@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

O‘zbekistonning TOP-20 “Aql markazlari”

 2025-03-18 11:14:25   |     Просмотров: 5339

“Aql markazlari” – muhim ijtimoiy-siyosiy masalalar yuzasidan tadqiqot o‘tkazish va ekspertlik baholash yordamida takliflar ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi.

Ularning tadqiqotlari iqtisodiyot va siyosatdan tortib, texnologiyalar va ijtimoiy masalalargacha keng qamrovli sohalarni qamrab oladi.

Axborot asosiy resursga aylanayotgan va qabul qilinadigan qarorlar chuqur tahlil va strategik yondashuvni talab qilayotgan sharoitda, "aql markazlari" asosiy o‘ringa chiqmoqda. Xususan, turli sohalarda uchrayotgan korrupsion holatlarni aniqlash va bartaraf etish choralarini ishlab chiqishda aql markazlarining hissasi katta. Prezident Shavkat Mirziyoyev korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha konvensiya talablarini monitoring qilishga nodavlat tashkilotlarini jalb qilish zarurligi haqida ta’kidlagani bejiz emas. Ular siyosatni shakllantirishga yordam beradi, turli sohalarda istiqbollarni prognoz qiladi va zamonamizning murakkab muammolari uchun yechimlar taklif etadi.

Bu markazlar quyidagi vazifalarni hal qiladi:

–  strategiyalar va tavsiyalar ishlab chiqish;

–  tadqiqot va prognozlar tayyorlash;

–  ta'lim tashabbuslari bilan chiqish.

O‘zbekistonda bir necha yillardan buyon faoliyat yuritayotgan tahliliy institutlar bilan bir qatorda yangi aql markazlari ham mavjud.

"Yuksalish" harakati tomonidan 2022-2023-yillarda e’lon qilingan TOP-20 talik ro‘yxat bilan solishtirganda tarmoqda ayrim o‘zgarishlar kuzatildi. Bu yil ro‘yxatda ilk marotaba quyidagi tahliliy markazlar kiritildi:

  • jtimoiy himoyani rivojlantirish instituti;
  • Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti;
  • Yoshlar muammolarini o‘rganish va Istiqbolli kadrlarni tayorlash instituti;
  • Progressiv islohotlar markazi;
  • Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari markazi.

Infografikamiz orqali O‘zbekistonning 2025-yildagi eng nufuzli va samarali top “Aql markaz” lari bilan tanishishingiz mumkin.

Mazkur reyting O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan tahlil markazlarining rasmiy veb-saytlari, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari, ular tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlar va tahliliy maqolalar, xalqaro ilmiy nashrlarda iqtibos keltirilgan tahliliy ishlari va mustaqil ekspertlarning fikri asosida shakllantirildi.

Strategik tahlil va istiqbolni belgilash oliy maktabi

Oliy maktab mamlakat ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy hayotining turli yo‘nalishlarida tizimli tadqiqotlar olib boradi. Tahliliy faoliyatda asosiy urg‘u milliy va mintaqaviy xavfsizlik masalalariga qaratilgan bo‘lib, o‘tkaziladigan tadqiqotlar keng jamoatchilik uchun yopiq ekanligini ta’kidlash zarur.

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti

Davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar tayyorlash, aholi daromadlarini oshirish yuzasidan muammolarni o‘rganib, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishini baholash bilan shug‘ullanadi.

Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini axborot-tahliliy materiallar bilan ta’minlash, Markaziy Osiyoda xavfsizlik masalalari, O‘zbekiston Respublikasining mintaqaviy va xalqaro hamkorlik istiqbollari borasida tadqiqotlar institut faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridir.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ma'muriyatining iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar masalalari bo‘yicha axborot-tahliliy ta'minoti, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning strategik yo‘nalishlari bo‘yicha takliflar ishlab chiqish maqsadida tahliliy va amaliy tadqiqotlar o‘tkazish bilan shug‘ullanadi.

“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi

Mamlakatda ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazishda ulkan tajribaga ega bo‘lib, taraqqiyotining barcha sohalarida jamoatchilik fikri dinamikasining asosiy tendensiyalarini aniqlash, o‘rganish va tahlil qilish, shuningdek, tizimli monitoringini olib borish bilan shug‘ullanadi.

Parlament tadqiqotlari instituti

Institut parlamentning Qonunchilik palatasi huzurida faoliyat yuritadi. Institutning asosiy vazifasi parlament faoliyatini ilmiy, axborot-tahliliy va uslubiy jihatdan ta’minlashdan iborat.

Institut qonunchilik muammolarini o'rganish, parlament tadqiqotlarini o‘tkazish hamda qonunchilik jarayonlarini takomillashtirish bo'yicha tavsiyalar ishlab chiqish bilan shug'ullanadi. U O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlari asosida faoliyat yuritadi va qonunchilik sohasida yangi yondashuvlarni rivojlantirishga hissa qo'shadi.

Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining huquqiy siyosatini ilmiy-tahliliy qo‘llab-quvvatlash va islohotlarni huquqiy takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi.

“Yuksalish” harakati

O‘zbekiston taraqqiyot strategiyalari va davlat dasturlari amalga oshirilishi, Prezident hujjatlari ijrosi va hududiy ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlarini monitoring qilish, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy masalalarda ekspertlik baholashni tashkil etish, ijtimoiy so‘rovlar orqali tahliliy ma'lumotlar tayyorlash, Markaziy Osiyo mintaqasi ekspertlari uchun munozara maydonlarini tashkil etish Harakat faoliyatining asosiy yo‘nalishlari sirasiga kiradi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi

Davlat dasturlari, rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqish, milliy va xalqaro hamjamiyatga targ‘ib qilish masalalari markaz faoliyatining asosiy yo‘nalishi hisoblanadi. Taraqqiyot strategiyasidagi islohotlarning mazmun-mohiyati, ahamiyati va natijalarini izchil muhokama qilish, davlat organlari va xalq o‘rtasidagi ochiq muloqotni ta'minlash, jamoatchilik nazoratini samarali tashkil etishda o‘ziga xos zamonaviy mediamaydon vazifasini o‘taydi.

Iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashish markazi

Markaz faoliyati iqtisodiy islohotlarni va iqtisodiy rivojlanishni tahliliy qo‘llab-quvvatlash, iqtisodiy rivojlanish subyektlarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish, iqtisodiy rivojlanish masalalari bo‘yicha davlat, fuqarolik jamiyati va xususiy sektor o‘rtasida samarali muloqotni rivojlantirishda ham samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.

“Bilim karvoni” nodavlat notijorat ilmiy muassasasi

O‘zbekistonda samarali faoliyat yuritib kelayotgan nodavlat tahlil markazlaridan biri bo‘lgan “Bilim karvoni” muqobil tadqiqotlari va ekspertlik baholari bilan alohida o‘ringa ega. Tashkilot mahalliy va xalqaro ilmiy markazlari bilan hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, manfaatdor tashkilotlar uchun tahliliy ishlarni amalga oshirish, uzluksiz ta’lim tizimini rivojlantirishga o‘z xissasini qo‘shish, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, mintaqaviy hamkorlik, yosh tadqiqotchilar uchun muloqot maydonlarini tashkil etish bilan shug‘ullanib keladi.

Markaziy Osiyo xalqaro instituti

Mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi ilmiy-tadqiqot va ekspert hamkorligini qo‘llab-quvvatlash, Markaziy Osiyo mamlakatlari va boshqa davlatlarning yetakchi ilmiy markazlari bilan keng aloqalar o‘rnatish institutning asosiy vazifalaridir.

Progressiv islohotlar markazi

O‘zbekistonda strategik asoslangan islohotlarni ishlab chiqish va ilgari surish bilan shug‘ullanuvchi tahlil markazi. Uning asosiy yo‘nalishlari tadqiqotlar o‘tkazish, davlat siyosati tahlili va barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv hamda huquqiy madaniyatni shakllantirishga qaratilgan tashabbuslarni ishlab chiqishdan iborat.

Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi

Joylarda ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni monitoring qilish va prognozlash, axborot makonining g‘oyaviy mazmunini tizimli tahlil qilish, fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini rivojlantirishga ko‘maklashish, hududlar va mamlakat darajasida ma’naviy-ma’rifiy muhitni sog‘lomlashtirish borasida tadqiqot olib boruvchi yosh tashkilot.

Barqaror rivojlanish markazi

Bu tashkilot Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga ko‘maklashadi. Markaz fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, ilmiy va amaliy tadqiqotlar o‘tkazish, davlat organlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy jarayonlarni tahlil qilish bilan shug‘ullanadi.

Tashkilot davlat va jamoat tuzilmalariga axborot, maslahat va uslubiy yordam ko‘rsatib, mamlakatning barqaror rivojlanishiga ko‘maklashadi.

Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti – Jahon Iqtisodiyoti va Diplomatiya Universiteti qoshida faoliyat yurituvchi fanlararo tadqiqot muassasasi bo‘lib, xalqaro munosabatlar va global muammolarni chuqur tahlil qilishga ixtisoslashgan. So‘nggi tadqiqotlari:

  • Chjon Xonpyo tomonidan tayyorlangan "Zamonaviy siyosat va xorijdagi koreyslarga nisbatan rivojlanish strategiyalari: Markaziy Osiyodagi Koryo-saram misolida" maqolasi. Unda Janubiy Koreyaning "K-Silk Road" tashabbusida etnik koreyslarning roli tahlil qilingan;
  • Doktor Islomxon G‘oforovning "AQShning Janubiy Osiyodagi tashqi siyosati (Hindiston va Pokiston misolida)" tadqiqotida AQShning mintaqaviy strategiyasi evolyusiyasi ko‘rib chiqiladi.
  • IXTI yetakchi ilmiy xodimi Rustam Mahmudov "Afg‘oniston tabiiy boyliklari: ular Katta O‘yin omiliga aylanishi mumkinmi?" nomli maqolasida Afg‘onistonning boy tabiiy resurslari va ularning geosiyosiy ahamiyatini tahlil qiladi;
  • Nargiza Umarovaning "O‘zbekistonning janubiy yo‘nalishdagi xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish siyosati" tadqiqoti mamlakatning transport-logistika sohasidagi strategik tashabbuslari haqida ma'lumot beradi.

Institut xalqaro munosabatlar, iqtisodiy diplomatiya sohalarida fundamental hamda amaliy tadqiqotlar olib boradi.

Yoshlar muammolarini o‘rganish va Istiqbolli kadrlarni tayorlash instituti

O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi huzuridagi davlat muassasasi bo‘lib, yoshlar muammolarini tadqiq qilish, ilmiy-tadqiqot va tahliliy izlanishlar olib borish, shuningdek, istiqbolli yosh kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishga ixtisoslashgan. Institut davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro hokimiyati, jamoat tashkilotlari rahbar xodimlari uchun qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini tashkil etadi. Shu bilan birga, yosh mutaxassislarning kasbiy salohiyatini rivojlantirishga yo‘naltirilgan ta’lim dasturlarini amalga oshiradi.

Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari markazi

Markaz oliy ta’lim tizimini takomillashtirishga qaratilgan ilmiy va tahliliy tadqiqotlarni amalga oshiradi.

Asosiy vazifalariga oliy ta'lim muassasalari faoliyatiga ilg‘or pedagogik texnologiyalar va innovasion o‘qitish usullarini joriy etish, shuningdek, o‘quv rejalari va fan dasturlarini takomillashtirish, samarali ta'lim shakllari va metodlarini qo‘llash, shuningdek, ta'lim jarayoni sifati va samaradorligini oshirish uchun zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy etish kabilar kiradi.

Markaz oliy ta'lim muassasalari tomonidan ishlab chiqilgan malaka talablari, o‘quv rejalari va o‘quv dasturlarini texnik ekspertizadan o‘tkazish va ularning ijrosini monitoring qilish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari va maxsus adabiyotlar bilan ta'minlashda ishtirok etadi. Bundan tashqari, iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash hamda respublika fan olimpiadalarini tashkil etishda faol qatnashadi.

Markazning so‘nggi tadqiqotlari O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalarini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish, Oliy ta’lim tizimini isloh qilish va malakali mutaxassislarni tayyorlashni rivojlantirishni o‘z ichiga oladi. Markaz O‘zbekistonda oliy ta'lim tizimini rivojlantirish, uni modernizasiya qilish va xalqaro standartlarga moslashtirishga katta hissa qo‘shib kelmoqda.

“Oila va gender” ilmiy tadqiqot instituti

Mahalla va oila institutlarini mustahkamlash, xotin-qizlar va keksalarni qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy faollikni oshirishga qaratilgan konsepsiyalarni, kompleks, maqsadli, sohalarga oid va hududiy dasturlarni ishlab chiqishning ilmiy-metodologik asoslarini shakllantirish, aholi muammolarini aniqlash va hal etish bo‘yicha tahliliy materiallar va ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqish institutning asosiy vazifalaridir.

Ijtimoiy himoyani rivojlantirish instituti

U aholini ijtimoiy himoya qilish masalalarini o‘rganishga ixtisoslashgan ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi. Institutning asosiy maqsadi — adolatli va inklyuziv jamiyatni shakllantirish hamda fuqarolarning ijtimoiy farovonligini ta'minlashga xizmat qiluvchi jarayonlarni tadqiq qilishdir.

Asosiy vazifalar quyidagilarni o‘z ichiga oladi: ijtimoiy himoya tizimini isloh qilish uchun ilmiy asoslarni ishlab chiqish, ijtimoiy dasturlarni takomillashtirish bo'yicha tavsiyalar tayyorlash, ijtimoiy sohadagi fundamental va amaliy tadqiqotlarni o'tkazish, ijtimoiy tadqiqotlarni ommalashtirish hamda milliy va xalqaro ilmiy tashkilotlar bilan hamkorlikni mustahkamlash.

“Yuksalish” harakati matbuot xizmati