@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

2024 yil nimasi bilan esda qoldi? Fuqarolik jamiyati vakillari nuqtai nazari

 2024-12-31 09:02:48   |     Просмотров: 2327

Oʻtib borayotgan 2024 yil Oʻzbekiston hayotida oʻchmas iz qoldirishi, shubhasiz. Bir yillik muddat ichida vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi uchun koʻplab salmoqli ishlar qilindi. Quyida oʻtayotgan yilning asosiy yutuqlari va esda qolarli voqealari haqida fuqarolik jamiyati vakillarining fikrlarini e'tiboringizga havola etamiz.

Siyosiy va ijtimoiy oʻzgarishlar

"Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi saylovlari mamlakatning demokratik rivojlanishidagi muhim va salmoqli qadamlardan biri boʻldi. Ilk marotaba ayollar parlamentda 38% oʻrinni egalladi, bu gender tenglik va jamiyatda ayollar oʻrnini oshirish borasidagi islohotlarning amaldagi natijasidir", — dedi “Umid” tashkiloti vakili D. Amirqulova.

Bundan tashqari, zaif guruhlar himoyasiga qaratilgan bir qator tayanch qonunlar, jumladan “Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni va 2024 yil 10 maydagi “Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatishni takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilinishi, himoya orderlari tizimi joriy etilishi sohadagi muhim oʻzgarishlar sifatida e'tirof etildi.

Iqtisodiy yutuqlar

UzGBC vakili Aleksey Svetliskiy 2024 yilda 1,6 million odam  rasman ish bilan ta'minlanganini ma'lum qildi. “Muhim qadamlardan biri byudjetdan pul oladigan xodimlarning oylik maoshining ortishi va davlat tibbiy sugʻurtasining joriy etilishi boʻldi, bu aholining yashash darajasiga ijobiy ta'sir koʻrsatdi”, — qoʻshimcha qildi u. 

Ekologik tashabbuslar

Yil davomida ekologiya sohasida amalga oshirilgan diqqatga sazovor ishlar qatorida jamoatchilik vakillari havo sifatini nazorat qilish va yaxshilash, shuningdek, qishloq xoʻjaligi hamda sanoatda suvdan foydalanishni 20%ga tejashga erishilganini qayd etishdi. 

"Bu nafaqat resurslarni optimallashtirish, balki mintaqaviy hamkorlikni qoʻllab quvvatlashga ham erdam beradigan muhim yutuq",  — deydi A. Svetliskiy. "Ekomaktab" faoli N. Shivaldova esa Oʻzbekiston tomonidan Orxuss konvensiyasining qabul qilinishi mamlakatning ekologik ochiqlik hamda barqaror rivojlanish tarafdori ekanligini amalda namoyon etishiga urgʻu berdi.

Fuqarolik jamiyati va yoshlarni qoʻllab-quvvatlash

2024 yil yoshlar va biznesni qoʻllab quvvatlash yili deb e'lon qilindi. Yil davomida yoshlarning ta'lim olishi va kasbiy rivojlanishi uchun bir qator imkoniyat va engilliklar yaratildi.

—     Bu yil jamoatchilik tashkilotlari va tashabbuslarini faol jalb qilish yili boʻldi. Oʻtkazilgan koʻplab forum va muzokaralar, “Jamoatchilik nazorati” va “Ijtimoiy hamkorlik toʻgʻrisida”gi qonun loyihalarining ishlab chiqilishi shular jumlasidan, — dedi "Taskin" xospisi vakili Gulzoda Avazova.

Xalqaro hamkorlikdagi muvaffaqiyatlar

Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi ortib, boshqa mamlakatlar bilan aloqalar barqaror mustahkamlanib bormoqda. Jumladan, Ozarbayjonning Boku shahrida boʻlib oʻtgan COP-29 anjumanida Oʻzbekistonning ishtirok etishi, energetika boʻyicha yirik xorijiy kompaniyalar bilan shartnomalar imzolanishi katta yutuqlardan biridir.

Aleksey Svetliskiyning aytishicha, Masdar va Aqua Power kabi kompaniyalar bilan hamkorlik natijasida yangi elektr stansiyalari ochildi, bu oʻz navbatida mamlakatning energetik mustaqilligini ta'minlaydi. 

2024 yil Oʻzbekiston uchun salmoqli ijobiy oʻzgarishlar yili boʻldi. Va aynan fuqarolik jamiyati vakillari bu borada davlatning yaqin yordamchisiga aylanishi, birgalikda umumiy taraqqiyot uchun harakat qilishi lozim!