakllari ustuvor bo‘lib qolmoqda.
Bugungi kunda nafaqat teleekranlar orqali, balki ijtimoiy tarmoqlar, videoxosting platformalarida milliardlab ko‘rishlar yig‘ayotgan multfilmlar, media kontent mahsulotlari jahonning turli burchaklarida ishlab chiqarilayotgani, turli mafkura va madaniy ko‘rinishlarni o‘zida mujassamlashtirayotgani hech kimga sir emas. Xususan, “Disney”, “Pixar”, “DreamWorks”, “Nickelodeon” kabi multsanoat gigantlari kurrayi zaminda yashayotgan yosh avlod ongini shakllantirayotgan, o‘z mahsulotlari yordamida qiziqarli hikoya, shuningdek, muayyan g‘oyalarni tarqatmoqda.
Bu esa o‘z navbatida, multfilmlar tarbiyaning eng kuchli quroliga aylanishiga, jahonda esa multimafkuraviy urush jarayoni ancha oldin boshlanishiga olib keldi. Ular orqali turfa g‘oyalar singdirish, muayyan qarashlarni shakllantirish va hatto ayrim mafkuraviy oqimlarga moyil qilish mexanizmi ishga tushdi. Shularni tahlil qilish asnosida ayrim mashhur multfilmlar qanday g‘oyalarni yoshlar ongiga singdirayotgani, qay biri hayotga to‘g‘ri qarashni, qay biri esa xomxayollik va zo‘ravonlikni "normallashtirayotgani"ni ko‘rib chiqdik.
Ko‘zga yoqimli, ongga xatarli
Tan olish lozimki, bugungi multfilmlar yosh avlodning katta qismini telefon yoki televizor pultiga uzoq vaqt hukmronlik qilishiga, ko‘zlarini ekranga “mixlab”, ongini rang-barang animatsiya olamiga “bog‘lab” qo‘yishga qodir. Aksiga olib, yosh ota-onalar, ba’zida katta yoshlilar ham bunday manzaraga ko‘zi “qotib” ketgan, “o‘zi bilan o‘zi chalg‘ib o‘tiradi, tinchiydi, ovunadi” degan noto‘g‘ri fikrda multfilmlarni tarbiyaviy vosita emas, balki ovunch sifatida qabul qilmoqda. Shundan bo‘lsa kerak, hozirgi yosh avlod multiplikatsion kontent bilan shu qadar “do‘stlashib” ketganki, bu holat XXI asr bolaligining ajralmas qismiga aylandi, ta’bir joiz bo‘lsa. Lekin mazkur holat birmuncha xavotirli.
Statistikaga nazar solinsa, bugungi bolalar videoxosting tarmoqlarida turli xil multfilm va ko‘ngilochar kontentlarni tomosha qilish uchun o‘rtacha 2-3 soat vaqt o‘tkazadi. Bu esa ayni paytda animatsiya sanoati internet va striming platformalari ta’sirida doimiy o‘zgarib borishini, bugun ustuvor ko‘rilgan g‘oya va qarashlar ertaga sarqitga aylanishi, yomon mafkuralar o‘rnini bundan besh battari egallashiga yo‘l ochadi. Ekspertlar fikricha, yosh bolalar ongida vujudga kelayotgan behayolik, muhokamasiz injiqlik va emosional notenglik — bularning barchasi tasodifiy emas.
— Zamonaviy multfilmlar ko‘p hollarda bolaning irodasi, axloqiy pozitsiyasi va, hatto, milliy identifikatsiyasiga tajovuz qilmoqda, — deydi psixolog-konsultant Elyor Olimov. — Agar ilgari multfilmlarda ota-onaga hurmat, yaxshi-xo‘shnilik, fidoiylik asosiy g‘oya bo‘lgan bo‘lsa, hozircha shaxsiy erkinlik, individualizm, “mening haqqim” kabi g‘oyalar bosh maqsadga aylandi. Masalan, “Cocomelon” tarmog‘ida o‘z vaqtida bir jinslilik targ‘ib qilindi. Ikki erkak “farzandi”ga o‘g‘il yoki qiz bo‘lishini o‘zi tanlashi mumkinligini uqdirishdi. Jirkanch manzara. Xo‘sh, bugun farzandi qo‘liga bamaylixotir telefon tutqazib qo‘ygan ota-onalardan farzandining biri bu kabi videolarni ko‘rmaganiga kim kafolat beradi? To‘g‘ri, bola chet el so‘zlarini tushunmaydi. Ammo tasvir-chi?
— Ilgari multfilmlarda oilaviy qadriyatlar birinchi o‘rinda edi, hozir esa individualizm va shaxsiy erkinlikka urg‘u berilmoqda, — deydi jamoatchilik faoli Sanjarbek Abdulxayev. — Klassik qahramonlar – otalar, onalar, oila birligini himoya qiluvchi personajlar kamayib bormoqda. Masalan, "Frozen" multfilmida malika Elza na shahzodaga muhtoj, na ota-ona tarbiyasiga. Tarixiy an’analardan voz kechish jarayoni ketmoqda. Ilgari disney malikalari qat’iy oilaviy munosabatlarda namoyon bo‘lsa, hozirgi obrazlarda bu konsepsiya yo‘qolib boryapti.
Ota-onalar dardi: taklif ko‘p holda tushunarsiz yoki zerikarli
Yaxshi bilasiz, hozirgi kunda mamlakatimizda bolalar kontenti va media mahsulotlarini berib boradigan asosiy tarmoq “Bolajon” va “Aqlvoy” telekanallari hisoblanadi. Bularning har ikkisi ham davlat tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan va ayni paytda yurtimiz bolalari uchun multfilmlar, o‘yinlar, turli ta’limiy va axloqiy ko‘rsatuvlar tayyorlamoqda. Lekin bir ammosi bor. “Bolajon” telekanalida nisbatan filtrlangan chet el multfilmlari hamda milliy animatsiyalar namoyish etilsa-da, aksariyati eski takror. Naqshlardan harakatlanadigan, butun e’tiboringizni torta olmay, nima bo‘ldiyu, nima ko‘rdim, deb ikkilantiruvchi 80-90-yil animatsiyalari hali ham uchrab turibdi. “Aqlvoy” esa ma’lum ma’noda bolalarga axloqiy-estetik tarbiya berishda faol harakat qilmoqda, lekin hali ham to‘liq milliy brendga aylana olgani yo‘q. Buni ko‘plab ota-onalar biz bilan suhbatda bot-bot ta’kidlashdi.
Gʻoyaviy mazmuni alohida tahlilga muhtoj
— Avvallari qo‘g‘irchoq animatsiyalarimiz, xalq ertaklariga asoslangan filmlarimiz bor edi. Ularning o‘ziga xos estetikasi, badiiy yondashuvi, tarbiyaviy mazmuni ancha yaxshi bo‘lgan, — deydi media va axborot savodxonligi bo‘yicha xalqaro ekspert, filologiya fanlari doktori Beruniy Alimov. — Ammo bugungi bolalar bu multfilmlarni eslamaydi. Chunki so‘nggi yillarda ko‘zga ko‘rinadigan darajada yangi, jozibali, bolani o‘ziga torta oladigan multfilmlar deyarli yaratilmadi. Milliy animatsiyamiz o‘z vaqtida yetarlicha raqobatbardosh mahsulotlar bilan ichki ehtiyojni qondira olmadi. Mana shu chet el multfilmlarining o‘zbek bolalari orasida mashhurligi ortib borayotganining asosiy sabablari hisoblanadi.
Ekspert fikriga ko‘ra, so‘nggi yillarda bu borada ijobiy siljishlar kuzatilayotgan bo‘lsa-da, mutaxassislar tomonidan yuqori baholanishi mumkin bo‘lgan multfilmlarimiz son jihatdan ham, sifati jihatdan ham juda kam. Shu bois yosh tomoshabinlar asosan internetdagi, jumladan, “YouTube”dagi va boshqa videoplatformalardagi chet el mahsulotlariga ko‘p bor murojaat qilyapti. Shuningdek, bolalar auditoriyasiga mo‘ljallangan multfilmlarning g‘oyaviy mazmuni alohida tahlilga muhtoj. Ularda ko‘pincha insonparvarlik, do‘stlik, yordam, adolat kabi ijobiy qadriyatlar targ‘ib qilinishi kerak. Afsuski, ba’zi xorijiy mahsulotlarda bunday emas. Ayrim multfilmlar bolalarni befarqlikka, zo‘ravonlikka, o‘zaro hurmatsizlikka undaydigan ruhiy muhit yaratadi. Hatto shunday holatlar borki, bolalar kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan, g‘azabga, asabiylikka sabab bo‘ladigan mavzular ham ilgari suriladi.
Haqiqatan, zamon o‘zgarishi bilan animatsiya sanoati ham yangi maqsad va vazifalarni oldinga qo‘ya boshladi. Agar ilgarigi avlodlar uchun multfilm – ermak va bo‘sh vaqtni mazmunli o‘tkazish vositasi bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda u bolaning ongi, dunyoqarashi va axloqiy qiyofasini shakllantiruvchi eng ta’sirchan vositaga aylandi, buni ko‘p va xo‘b aytdik. Lekin savol tug‘iladi: bu borada milliy multfilmlarimiz ishlab chiqarilishi qay darajada? Nima uchun o‘zbek bolalari chet el kontentlaridan ko‘ra milliy multfilmlarni afzal bilmayapti? Yaqin yillarda tizimda kutilgan natijalarga erishishga umid bormi? Shu savollarga javob olish uchun O‘zbekiston animatsiya studiyalarm assosiatsiyasi raisi Abdulatif Haydarov bilan suhbatlashdik.
2022-yilda 3-4 ta, 2023 yilda 0 ta, 2024 yilda 17 ta loyihaga buyurtma berilgan
— Haqiqatdan ham, avvallari animasion filmlar ishlab chiqarish faqat Kinomotografiya agentligi doirasida amalga oshirilardi, — deydi Abdulatif Haydarov. — Hozir esa turli tashkilotlar ham bu sohaga jiddiy e’tibor qaratmoqda. Chunki animasion film bolalar uchun eng kuchli targ‘ibot vositasi. Bolalarning ongiga nima singdirilsa, u uzoq saqlanadi. Shu bois, ko‘plab idoralar bu vositaning ahamiyatini anglab yetdi va animatsiyaga sarmoya yo‘naltira boshladi. Raqamlar orqali so‘zimizga tasdiq keltirsak, afsuski, 2022-yilda atigi 3-4 ta animasion film yaratilgan bo‘lsa, 2023- yilda umuman birorta ham loyiha ishga tushmagan. Ammo 2024-yilda vaziyat keskin o‘zgardi — yil yakuniga kelib, 17 ta animasion loyihaga buyurtma berildi. Aytish mumkinki, mazkur ko‘rsatkich shu vaqtgacha bo‘lmagan.
Qayd etilishicha, buyuk ajdodlarimizning bolalik davrini bolalar ongiga tushunarli uslubda yetkazishni maqsad qilgan “Buyuk bobolarim bolaligi” turkumi doirasida Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Yusuf Xos Hojib, Kamoliddin Behzod, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Ulug‘bek tanlab olinib, ularning har biri bolalar uchun zamonaviy grafika, bolalar psixologiyasiga moslashtirilgan ssenariylar asosida hikoyaga aylanmoqda. Bundan tashqari, “Shiroq afsonasi”, “Spitamen”, “Chumchuqvoyning sarguzashtlari”, “Qo‘zichoq va Toychoq”, “Aqlli qizaloq” kabi original obrazlar yaratilyapti. Ta’limiy va ma’naviy jihatdan mazmunli bo‘lgan “Qimmat ertakning zamonaviy davomi” singari ertaklar ham yangicha talqinda taqdim etiladi.
— Quvonarlisi, bu kabi xayrli ishlar faqat bir tashkilot doirasida cheklanib qolmayapti. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan “Uy” va “Robot”, "Tanlov" singari filmlar ishlab chiqarildi. Yoshlar ishlari agentligi esa “Beruniyning sarguzashtlari”, “Bek va Lola”, “Yashil makon” kabi yangi loyihalar ustida ish olib bormoqda. 2025 yil uchun ham rejalar bor. Tanlov allaqachon o‘tkazilgan, 40 ga yaqin loyiha taqdim etilgan va ulardan bir nechtasi keyingi bosqichga o‘tgan. Demak, tizim barqarorlashmoqda, — deydi assosiatsiya rahbari.
To‘siqlar ortda qolyapti, natijalar quvonarli
Shuningdek, Yoshlar ishlari agentligi direktori, senator Alisher Sa’dullayev o‘zining telegram kanalida “Bek va Lola” animatsiyasi xalqimiz tomonidan iliq kutib olinganiga alohida urg‘u beradi:
“Milliy qadriyatlarimiz ustiga qurilgan, bolalarimizga ta’lim, odob qoidalarini o‘rgatishga va vatanparvarlik g‘oyalarini ilgari suruvchi multfilmimiz ilk ta’limiy animatsiya sifatida ko‘pchilik bolajonlar, ularning ota-onalari mehrini qozondi. 8 oylik mehnat, juda ko‘plab ijodkor va kreativ yoshlarning harakatlari hamda mashaqqatli mehnatlari natijasida oldimizga qo‘yilgan maqsadga erishyapmiz. Uning ilk sonlari ikki oy ichida 1,5 mln marta ko‘rilgan bo‘lsa, ayni paytda 20 millontagacha yetmoqda”.
Biz soha vakillari bilan mavzu yuzasidan muloqot qilar ekanmiz, o‘z navbatida, milliy animatsiya sanoatini rivojlantirishda yana qaysi omillarga ustuvor ahamiyat qaratish kerakligi bo‘yicha ham fikr almashdik.
— Milliy multfilm yo‘nalishi hozirda rivojlanishning yangi bosqichiga chiqqan, — deydi animator Shohsanam Quryozova. — Yangi avlod rejissyorlari, animator va rassomlari orqali ilk bor o‘zbek multfilmlarida zoriginal g‘oyalar va milliy qadriyatlar uyg‘unlashgan holda ishlanmoqda. Bu — juda muhim yutuq. Bugungi kunda mamlakatimizda bir qator davlat va xususiy animasion studiyalar faoliyat yurityapti. Masalan, “United soft”, “Astir animation”, “Global animation group”, “Lola animation”, “DIP animation” kabi studiyalar turli yosh toifasi uchun mo‘ljallangan mahsulotlar yaratayotganini quvonch bilan aytish mumkin. Hozirda “Youtube” orqali omma e’tiboriga havola qilinayotgan “United soft” kompaniyasining “Bek va Lola”, “Dono momomo”, “Global animation group” studiyasining “Yashil makon”, “Lola animation” studiyasining “Lulu va Nana” kabi multiseriyalari ana shunday sa’y-harakatlar samarasi. Albatta, bu dastlabki qadamlar. Lekin shunga qaramay, bugungi bozor talabi va raqobatiga yetarlicha javob bera oladigan, xalqaro maydonga chiqadigan yuqori darajadagi kontentlar hali yetarli emas.
— Har yili Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomchilik va dizayn institutini taxminan 600 nafar talabalar bitiradi, — deya so‘zini davom ettirdi biz bilan suhbatda. — Afsuski, ularning katta qismi ko‘p o‘tmay sohani tark etadi. Nega? Chunki animatsiya sohasida taklif, shart-sharoit, buyurtma va e’tibor endi shakllanyapti. Bir paytlar o‘zbek multiplikatsiyasi taqdiri barmoq bilan sanarli soha fidoyilarini qiziqtirgan, harakat qilgan, bir multfilmni yaratish uchun butun jamoa tirishgan. Natijada ijodkorlar orasida “yashash uchun emas, yashab ketish uchun ishlash” kayfiyati ustun edi. Bu esa bevosita milliy animatsiya taraqqiyotiga to‘siq. Shu sababli, men yuqorida tilga olingan studiyalar tajribasini kengaytirish, milliy g‘oyalarga yo‘g‘rilgan kontentlarni qo‘llab-quvvatlash, yosh ijodkorlarimizni animatsiya orqali vatanga xizmat qilishga ilhomlantirish mexanizmlarini ishlab chiqish zarur, deb hisoblagan bo‘lardim.
Xo‘sh, qanday yechim bor?
— Avvalo, har bir oila bola tomosha qilayotgan multfilmlar mazmuniga e’tibor qaratishi shart, — deydi media va axborot savodxonligi bo‘yicha xalqaro ekspert Beruniy Alimov. — Eng muhim savolni o‘ziga qo‘yishi zarur: "Bu multfilm farzandimga nima o‘rgatyapti?" Agar unda mehr-muhabbat, insoniylik, jasorat va adolat targ‘ib etilsa, albatta qo‘llab-quvvatlansin. Ammo shubhali g‘oyalar, zo‘ravonlik va ixtilofni yoqlash hissiyoti sekingina singdirilayotgan bo‘lsa, unday kontentni cheklash, yoki umuman taqiqlash kerak. Ikkinchidan, bolaga mulohaza qilish, ko‘rilgan va eshitilgan narsalar haqida suhbat qurish madaniyatini o‘rgatish kerak. Ko‘rilgan multfilm haqida savol bering: “Bu qahramon qanday ish tutdi? Sen uning o‘rnida bo‘lsang, nima qilar eding?” Bu usul bolaning mustaqil fikrlay olish qobiliyatini rivojlantiradi, yaxshini yomondan ajrata olish hissini oshiradi.
Aytmoqchi bo‘lganimiz: bugungi xalqaro mediamaydonda raqobat kuchayib borayotgan ayni davrda o‘zbek bolasining qalbi va ongini milliy ruhda tarbiyalash – nafaqat madaniy, balki strategik vazifalardan biri ekani doimiy e’tiborda tursa, yuqoridagi ikki asosiy tarmoq raqobatga qay darajada tayyorligi tahlil qilinishi kerak. To‘g‘ri, bolalarning qiziqishini ushlab qolish, ularni ichki qadriyatlarga oshno etish oson ish emas, bu uchun juda aniq va maqsadli yondashuv, professional rejissura, yetuk psixologik tahlil va eng muhimi, milliy ruhga yo‘g‘rilgan g‘oya bo‘lishi kerak. Lekin unutmaylik: millatimiz farzandlari chet el kontentini tomosha qilayotgan, ko‘p holda g‘oyaviy zaharlanish qurboniga aylanayotgan paytda bizning multfilmlarimiz mashhur hazildagi kabi “eshak eshakni ko‘rganda xangraydi-da” deb o‘zimizni ovutish darajasida davom etsa, bolalarimiz begona g‘oyalar, qarashlar ta’sirida ulg‘ayadi. Bu esa nafaqat madaniy muammo, balki ma’naviy xavfsizlikka bevosita bog‘liq.
Ilhomjon ABDUSALOMOV,
jurnalist