@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Poytaxtda Jamoatchilik kengashlari forumi o‘tkazildi

 2024-12-03 16:43:24   |     Просмотров: 2494

3-dekabr kuni Fuqarolik jamiyati haftaligi doirasida «Renessans» kino uyida Jamoatchilik kengashlari forumi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ekspertlar va faol fuqarolar vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda O‘zbekistonda fuqarolik institutlarini mustahkamlash, ularning erkin faoliyatini ta'minlash va davlat organlari hamda jamiyat o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida katta ishlar amalga oshirilgani ta'kidlandi. Umuman, ularning ijtimoiy hamkorligini yo‘lga qo‘yishda Jamoatchilik kengashlarining ahamiyati katta ekanligi aytildi.

Ma'lumot: Jamoatchilik kengashlari — doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi maslahatchi organ bo‘lib, o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradi. Ular davlat organi rahbari qaroriga binoan tashkil etiladi.

Jamoatchilik kengashlari davlat organlari faoliyatida fuqarolar manfaatlarining saqlanishini nazorat qilish, jamiyat fikri va ijtimoiy so‘rovlarni monitoring qilish, davlat va jamiyat o‘rtasidagi hamkorlikni yaxshilash bo‘yicha takliflar kiritish imkonini beradi.

Fuqarolik jamiyati haftaligi doirasida o‘tkazilayotgan Jamoatchilik kengashlari forumida «Yuksalish» harakati raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mita raisi Bobur Bekmurodov bu institutning ahamiyati haqida so‘zladi:

– Demokratik rivojlanish yo‘lini tanlagan davlat borki, barchasi bu yo‘nalishdagi institutlarni rivojlantirishga harakat qiladi. Shunday institutlardan biri bu jamoatchilik kengashlaridir. Ularning samarali faoliyati orqali o‘sha davlat idorasining faoliyatini ham baholashimiz mumkin. Oddiy qilib aytganda, jamoatchilik kengashlari o‘z faoliyatini qanchalik mustaqil va oshkora tashkil eta olsa, o‘sha vazirlik yoki idoraning faoliyatiga nisbatan jamoatchilikda ortiqcha savollar tug‘ilmaydi. Biroq, hali huzurida jamoatchilik kengashlari tashkil etilmagan yoki tashkil etilgan bo‘lsa ham, amalda faoliyat yuritmaydigan ayrim idoralar ham bor. Аsosiy vazifamiz jamoatchilik kengashlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish va ularning ishini mohiyatan to‘g‘ri tashkil qilishdan iborat.

Forum ishtirokchilari Prezidentning «Fuqarolik jamiyati institutlariga davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan yordam tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 26-avgust kuni qabul qilingan farmoni rivojlanishning yangi chora-tadbirlarini belgilab berganini ta'kidladilar. Endi davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari raisi fuqarolik jamiyati institutlari vakillari orasidan tasdiqlanadi. Jamiyat kengashlarining faol a'zolari davlat organining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan moddiy rag‘batlantiriladi.

Tadbirning kirish qismida Adliya vazirligining Nodavlat notijorat tashkilotlari boshqarmasi boshlig‘i Xayrillo Sobirov soha kun tartibidagi masalalarga to‘xtalib, muhim taklifni ilgari surdi:

– Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida"gi qonunga konseptual o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish vaqti keldi. Bu borada xalqaro tajribalarni o‘rganib, samarali mexanizmlarni qo‘llash hamda jamoatchilik kengashlari ishini tashkillashtirish tartib-qoidalarini bugungi kun talablaridan kelib chiqib qayta belgilash ustuvor ahamiyat kasb etadi.

Ochiq muloqot doirasida, nafaqat jamoatchilik kengashlari bilan bog‘liq qonunchilik o‘zgarishlari, balki kengashlarning davlat organlari bilan hamkorligi masalalari ham muhokama qilindi. Shunga alohida e'tibor qaratildiki, yaqindan hamkorlik qilish ijtimoiy ahamiyatga ega vazifalarni hal qilishga va fuqarolarning davlat organlariga bo‘lgan ishonchini oshirishga hissa qo‘shadi. Bu o‘z navbatida demokratik islohotlarni mustahkamlashga, davlat organlariga bo‘lgan ishonchni oshirishga va fuqarolar bilan samarali hamkorlik mexanizmini yaratishga qaratilgan.