Samarqandda yangi tahrirdagi “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasining ekspertlik muhokamasi bo‘lib o‘tdi
28-iyun kuni Samarqand shahrida yangi tahrirdagi “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonun loyihasining ekspertlik muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Unda 30 ga yaqin mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari ishtirok etdi.
Ma’lumki, Harakatlar strategiyasida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini yanada kuchaytirish va jamoatchilik nazorati mexanizmlarini amalda tatbiq etish davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirishning muhim vazifalaridan biri sifatida belgilangan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 maydagi Farmoni mamlakatda demokratik yangilanishlar jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirishga o‘ziga xos turtki bo‘ldi.
Shu munosabat bilan, “Yuksalish” umummilliy harakati va USAIDning O‘zbekistondagi sud-huquq islohotlari bo‘yicha dasturi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi, shuningdek uni amalga oshirishga qaratilgan “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi.
Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan bugungi tadbir davomida soha vakillari NNTlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari faoliyatidan kelib chiqib, qonunchilikka kiritish lozim bo‘lgan o‘zgartish va qo‘shimchalar hamda hujjat loyihasini yanada takomillashtirish yuzasidan o‘z fikr va takliflarini taqdim etdilar.
Tadbir “Yuksalish” umummilliy harakati va USAIDning O‘zbekistondagi sud-huquq islohotlari bo‘yicha dasturi o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumi doirasida tashkil etildi.
“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati