@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Toshkentda Fuqarolik jamiyati haftaligi boʻlib oʻtmoqda

 2024-12-02 17:06:27   |     Просмотров: 2377

Fuqarolik jamiyati haftaligi 2-6-dekabr kunlari dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun beshta davlat, 40ta xalqaro tashkilot vakili va 2000dan ortiq ishtirokchini jamlaydi.

Tadbir “Yuksalish” harakati tomonidan Oliy Majlis palatalari, Adliya vazirligi, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi, Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi va boshqalar hamkorligida tashkil etilаdi. 

Oʻzbekistonda ochiqlik va sogʻlom raqobat tamoyillari asosida fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimi takomillashtirilmoqda. Asosiy qonunning yangi tahririda fuqarolik jamiyati institutlari konstitutsiyaviy maqomga ega boʻldi. Ayrim qoidalar “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi va 2021-2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi hamda boshqa me'yoriy hujjatlarda mustahkamlangan.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, xususan, NNTlarning xalqaro mablagʻ olishi yoʻlidagi toʻsiqlarni bartaraf etish borasida muayyan yutuqlarga erishildi. Nodavlat notijorat tashkilotlari soni 9 mingdan oshdi. Ularning vakillari bugungi kunda sogʻliqni saqlash, ta'lim, texnologiya, ilm-fan, tadbirkorlik, qishloq xoʻjaligi, ekologiya, sport, inson huquqlarini himoya qilish, yoshlar, xotin-qizlar, imkoniyati cheklangan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash va boshqa sohalarda mehnat qilmoqda.  

“Uchinchi sektor” uchun kadrlar tayyorlashga ham katta e'tibor qaratilmoqda. Prezidentimizning “2021-2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq 500 nafar nodavlat notijorat tashkiloti yetakchisi Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida oʻqitildi va malakasi oshirildi. 2025-yilgacha yana 250 nafar yetakchi oʻz bilim va malakasini oshiradi.

Nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarining tashabbuslari hayotimizda muhim oʻrin tutadi. Xususan, davlat dasturlari va qonun hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritib, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish loyihalari ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish boʻyicha tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, oʻrganishni talab qiladigan savollar ham anchagina. 

Fuqarolik jamiyati haftaligida ularni muhokama qilish imkoniyati boʻladi. Davlatimiz rahbarining “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Hаftalikni har yili dekabr oyining birinchi haftasida oʻtkazish rejalashtirilgan.

 Ushbu tadbir istiqbolli tashabbuslarni ishlab chiqish, shuningdek, shaffoflik va inklyuzivlikni oshirish boʻyicha muloqot va keyingi qadamlarni aniqlash uchun ochiq platforma boʻlib xizmat qiladi. Haftalik, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlarini qoʻllab-quvvatlash va davlat organlari hamda jamiyat oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilgan.

Haftalik doirasida xalqaro forumlar oʻtkaziladi, jumladan:

• Markaziy Osiyo fuqarolik jamiyati forumi;

• “Ijtimoiy mas'uliyatli biznes” jamoat forumi;

• Ayollar nodavlat notijorat tashkilotlari forumi;

• Oʻzbekiston xayriya harakatini rivojlantirish forumi;

• Oʻzbekiston va Ozarboyjon nodavlat notijorat tashkilotlari forumi;

• “Inson huquq va manfaatlarini ta'minlashda nodavlat notijorat tashkilotlari va davlat organlarining hamkorligi” mavzusida nodavlat notijorat tashkilotlarining milliy forumi. 

  Shuningdek, ochiq muhokama va muloqotlar, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarining parlament a'zolari va adliya vaziri bilan uchrashuvlari, ekologlar va atrof-muhit faollari uchun treninglar, “Biz donormiz!” xayriya aksiyasi oʻtkaziladi.

Quyidagi taqdirlash tadbirlari boʻlib oʻtadi:

• “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun” koʻkrak nishoni;

• “Oramizdagi qahramonlar” nominatsiyasi gʻoliblari;

• “Tabiat himoyachilari” nominatsiyasining  faol ishtirokchilari.

Haftalik fuqarolik sektori vakillari uchun dolzarb mavzularni muhokama qilish, demokratik qadriyatlarni targʻib qiluvchi yechimlarni ishlab chiqish, shuningdek, tajriba almashish va Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyatini barqaror rivojlantirish boʻyicha qadamlarni belgilash uchun yaxshi imkoniyat boʻladi.

“Yuksalish” harakati matbuot xizmati