@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

2023-yilda Farg‘ona viloyatida muqobil energiya bilan ta’minlangan ijtimoiy obyektlar holati yuzasidan jamoatchilik monitoringi o‘tkaziladi

 2024-05-24 15:50:19   |     Просмотров: 1480

Joriy yilning 27—29-may kunlari “Yuksalish” harakati tomonidan Konrad Adenauer jamg‘armasining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi ko‘magida 2023-yilda muqobil energiya bilan ta’minlangan ijtimoiy obyektlar va “Yoshlar daftari” jamg‘armalari orqali subsidiyalar ajratilishi natijasida yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha Farg‘ona viloyatida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan jamoatchilik monitoringi o‘tkaziladi.

Ma’lumki, “O‘zbekiston–2030” strategiyasining 51-maqsadida “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish, uning asosi bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish ko‘rsatkichlarini keskin oshirish bo‘yicha bir qator vazifalar belgilangan.

So‘nggi yillarda dunyoda kuzatilayotgan energiya inqirozi aholining energiyaga bo‘lgan ehtiyojini muqobil energiya manbalaridan foydalangan holda ta’minlash dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Bu borada o‘tgan yillarda, ayniqsa tibbiyot, ta’lim va aholiga boshqa davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlarni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida ularga davlat budjeti mablag‘lari hisobidan quyosh panellari o‘rnatilgandi.

Shuningdek, Strategiyaning 32-maqsadida “Yoshlar daftari” jamg‘armalari orqali ish bilan band bo‘lmagan yoshlarni kasbga o‘qitish, hunar o‘rgatish va ularga subsidiyalar berish orqali bandligini ta’minlash va mamlakatda kambag‘allik darajasini qisqartirish bo‘yicha vazifalar belgilangan. Unga ko‘ra, 2023—2024-yillarda 500 ming nafar yoshlar bandligini ta’minlash maqsad qilingan.

Jamoatchilik monitoringida Farg‘ona va Marg‘ilon shaharlari, Farg‘ona, Oltiariq va Toshloq tumanlarida ijtimoiy obyektlarga o‘rnatilgan quyosh panellaridan foydalanish holati va yoshlarning ishsizlik darajasini kamaytirish bo‘yicha qilingan ishlar joyiga chiqib o‘rganiladi.

Mazkur jamoatchilik nazorati tadbirlariga jamoat faollaridan tashqari soha mutaxassislari ham taklif etiladi. Monitoring yakunlari bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqilib, manfaatdor idoralarga taqdim etiladi.

“Yuksalish” harakati matbuot xizmati