@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

O’zbekiston va Qirg’iziston vakillari mahalliy boshqaruv bo’yicha tajriba almashdi

 2024-04-27 13:09:00   |     Просмотров: 2406

Joriy yilning 25-26-aprel kunlari Bishkek shahrida “Markaziy Osiyoda mahalliy rivojlanishni boshqarish modeli” mavzusida mintaqaviy seminar tashkil etildi.

Maqsad – manfaatdor tomonlar, ya’ni Qirgʻiziston va Oʻzbekiston oʻrtasida tajriba almashish, mahalliy davlat hokimiyati organlarining tizimli xususiyatlarini aniqlash va optimal mintaqaviy modelni shakllantirish.

Seminarda O‘zbekiston va Qirg‘iziston ekspertlari hamjamiyati, milliy va submilliy davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari (jami 50 nafar) ishtirok etdi.

Ishtirokchilar mahalliy boshqaruvni rivojlantirish bo’yicha olgan bilimlari bilan o’rtoqlashishdi hamda mintaqa mamlakatlariga xos boshqaruv tizimlari, umumiy tarix, an’ana, madaniyatlar bilan bog’liq tajribalarni muhokama qilishdi.

“Mahalliy oʻzini oʻzi boshqarish oʻz anʼanalari, tarixi va madaniyatiga sodiq boʻlgan mahalliy hamjamiyatlarning talablari va ehtiyojlarini qondirgandagina kuchli va muvaffaqiyatli boʻladi. Qirg‘iziston va O‘zbekistondagi mahalliy jamoalar o‘zini o‘zi boshqarishning o‘ziga xos an’anaviy shakllari – qurultoy, mahalla, ashhar va boshqalarga ega. Bugungi kunda ular qonunchilikda ham, hayotda ham mamlakatimizda mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish tizimida yangi mazmun, yangi timsol kasb etmoqda, - deydi Markaziy Osiyo mahalliy davlat hokimiyati akademiyasi direktori Asel QURMANALIEVA.

“Seminarda mintaqamizdagi mahalliy boshqaruvning qonunchilik doirasidagi va an’anaviy modellarini ko’rib chiqdik. Bunda boshqaruvchi va ijro etuvchi organlarni mahalliy kengashlar misolida, yoshlar, ayollarning inklyuziv rivojlanishini  mahalliy hamjamiyatlar misolida tahlil qildik. Shuningdek, mahalliy byudjet, shaffoflik, hududlarning iqtisodiy rivojlanishini rejalashtirish kabi masalalarni muhokama qildik. Guruhlarga bo’lingan holda va qirg’izistonlik hamkasblar bilan birgalikda fikr, tajriba almashish uchun imkoniyat bo’ldi”, - deydi seminarda ishtirok etgan “Yuksalish” harakatining Xalqaro aloqalar bo’limi bosh koordinatori Dilorom ROZIQOVA.

Seminar yakunida mahalliy boshqaruv sohasida kelgusida hamkorlikda olib boriladigan tadqiqotlar uchun yo‘nalishlar belgilandi, islohotlar bo'yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.

Tadbir Buyuk Britaniya hukumati tomonidan Taraqqiyot siyosati instituti va Markaziy Osiyo mahalliy boshqaruv akademiyasi orqali moliyalashtirilayotgan “Iqtisodiy rivojlanish uchun samarali boshqaruv” (EGED) dasturi doirasida tashkil etildi.

“Yuksalish” harakati matbuot xizmati