@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

"Biz – donormiz!" aksiyasi: yarim tonna qon to‘plandi

 2024-09-16 17:42:37   |     Просмотров: 1943

"Yuksalish" harakati tomonidan Respublika qon quyish markazi va uning filiallari bilan birgalikda 9-sentabrdan 13-sentabrgacha "Biz – donormiz!" aksiyasi o‘tkazildi.

Aksiya an’anaga ko‘ra iyun oyida o‘tkaziladigan Xalqaro donorlar kuniga bag‘ishlangan tadbirning davomi bo‘ldi. 

Har kuni o‘nlab insonlar qon quyishdan boshqa hayotini saqlab qolish imkoni yo‘q bo‘lgan vaziyatlarga tushib qoladilar. Bunday zaruriyat shikastlanish, jarohatlar, og‘ir kasalliklar yoki shoshilinch operatsiyalar vaqtida yuzaga kelishi mumkin.

Aksiya ishtirokchilari qon topshirishidan oldin donorlar uchun maxsus tibbiy ko‘rikdan o‘tib, salomatligi joyida ekanligi haqida ishonch hosil qilishi kerakligini bilib olishdi. Masalan, qonda gemoglobin miqdori, qon bosimi o‘lchandi, tibbiy rad etish uchun sabab bo‘la oladigan holatlar bo‘yicha savollar berildi. Bu amaliyot qon olishda muhim hisoblanadi. 
Muntazam ravishda mumkin bo’lgan miqdorda qon topshirish insonga o‘z salomatligini nazorat qilib turish imkonini beradi.

Aksiyaning ba'zi ishtirokchilari turli omillar bo‘yicha qon topshirishga rad javobi olgan bo‘lsa ham, ularning yordam qo‘lini cho‘zgani alohida tahsinga sazovordir. 
Qashqadaryo viloyatida aksiyaning birinchi kunida 204 ta odam qon topshirdi. Bu juda ahamiyatli ko‘rsatkichdir. Buxoro viloyati 127 litr qon to‘plab aksiya doirasidagi eng yuqori ko‘rsatkich qayd etgan hududga aylana oldi. 

Besh kunlnik aksiya mobaynida mamlakat bo‘ylab yarim tonnadan ziyod qon topshirildi. Bundan tashqari, aksiyaning to‘rtinchi kuni rekordlar kuni bo‘ldi. Shu kuni aksiyada 57 ta tashkilot ishtirok etdi. Mingdan ziyod befarq bo‘lmagan insonlar yordamida 547,65 litr qon to‘plandi. Bu shunchaki raqamlar emas, buning ortida qanchadan-qancha saqlab qolingan umrlar va qon quyishga muhtoj bo‘lgan insonlar uchun umid uchqunlari yotadi.

Shu bilan birga, Navoiy viloyatida ajoyib voqea guvohiga aylandik. Unda 63 yoshli faxriy donor qon topshirdi. Bu voqea, o‘zgalarga yordam berish uchun insonning yoshi kattaligi to‘siq bo‘la olmasligini yana bir bor namoyish etdi. 

"Yuksalish" harakati jamiyatda donorlik madaniyatini shakllantirishga o‘z hissasini qo‘shishda faol bo‘lishda davom etadi. Ishonamizki, bu aksiya ko‘plab boshqa tashkilotlar va xususiy tashabbuslar uchun yaxshi namuna bo‘la oladi hamda muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zish naqadar muhim ekanligi to‘g‘risidagi tushunchani rivojlantirishga yordam beradi.

Yordam berish istagingiz va faol ishtirokingiz uchun hammangizga minnatdorlik bildiramiz!