Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda NNTlarning roli
16-oktabr kuni “Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish, tajriba almashish va samarali strategiyani ishlab chiqishda NNTlarning roli” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekistonning turli hududlaridan 30 dan ortiq nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. Davra suhbati Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) moliyaviy ko‘magida “Yuksalish” harakati tomonidan tashkil etildi.
Maqsad – nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan BRMlarni amalga oshirishda tajriba almashish, muvaffaqiyatli strategiya va loyihalarni muhokama qilish.
– Fuqorolik jamiyati institutlari, jumladan, NNT lar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash katta rol o‘ynaydi, – deydi “Yuksalish” harakati xalq va biznes hamjamiyat bilan muloqot bo‘limi boshligi Nigora Karimberdieva. – O‘zaro hamkorlik ko‘lamini kengaytirishimiz zarur. Loyihamiz O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilashga yordam beradi, bu umumiy rivojlanish jarayoni uchun muhim ahamiyatga ega. Munozaralar davomida biz NNT larning butun faoliyati barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bilan chambarchas bog‘liq ekaniyga amin bo‘ldik. Nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar ekologik muammolarni hal etish, yoshlar bilan muloqot qilish va jamiyatning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqdа.
Ma’lumot uchun: 2022-yilda “Yuksalish” harakati va Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan edi. Uning doirasida ikki mamlakat fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.
– O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan muvaffaqiyatli tashabbuslarga misollar ko‘p, – deydi Navoi viloyatidagi “Sog‘diyona” nodavlat notijorat tashkilotining rahbari Nargiza Rahmonova. – Masalan, bu - ayollarni tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘rgatish dasturlari, qishloq xo‘jaligida ayollarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalardir. Bunday tashabbuslar NNT lar va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlansa, salmoqli natijalarga erishish mumkinligini ko‘rsatadi. Nodavlat notijorat tashkilotlari, davlat idoralari va tadbirkorlik subyektlari hamjihatlikda, jinsidan qat’iy nazar, har bir inson o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi mumkin bo‘lgan jamiyatni barpo etish yo‘lida hamjihatlikda harakat qilishi kerak.
Global Civic Sharing NNT bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish maqsadlari va fuqarolik jamiyati institutlarining hamkorligi sohasida siyosiy salohiyatni mustahkamlash” loyihasini boshladi. Ushbu uch yillik loyiha doirasida KOICA koʻmagida 2023 va 2024-yillarda “NNT maktabi” oʻtkazildi, respublika miqiyosida NNTlar uchun BRMlar tushunchasi va ularni amalga oshirish boʻyicha treninglar oʻtkazildi (ikki yilda umumiy qamrov 500 dan ortiq NNT), monitoring o'tkazildi va natijalar asosida BRMni amalga oshirish bo'yicha muqobil hisobot tayyorlandi.
Loyiha doirasida O‘zbekistonda BRMlariga erishish monitoringi bo‘yicha ekspertlar tarmog‘ini shakllantirish, shuningdek, Markaziy Osiyo va Janubiy Koreya nodavlat notijorat tashkilotlari bilan BRMlarni amalga oshirish bo‘yicha tajriba almashish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish rejalashtirilgan.
“Yuksalish” harakati matbuot xizmati