@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

NNT uylarini tashkil etish bo‘yicha Prezident Farmonining joylardagi ijrosi yuzasidan jamoatchilik monitoringi o‘tkazildi

 2025-05-01 12:19:51   |     Просмотров: 2664

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-maydagi “Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida 2019-yil 1-yanvargacha bo‘lgan muddatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri markazlarida nodavlat notijorat tashkilotlarining hududiy ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, bo‘shab yotgan va samarali foydalanilmayotgan davlat mulki obyektlari negizida “Nodavlat notijorat tashkilotlari uylari”ni tashkil etish belgilangan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning 2021-yil 4-martdagi PF-6181-sonli Farmoniga ko‘ra, tashkil etilgan nodavlat notijorat tashkilotlari uylarini zarur ofis anjomlari, mebel, buyumlar va boshqa jihozlar bilan ta'minlash hamda ularga nodavlat notijorat tashkilotlarini bepul joylashtirish vazifasi ko‘zda tutilgan.

“Yuksalish” harakati tomonidan mamlakatning har tomonlama rivojlanishiga hissa qo‘shayotgan fuqarolik jamiyati institutlariga munosib sharoitlarni yaratib berish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan jamoatchilik nazorati tadbirlari o‘tkazildi.

Davlat tomonidan fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlashga e'tibor natijasida:

- NNTlar faoliyatiga oid qonunchilik hujjatlari sezilarli darajada liberallashtirildi. Jamoat tashkilotlari faoliyatini cheklovchi to‘siqlar bartaraf etilmoqda.

 

- Hududiy davlat organlari huzurida NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash uchun jamoat fondlari tashkil etildi. Ularning faoliyatini rivojlantirish uchun mahalliy byudjetlardan mablag‘lar ajratilmoqda.

- Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish muddati ikki oydan bir oyga qisqartirildi. Nodavlat notijorat tashkilotlarini va ularning ramzlarini qayta ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi arizalarni ko‘rib chiqish muddati ikki barobarga – bir oydan 15 kungacha qisqartirildi.

- Adliya organi bilan NNTlarining tadbirlarni kelishish tartibi xabardor qilish tartibi bilan almashtirildi;

- Respublika bo‘ylab 13 ta nodavlat notijorat tashkilotlari uylari tashkil etilgan, ularda jami 250 ga yaqin nodavlat va notijorat tashkilotlari joylashtirilgan.

Amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda NNT uylarini tashkil etish va ularning moddiy-texnik holatini yaxshilash bilan bog‘liq ayrim muammolar saqlanib qolmoqda. Xususan:

1) Surxondaryo viloyatida NNTlar uyini tashkil etish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi bugungi kunga qadar ta'minlanmagan.

NNTlar uyi tashkil etish uchun zarur infratuzilmaga ega bo‘lgan bino ajratilmagani natijasida mahalliy NNTlar joy qidirib sarson bo‘layotgani aniqlandi.

2) NNTlar uyiga Buxoro viloyatida – atigi 4 ta, Sirdaryo viloyatida  – 6 ta va Namangan viloyatida – 14 ta NNT joylashtirigan, xolos. Vaholanki, ushbu hududlarda muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgan, joyga muhtoj bo‘lgan boshqa NNTlar yetarlicha.

Solishtirish uchun: o‘rganishlar davomida hududlarda tashkil etilgan NNTlar uylarida Andijon viloyatida 22 ta, Farg‘ona viloyatida 25 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Navoiy viloyatida 37 tadan, Samarqand viloyatida 38 ta NNT zamonaviy sharoitlarga ega binolarda samarali faoliyat yuritayotgani ma'lum bo‘ldi.

Biroq Namangan viloyati hokimligi tomonidan yuqoridagi Farmonda belgilangan vazifa ijrosiga yuzaki yondashilib, viloyat arxivi faoliyat yuritib kelayotgan bino Namangan viloyati NNTlar uyi sifatida ko‘rsatilgan. 

Binoda elektr va oqova suv tarmoqlari avariyaviy holatga kelib qolgan, umuman olganda bino NNTlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun yaroqsiz holatda.

3) Tashkil etilgan NNT uylarida binoni saqlash va kommunal to‘lovlar bilan bog‘liq qator muammolar mavjud.

Binolarni balansda saqlovchi tashkilotlarning mas'uliyatsizligi, mahalliy hokimliklar tomonidan zarur mablag‘lar o‘z vaqtida ajratilmagani tufayli Farg‘ona va Qashqadaryo viloyatlarida kommunal to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lamaslik va natijada tarmoqdan uzib qo‘yish holatlari kuzatildi.

Shuningdek, Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Farg‘ona viloyatlari NNT uylari moliyalashtirishdagi muammolar va xizmat ko‘rsatish xodimlari bilan ta'minlanmaganligi sababli kuz-qish mavsumida istish tizimidan foydalana olmagan.

Xulosa o‘rnida:

Jamoatchilik monitoringi natijalaridan ko‘rinib turibdiki, ushbu sohada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan farmon va qarorlar fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash uchun muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Biroq amaliyotda ularda belgilangan vazifalarning to‘laqonli ijrosi ta'minlanmagan. NNTlar uylariga joylashtirishdagi xatoliklar, moliyalashtirishdagi uzilishlar va infratuzilmani saqlash bo‘yicha mas'uliyatsizlik mazkur hududlarda ish olib borayotgan NNTlar o‘z faoliyatini to‘laqonli yo‘lga qo‘ya olmasligi, jamiyatga foyda olib kelishi mumkin bo‘lgan yangi tashabbuslardan voz kechishga majbur bo‘lishi yoki o‘zlari ilgari surayotgan loyihalarning asosiy moliyaviy resurslarini ijara xarajatlariga sarflashi oqibatida maqsadli guruhlar bilan yetarli darajada ishlay olmasligiga sabab bo‘ladi.

Bu esa yurtimizda olib borilayotgan fuqarolik jamiyati institutlari faolligini oshirish bo‘yicha islohotlar samaradorligini cheklaydi.

NNTlarning risoladagidek faoliyat yuritishi, yangi tashabbuslarni amalga oshirishi va jamiyat rivojiga hissa qo‘shishi uchun, avvalo, ularning ish sharoitini yaxshilash, qulay muhit yaratish kerak. Shuning uchun, mahalliy boshqaruv organlaridan o‘z hududlaridagi NNT uylarining holatiga befarq bo‘lmaslik, mavjud kamchiliklarni hamkorlikda bartaraf etishni so‘rab qolamiz.