Biz — yo‘llarning xavfsiz bo‘lishi tarafdorimiz!
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi “2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoni doirasida “Yuksalish” harakatining fuqarolar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va ularni jamoatchilik loyihalariga aylantirish bo‘yicha taklifi ma'qullangan edi. Bu taklif asosida 2024-yilda Harakat tomonidan jami 61 ta jamoatchilik loyihasi amalga oshirildi.
Jumladan, Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani “Taxtaxon” mahallasi aholisining tashabbusi jamoatchilik loyihasi sifatida ilgari surildi.
Ushbu mahalladan o‘tuvchi M-37 yo‘lidan har kuni shaharlararo qatnovchi avtomobillar katta tezlikda yurib, piyodalar, ayniqsa, kunning ikkinchi yarmida maktabdan qaytuvchi bolalar hayotiga xavf solardi.
“Yuksalish” harakatining Buxoro viloyati hududiy bo‘linmasi bu masalani jamoatchilik loyihasi sifatida ilgari surishi natijasida mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda joriy yilning avgust oyida ushbu piyodalar o‘tish yo‘lagiga maxsus ko‘chma svetofor o‘rnatilib, yo‘l chiziqlari chizildi. Piyodalar o‘tish yo‘lagi mahalla aholisi, ayniqsa, bolalar uchun xavfsiz holatga keltirildi.
Bu kabi jamoatchilik loyihalari nafaqat insonlar hayotini yengillashtirish, balki noxush hodisalar oldini olishga ham xizmat qiladi.