@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Ikki mingdan ziyod fuqaroga bepul yuridik maslahatlar berildi

 2024-08-29 17:38:14   |     Просмотров: 1796

Joriy yilning 20-21-avgust kunlari “Yuksalish” harakati, O‘zbekiston Notarial palatasi va “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti hamkorligida “Notariuslardan bepul huquqiy bilimlar” shiori ostida navbatdagi aksiya o‘tkazildi.

Maqsad – fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish, aholi bilan muloqot mexanizmini yaratish, huquqni qo‘llash sohasida muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etishga qaratilgan fikr-mulohazalarni tayyorlash. Shuningdek, fuqarolarga turli huquqiy muammoli masalalarda amaliy yordam ko‘rsatish.

Loyiha besh yildan buyon amalga oshirilib kelinmoqda. Birinchi yildagi – 2020-yilda qamrov bo’yicha 607 nafar fuqaroni tashkil etgan bo‘lsa, bu yil avval o‘tkazilgan tadbirlarni hisobga olgan holda to‘rt ming nafardan oshdi.

Fuqarolar murojaat qilgan ommabop masalalar qatorida ko‘chmas mulkni sotish – 610, meros huquqi – 385, oilaviy munosabatlar – 370, ishonchnomani rasmiylashtirish – 303, hadya – 167, hujjatlar tarjimasini tasdiqlash va migratsiya – 126, ijara munosabatlari – 51, boshqa masalalar – 189 murojaat kelib tushdi va ularga tushuntirshlar berildi. Bundan tashqari, 300 dan ortiq fuqarolarga turli masalalar bo‘yicha ariza yozishda yordam ko‘rsatildi.

Bu galgi aksiyada respublikamizning 31 ta lokatsiyasida 136 nafar notarius va yurist xodimlari tomonidan 2660 dan ziyod fuqaroga yakka tartibda bepul huquqiy maslahatlar berildi. Bundan tashqari, aholi bilan 35 dan ziyod davra suhbarlari va uchrashuvlar o‘tkazildi.

Huquqiy aksiyada eng ko‘p fuqaro Qashqadaryo viloyatida ishtirok etdi – 603 nafar.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi “Notariat to‘g‘risida”gi Qonunining Notarial palataga bag‘ishlangan bobida aholining huquqiy bilimlarini va huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan huquqiy targ‘ibot tadbirlarini amalga oshirish belgilab qo‘yilgan.

“Yuksalish” harakati va Notarial palata o‘rtasidagi hamkorlik 2020-yil sentyabr oyida ikki tashkilot o‘rtasida imzolangan Memorandum doirasida yo‘lga qo‘yilgan. Shu vaqtgacha fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, notariat sohasini isloh qilish jarayoniga fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, ekspert va olimlarni faol jalb etish, shu jumladan, xayriya tadbirlari va joylarda targ‘ibot ishlarini o‘tkazish bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. 

“Yuksalish” harakati matbuot xizmati