“NNTlar maktabi”ning navbatdagi bitiruvchilari Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni monitoring qilish metodologiyasini o‘rgandi
Joriy yilning 25—28-iyun kunlari O‘zbekistonning turli hududlaridan 28 nafar nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari navbatdagi “NNTlar maktabi” doirasida bilim va ko‘nikmalarini oshirdi. Bu galgi maktab mavzusi “Barqaror rivojlanish maqsadlari va ularga erishishni monitoring qilish metodologiyasi” bo‘ldi.
Treninglar “Yuksalish” harakati tomonidan Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) moliyaviy ko‘magida tashkil etildi.
Ma’lumot uchun: 2022-yilda “Yuksalish” harakati hamda Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolangan. Memorandum doirasida ikki mamlakatning fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik o‘rnatish ko‘zda tutilgan bo‘lib, mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlari salohiyatini oshirish maqsadida “Koreya-O‘zbekiston NNTlar maktabi” ta’lim dasturi ishga tushirilgan.
2023-yilda Koreyaning “Global Civic Sharing” nodavlat tashkiloti bilan hamkorlikda “Barqaror rivojlanish maqsadlari sohasida siyosiy salohiyatni va Markaziy Osiyoda fuqarolik jamiyati institutlari hamkorligini mustahkamlash” loyihasi yo‘lga qo‘yildi. KOICA tomonidan qo‘llab-quvvatlangan mazkur uch yillik loyiha doirasida “NNTlar maktabi” tashkil etildi.
Bu yil yettinchi marta o‘tkazilayotgan “NNTlar maktabi” shu vaqtga qadar 120 nafar fuqarolik jamiyati vakillarining loyiha yozish va ularni boshqarish bo‘yicha salohiyatini oshirish, tashkiliy rivojlanish, ilg‘or tajribalar bilan almashinish uchun samarali platforma bo‘lib xizmat qilmoqda.
Navbatdagi maktab ishtirokchilari barqaror rivojlash maqsadlarining ahamiyati va ularga erishish ko‘rsatkichlari, mustaqil milliy sharh va muqobil hisobotni tayyorlash metodlari, fuqarolik jamiyati tashkilotlari tomonidan o‘tkaziladigan monitoring usullari, baholash vositalarini o‘rgandi. Bundan tashqari, koreyalik mutaxassislar Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishdagi xalqaro tajribani baham ko‘rishdi.
“Yaqinda Koreya prezidentining O‘zbekistonga tashrifi ikki xalq munosabatlarini yangi bosqichga ko‘targaniga guvoh bo‘ldik. Asosiy maqsadimiz – Koreyadagi nodavlat tashkilotlarini O‘zbekistonga jalb qilish, ekspertlik ko‘magi, turli innovatsion g‘oyalarni olib kirishga yordam berish. Hamkorlik doirasidagi to‘rt kunlik intensiv treninglarga koreyalik ekspertlarni jalb etdik. Kelgusida O‘zbekistondagi NNTlar vakillariga Koreyada malaka oshirish imkonini berish ham ko‘zda tutilgan”, - dedi KOICA'ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari So Van Su.
“Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va global strategik rejalashtirish bo‘yicha ekspert sifatida men turli mamlakatlardagi rivojlanish taraqqiyoti va BRMni amalga oshirilishini yaqindan kuzatib kelmoqdaman. Tarix va madaniyatga boy davlat bo‘lgan O‘zbekiston 2015 yilda qabul qilingan BRMga erishish yo‘lida ilg‘orlik ko‘rsatib kelmoqda. Mamlakatning resurslarini to‘g‘ri safarbar etishi, institutlarni mustahkamlashi va hamkorlikni rivojlantirishga sodiqligi barqaror rivojlanish uchun kuchli namuna bo‘lib xizmat qilmoqda. O‘zbekiston bu yo‘lda davom etar ekan, 2030 yilga borib o‘zining barcha fuqarolari uchun yanada farovon va adolatli kelajakka o‘z hissasini qo‘shgan holda maqsadlarga erishish yo‘lida muhim qadamlar qo‘yishga tayyorligini ko‘rdim”, - deydi koreyalik ekspert Sung Xo Li.
“NNTlar maktabi”ni tamomlagan vakillardan iborat O‘zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni monitoring qilish bo‘yicha mutaxassislar tarmog‘ini shakllantirish, respublika bo‘ylab trener-maslahatchilar tayyorlash, monitoring va baholash rejalarini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.
Maktab bitiruvchilariga sertifikatlar topshirildi.
“Yuksalish” harakati matbuot xizmati