@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

40 yoshgacha bo‘lgan TOP-35 ta yosh rahbar

 2025-03-20 15:19:35   |     Просмотров: 3355

“Yuksalish” harakati Ijtimoiy va iqtisodiy tashabbuslar instituti bilan hamkorlikda 2019-yildan buyon O‘zbekistonning 40 yoshgacha bo‘lgan yosh rahbarlari ro‘yxatini e’lon qilib kelmoqda. Har yili e’lon qilingan ro‘yxatda yangi rahbarlar nomlari e’tirof etiladi. Joriy yil ham bundan mustasno emas.

O‘zbekistonning kadrlar siyosati davlat sektoriga yosh mutaxassislarni jalb etishga qaratilgan. Bu rahbarlar islohotlarni amalga oshirish va asosiy tarmoqlarni rivojlantirishda faol ishtirok etmoqdalar. Mamlakatimizda xorijda ta’lim dasturlari, xalqaro forumlarda ishtirok etish va boshqaruv ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiluvchi loyihalar orqali yoshlarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratilayotgani sir emas. Shuningdek, yosh yetakchilarning lavozimi oshishi uchun sharoit yaratilib, iqtidorli kadrlarni jalb qilish va innovatsiyalarni joriy etish masalasi dolzarb ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekistonda vazirliklar rahbariyati yangilandi. Mamlakatda 21 nafar vazirning 2 nafari (9%) 40 yoshdan kichik, 6 nafari (29%) 40 yoshdan 45 yoshgacha, 5 nafari (24%) 46 yoshdan 50 yoshgacha, 3 nafari (14%)  51 yoshdan 55 yoshgacha va yana 5 nafari (24%) 55 yoshdan yuqoridir.

Nomzodlar reytingi ularning erishgan yutuqlarini xolis baholash asosida shakllantirildi. Mezon sifatida strategik maqsadlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, ta’lim darajasi (shu jumladan chet elda olingan), kasbiy tajriba, hamkasblar va jamoatchilik orasida tan olinish kabilar olingan. Nomzodlarning jamoatchilik kun tartibiga ta’siri, muhim tashabbuslardagi ishtirokiga alohida e’tibor qaratildi. “Yuksalish” harakatiga faol fuqarolar tomonidan top-35’ga kiritish uchun nomzodlarga doir takliflar ham kelib tushmoqda.

Ro‘yxat ikki bosqichda shakllantirildi. Birinchi bosqichda: davlat boshqaruvi, iqtisodiyot, ijtimoiy siyosat, raqamli texnologiyalar va boshqa sohalarda faoliyat yuritayotgan 100 dan ortiq nomzoddan iborat uzun roʻyxat shakllantirildi. Ikkinchi bosqichda fuqarolik jamiyati ekspertlari, tahliliy markazlar va ommaviy axborot vositalari vakillari nomzodlar uchun ovoz berib, qisqa ro‘yxatni aniqladilar.

Nomzodlarning aksariyati xorijda tahsil olgan boʻlib, bu boshqaruvga zamonaviy texnologiyalar va amaliyotlarni olib kirish imkonini beradi. Masalan, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Akramjon Fozilov Vena va Gent universitetlarida tahsil olgan.

Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi direktorining oʻrinbosari Abdullajon Otaboyev Yaponiyaning Yokohama davlat universitetida magistrlik darajasini olgan.

Ba’zi nomzodlar bir sohada rahbarlik lavozimlariga koʻtarilgan. Masalan, Shuxrat Xudaykulov 2006-yilda “Oʻzbekiston havo yoʻllari”da ish boshladi va 2023-yilda Uzbekistan Airways boshqaruvi raisi darajasigacha koʻtarildi.

Yosh rahbarlar O‘zbekiston taraqqiyotiga katta hissa qoʻshmoqdalar. Ularning sa’y-harakati bilan islohotlar jadallashib, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining shaffofligi oshirilmoqda, yangi texnologiyalar joriy etilmoqda, jahon hamjamiyatiga integratsiya mustahkamlanmoqda.

Yosh rahbarlarning yoshi turlicha. Hilola Umarova 34 yoshida maktabgacha va maktab ta’limi vaziri bo‘ldi. Top-35’ning eng yosh vakili bu Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining o‘rinbosari Iskandar Qutbiddinov – 29 yoshda.

U bilan birga bu yil birinchi marta top-35’ga bir nechta yangi nomzodlar kirdi, jumladan:

• Abdulaziz Abdurahmanov, My Freighter/Centrum Air aviakompaniyasi bosh direktori;

• Abdullajon Otaboyev, Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi direktori oʻrinbosari;

• Akbar Kurbanov, “O‘zkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisining oʻrinbosari;

• Akramjon Fozilov, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi;

• Alisher Abdusalomov, O‘zbekistonning Koreyadagi elchisi;
• Bahodirjon Rahmonov, “O‘zavtosanoat” boshqaruv raisi birinchi o‘rinbosari;

• Bahodir Rahmatov, Strategik islohotlar agentligi direktori;
• Diyor Imomxoʻjayev, Professional futbol ligasi bosh direktori;  
• Iskandar Qutbiddinov, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining o‘rinbosari;

• Odil Ahmedov, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti;
• Otabek Maxkamov, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri oʻrinbosari;
• Sardor Radjabov, maktabgacha va maktab ta’limi vaziri oʻrinbosari;
• Timur Butunbayev, suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari;

•Ulug‘bek Yusupov, “O‘zarxiv” agentligi direktori;

• Zohidjon Ziyaev, Prezident huzuridagi Statistika agentligi direktori oʻrinbosari.

Bu yilgi top-35’da yangi nomzodlar soni rekord darajadadir. Ularning aksariyati raqamlashtirish va innovatsiyalar sohasida muvaffaqiyatga erishdi. Masalan, elektron hukumat kabi davlat xizmatlarini optimallashtirish uchun IT-yechimlarni ishlab chiqishdi. Iqtisodiyot sohasi rahbarlari investitsiyalarni jalb etish, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratayotgan bo‘lsa, ijtimoiy sohada esa ta’lim va sog‘liqni saqlash yo‘nalishida yangi standartlar joriy etilmoqda.

Top-35 O‘zbekistonning kadrlar siyosatidagi muvaffaqiyatlarini aks ettiradi. Bu esa davlatimiz islohotlarining asosiy harakatlantiruvchi kuchi bo‘lgan yoshlarga e’tibor qaratilayotganidan dalolat beradi.

“Yuksalish” harakati matbuot xizmati