@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Xitoyning Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti hamda ShHT xalq diplomatiyasi markazi bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi

 2019-06-19 21:17:00   |     Просмотров: 3246

19-iyun kuni “Yuksalish” umummilliy harakati vakillarining Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti hamda O‘zbekistonda ShHT xalq diplomatiyasi markazi ekspertlari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. 
Shu kunlarda Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti direktor o‘rinbosari boshchiligidagi delegatsiya “Yuksalish” umummilliy harakati taklifiga binoan O‘zbekistonda mehmon bo‘lib turibdi. Bu haqda joriy yilning may oyida Pekin shahrida Osiyo sivilizatsiyalariga bag‘ishlangan birinchi xalqaro anjuman doirasida tashkil etilgan uchrashuv davomida kelishib olingan edi.


Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad – O‘zbekiston va Xitoy ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, shuningdek Xitoyning kelgusida Markaziy Osiyo davlatlari bilan xalqaro aloqalarini rivojlantirish. Delegatsiya a’zolari mamlakatimizga tashrif davomida qator tashkilotlarda ham uchrashuvlar o‘tkazadi. Jumladan, Samarqand shahridagi “Ipak yo‘li” turizm universitetida bo‘lib, mahalla instituti tajribasi bilan tanishadilar.


“Yuksalish” umummilliy harakatida bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida tomonlar ShHT va “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida hududiy hamkorlikning dolzarb jihatlarini muhokama qildilar. Shuningdek, joriy yilning 13-14 iyun kunlari Bishkek shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlari kengashi majlisi yakunlari bo‘yicha fikr almashdilar. Xususan, O‘zbekiston va XXR yetakchilari tomonidan Sammit doirasida ilgari surilgan tashabbuslar haqida so‘z yuritildi. 
 


 

Jumladan, direktor o‘rinbosari Sun Li O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan bildirilgan resurs tejaydigan va ekologik toza texnologiyalarni keng joriy etish maqsadida ShHTning «yashil belbog‘i» dasturini qabul qilish taklifi hududdagi savdo-iqtisodiy sohalarni rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Muloqot davomida Xitoy delegatsiyasi a’zolari ikki davlat rahbarlarining tashabbuslarini yanada rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma tadbirlar o‘tkazish taklifini bildirdilar.
Bundan tashqari, tashkilotlar o‘rtasida qo‘shma tadqiqotlar olib borish va uning natijalariga bag‘ishlangan adabiyotlar chop etish masalasi muhokama qilindi. Jumladan, “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Akmal Burxanov O‘zbekistondagi o‘zgarishlar jarayoni haqida maxsus nashr tayyorlanayotgani va uning bir qismini o‘zbek-xitoy munosabatlari mavzusiga bag‘ishlash mumkinligini aytib o‘tdi. O‘z navbatida, Xitoy vakillari o‘zbekistonlik ekspertlarning maqolalarini “Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo” hamda “Yevroosiyo iqtisodiyoti” jurnalida chop etishga tayyorligini bildirib o‘tdilar.
Muzokaralar davomida, shuningdek O‘zbekistonda ShHTning Xalq diplomatiyasi markazi direktori, senator Raxmatulla Nazarov xitoylik ekspertlarga hamkorlikda Xalq diplomatiyasi forumini o‘tkazishni taklif qildi.  
Fikr va mulohazalarga boy bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakunlariga ko‘ra, “Yuksalish” umummilliy harakati Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti hamda O‘zbekistonda ShHTning Xalq diplomatiyasi markazi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. 


Ma’lumot uchun: Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti XXRda jamiyat va ijtimoiy fanlar sohasida tadqiqotlar olib boruvchi yuqori ilmiy tashkilot hisoblanadi. Akademiya mamlakatning eng yirik shaharlarida o‘z filiallariga ega bo‘lib, keng qamrovli ilmiy-tadqiqotlar olib boradi. 
Akademiya tarkibida 31 ta tadqiqot institutlari va 300 dan ortiq sohalar bo‘yicha ilmiy ishlar olib boruvchi 45 ta markaz mavjud. 
   

“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati