Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligida fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
24-oktyabr kuni Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi doirasida “Erkin fuqarolik jamiyati va nodavlat notijorat tashkilotlarini rivojlantirish” mavzusida sessiya bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida fuqarolik tashabbuslari va nodavlat notijorat tashkilotlarining zamonaviy jamiyatlarda tutgan o‘rni, ularning ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni hal etishda qo‘shgan muhim hissasiga oid asosiy masalalar muhokama qilindi.
Yig‘ilish moderatori, “Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi” rahbari Azamat Pardayev NNTlar fuqarolar bilan muloqot va ularni qarorlar qabul qilish jarayoniga jalb qilishga ko‘maklashib, jamiyat va davlat o‘rtasida “ko‘prik” bo‘lib xizmat qilishi mumkinligini ta’kidladi.
Ishtirokchilar nodavlat notijorat tashkilotlari va davlat organlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik mexanizmlari, ular faoliyatining shaffofligi va samaradorligini oshirish yo‘llarini ko‘rib chiqdilar. Fuqarolar faolligini kuchaytirish va ijtimoiy mas’uliyatni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
– O‘zbekistonda davlat organlari huzuridagi Jamoatchilik kengashlari faoliyati to‘g‘risida Prezident qarori qabul qilindi. Bu kengashlarga davlat organini fuqarolar bilan bog‘lovchi “ko‘prik”bo‘lish vazifasi yuklatildi, dedi “Yuksalish” harakati raisi Bobur Bekmurodov. – Shuningdek, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi, unda jamoatchilik kengashlarining monitoring, ekspertiza, jamoatchilik fikrini o‘rganish bo‘yicha ish shakllari, davlat organlari va kengash vakillarining huquq va majburiyatlari belgilab berildi.
“Mintaqaviy muloqot”ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Myusha Sever erkin fuqarolik jamiyati va nodavlat notijorat tashkilotlarini rivojlantirish demokratiyani mustahkamlash va barqaror rivojlanishni ta’minlashda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi. U nodavlat notijorat tashkilotlari ijtimoiy muammolarni hal etish va fuqarolarning hayot sifatini oshirishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surishda davlatning muhim hamkori ekanini alohida ta’kidladi.
– Men ko‘pincha, jahon ziddiyatlar, ekologik inqirozlar va turli xil keskin vaziyatlarga to‘lib –toshgan bir paytda, O‘zbekiston o‘z rahbariyati, xalqi, qo‘shni davlatlar bilan muloqot va bu murakkab dunyoning turli qirralari bilan o‘zaro harakatga tayyorligi tufayli dunyoda ajoyib yangilikdir, deb aytaman, – deydi Myusha Server. – Turli sohalardagi beqiyos, ulkan ahamiyatli ko‘p asrlik an’analari, ko‘plab iqtidorli yoshlari, barcha hamkorlar va mehmonlarni ochiq yuz va samimiylik bilan qabul qiladiga tajribali va yuksak bilimli keksa avlod vakillariga ega bo‘lgan O‘zbekiston hozirgi vaqtda og‘ir davrni boshdan kechirayotgan boshqa jamiyatlar uchun hali ko‘p ishlar qilishga qodirdir. Va bu, mening anglashimcha, Prezidentingiz va boshqa buyuk hamyurtlaringiz Yangi O‘zbekiston, deya atayotgan yurtga sodiqlikning yana bir namunasidir.
Tadbirda erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish mamlakatimiz barqaror rivojlanishiga, demokratik jarayonlarni mustahkamlashga, fuqarolarning davlat boshqaruvida yanada faol ishtirok etishi uchun sharoit yaratishga xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi.
Qozog‘iston Fuqarolik Alyansi prezidenti Banu Nurgaziyeva erkin fuqarolik jamiyati ijtimoiy adolatga erishish va huquqlarni himoya qilishning muhim vositasi ekanligini ta’kidladi.
– Qozog‘istonda ham, O‘zbekistonda ham davlat institutlarini rivojlantirish uchun tashkiliy-huquqiy asoslar yaratilmoqda, – deydi Banu Nurgaziyeva. – Nafaqat qonunchilikni takomillashtirish, balki nodavlat sektorni institutsional rivojlantirishga ham jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari va nogironligi bo‘lgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash masalasi davlat tomonidan alohida nazoratga olingan. Amalga oshirilayotgan ushbu va boshqa chora-tadbirlar mamlakatimizda demokratik jarayonlarni chuqurlashtirish, O‘zbekistonda yanada kuchli va samarali fuqarolik jamiyatini shakllantirishga xizmat qiladi.
Ma’lumot: Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi 17-26 oktyabr kunlari davom etadi. Tadbirda O‘zbekiston va boshqa mamlakatlardan 300 ga yaqin ekspertlar ishtirok etmoqda.