@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

“QONGA EHTIYOJ HAR DOIM BOR” - A'LONUR SAIDOV, RESPUBLIKA QON QUYISH MARKAZI DIREKTORI

 2025-02-07 12:16:59   |     Просмотров: 1916

Qon donorligi – insonlar hayotini saqlab qolishda muhim bo‘lgan faoliyat, ammo ko‘pchilik bu haqida yetarli ma'lumotga ega emas. Respublika qon quyish markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori A'lonur Saidov O‘zbekistonda qon donorligi bo‘yicha qanday muammolar borligi, nega pul har doim ham qonga aylanmasligi va donor bo‘lish afzalliklari haqida so‘zlab berdi.

— O‘z xohishi bilan beg‘araz qon topshirib yurgan inson salomatligi holatini muntazam tekshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu zararli odatlardan xalos bo‘lish, qonning yangilanishi va organizmdagi jarayonlar tezlashishiga ham yordam beradi, - deydi A'lonur Saidov. - Ammo, bu faoliyat yetarlicha targ‘ibot qilinmasligi natijasida ko‘pchilikda donorlikka qiziqish kam.

Qon donorligi yoshlarga ham, kattalarga ham zarur sanaladi. Donorlikka 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan shaxslar qabul qilinadi. O‘zbekistonda qon donorlarining aksariyati 30-40 yosh oralig‘ida bo‘lib, asosiy maqsad yosh donorlar sonini ko‘paytirishga qaratilgan.

Beg‘araz donorlik eng xavfsiz donorlik turi hisoblanadi, chunki ezgu ishga qo‘l urib, o‘z xohishi bilan qon quyish markaziga kelgan inson, odatda, salomatligiga oid ma’lumotlarni yashirmaydi.

Mutaxassisning aytishicha, donor qonidan olinadigan ikki xil komponent: eritrotsitar massa va plazma turli tibbiy holatlarda ishlatiladi. Eritrotsitar massa kamqonlikda, plazma esa buyrak va jigar kasalliklarida foydalaniladi. Bu komponentlar juda muhim va ularning to‘g‘ri saqlanishi donorlik jarayonining samaradorligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta'sir qiladi. Plazmani maxsus farmatsevtika usullari orqali qayta ishlab, uzoq muddat saqlash ham mumkin. Masalan, plazmadan albumin, immunoglobulin kabi preparatlar ishlab chiqariladi.

Shoshilinch tibbiyot muassasalarida, tug‘ruqxonalarda, onkogematologiya va jarrohlik amaliyotlari o‘tkaziladigan klinikalarda doimiy qon zahirasi bo‘lishi kerak. Bu muammolarni tezkor hal qilish va ehtiyojga qarab bemorlarni o‘z vaqtida qon bilan ta'minlash uchun muhim. Jarrohlik amaliyotida qon ko‘p ketishi va operatsiya muvaffaqiyatli o‘tkazilishi uchun qon guruhlariga muvofiq zahiralar bo‘lishi zarur.

Donorlikda eng muhimi — qonning samaradorligini ta'minlash. Qon beruvchi odam imkon qadar to‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarziga rioya qilishi lozim. Qon topshirishdan oldin va keyin ko‘proq dam olish, maxsus parhezga rioya qilish donorning salomatligiga ham ijobiy ta'sir qiladi. Donorlar qon topshirish jarayonida bepul qon tahlillaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Buning natijasida, qon beruvchi insonlar o‘z salomatligini nazorat qilish va har doim kuzatib borish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Mamlakatimiz shifoxonalarida davolanayotgan insonlar sonidan kelib chiqib hisoblaganda, yiliga 400-450 tonna qon tayyorlanishi kerak. Bizda 150 tonnaga yaqin qon tayyorlanadi. Har bir auditoriyaning 1/3 qismi “donorman” deyishi kerak. Rivojlangan davlatlar, masalan, Yevropa davlatlarining juda ko‘pida bu koeffitsiyent yuqori. Fransiyada har mingta aholi uchun – 40 ta, Amerikada – 110 ta donor to‘g‘ri keladi. AQSh boshqa davlatlarni plazma bilan ta'minlaydi. Bu aholi orasida donorlik madaniyati shakllangani, begona odamga yordam qo‘lini cho‘zish odatga aylanganidan dalolat beradi.

Biz ham shu darajaga erishish uchun qon donorligining ahamiyati va foydali tomonlari haqida ommaga ko‘proq ma'lumot berishimiz kerak. Ayni paytda, har oyda belgilangan donorlik aksiyalari yordamida insonlarni qon topshirishga jalb qilish mumkin. Bu targ‘ibot ishlari sog‘liqni saqlash tizimida muhim o‘rin tutadi.

Intervyuni ko‘rish