@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan 2019–2020-yillarga mo‘ljallangan Qo‘shma chora-tadbirlar rejasi imzolandi

 2019-06-20 17:43:00   |     Просмотров: 3050

20-iyun kuni “Yuksalish” umummilliy harakati binosida O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ikki tashkilot o‘rtasida yaqin hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, faoliyatning umumiy yo‘nalishlari doirasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Akmal Burxanov va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi v.b. Abdulaziz Akkulov ishtirok etib, O‘zbekistonni xorijiy sayyohlar uchun yanada qulay va ochiq bo‘lishi, mamlakatimizning xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarning olib borilishi, bunda ikki tashkilot sa’y-harakatlarini birlashtirish muhimligini ta’kidladilar.

Abdulaziz Aqqulovning so‘zlariga ko‘ra, xorijiy mamlakatlarga safarlar doirasida vatandoshlar bilan doimiy ravishda uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Unda fuqarolarimiz tomonidan O‘zbekiston rivojiga hissa qo‘shish taklifi bildirilmoqda. Yurtimizni dunyoga yanada tanitishda vatandoshlarning salohiyati, tajribasidan unumli foydalanish zarur.

O‘z navbatida, Akmal Burxanov “Yuksalish” umummilliy harakati mazkur sohalarda hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi. Jumladan, Harakat bugungi kunda 2019-yil Davlat dasturining ijrosi bo‘yicha doimiy monitoring qilib bormoqda. Uning natijalarini, xususan, O‘zbekistondagi so‘nggi o‘zgarishlar, islohotlar, qabul qilinayotgan qarorlar haqidagi ma’lumotlarni xalqaro hamjamiyatga yetkazish bo‘yicha Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan qo‘shma loyihani amalga oshirishni taklif qildi.

Uchrashuv yakunida tashkilotlar o‘rtasida 2019-2020-yillarga mo‘ljallangan Qo‘shma chora-tadbirlar rejasi imzolandi. Hujjatga ko‘ra, “Yuksalish” umummilliy harakati Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda vatandoshlarning tashabbuslari hamda ular tomonidan tashkil etilgan, xorijda O‘zbekistonning turistik salohiyati va milliy brendini targ‘ib qilishga qaratilgan loyihalarni rag‘batlantirish, NNTlarning mazkur sohadagi faoliyatlarini qo‘llab-quvvatlash hamda turli mavzularda xalqaro anjuman, davra suhbatlari va muhokamalarni o‘tkazish rejalashtirilgan.

“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati