@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

O‘zbekistonning ikki loyihasi Markaziy Osiyodagi 10 ta eng yaxshi fuqarolik tashabbuslari qatoridan joy oldi

 2019-06-18 18:06:00   |     Просмотров: 4250

“Yuksalish” umummilliy harakati vakillari Olmaota shahrida bo‘lib o‘tgan ikkinchi Innovatsion festivalda ishtirok etdilar.
Festival tadbirlari Qozog‘istonning Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish assotsiatsiyasi tomonidan AQShning xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Innovatsiyalar uchun hamkorlik” dasturi doirasida o‘tkazilgan “Rivojlanish tarixi: ichkaridan nazar” mavzusidagi o‘ninchi xalqaro anjumani bilan boshlandi.


Anjuman fuqarolik jamiyati, davlat idoralari va biznes hamjamiyati vakillari ishtirokida hududlarda fuqarolik jamiyatining kelajagi va ularning rivojlanish istiqbollarini muhokama qilish, tajriba va innovatsion g‘oyalar bilan almashish, yangi hamkorlar orttirish uchun muloqot maydoni bo‘lib xizmat qildi. Tadbirda Afg‘oniston, Germaniya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston, AQSh, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston, Chexiya, Shvetsiya va boshqa davlatlarning 250 dan ortiq ekspertlari ishtirok etdi.
Ishtirokchilar guruhlarga bo‘lingan holda ijtimoiy tadbirkorlikni rivojlantirishning dolzarb jihatlari, barqaror va inklyuziv rivojlanish, ijtimoiy kampaniyalarni ilgari surish, shaffoflik va fuqarolar ishtirokini ta’minlash, shu jumladan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida, shuningdek kommunikatsiyalar, mahalliy o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, NNTlarni moliyalashtirish samaradorligini oshirish masalalarini muhokama qildilar.


“Yuksalish” umummilliy harakati ijrochi direktori Bobur Bekmurodov anjuman ochilish marosimida so‘zga chiqib, bugungi kunda O‘zbekistonda barcha sohalarda keng miqyosdagi islohotlar amalga oshirilayotganligini ta’kidladi. Transformatsiya jarayonlari davomida xalq bilan muloqot, fuqarolarning faolligini oshirish, davlat idoralarini aholining dolzarb muammolari hal etish bo‘yicha faoliyatini qayta yo‘lga qo‘yish jarayonlariga jalb qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.


So‘nggi yillarda O‘zbekistonda mazkur yo‘nalishda qator huquqiy hujjatlar qabul qilindi. “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida”gi, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi, Davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari faoliyatini tashkillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qarori va boshqalar shular jumlasidan. Davlat rahbarining “Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatlaridagi qator cheklovlar olib tashlandi, shuningdek NNTlar sa’y-harakatlarini birlashtirishga qaratilgan zamonaviy va shaffof maydon bo‘lishga xizmat qiluvchi Prezident huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha Maslahat kengashi tashkil etildi. 
Keng miqyosli o‘zgarishlar jarayonida ilg‘or xorijiy va eng yaxshi tajribalarni o‘rganish muhim ahamiyatga ega. Shu munosabat bilan, asosiy rolni, birinchi navbatda, tezkor va samarali tajriba almashish, amalga oshirilayotgan tashabbuslar bo‘yicha ekspertizalar, tahlil markazlari bilan uchrashuvlar va eng yaxshi amaliyotlar taqdimoti uchun birgalikdagi munozaralar platformalarini yaratish orqali hamkorlikni rivojlantirish muhim ahamiyatga ega. Markaziy Osiyo mintaqasining yagona fikri alohida davlatlarning u yoki bu masalarga bo‘lgan qarashidan zarvorliroqdir.
Anjuman doirasida, shuningdek “Amazing People Prize” sovrini uchun Markaziy Osiyo bo‘yicha 10 ta eng yaxshi fuqarolik tashabbuslari taqdirlandi. O‘zbekistondan Anisa Shamsutdinova (“Downside sport” nodavlat ijtimoiy-axborot loyihasi) va Valentina Boyarinova (“Tinchlik suv” NNT)lar g‘oliblar qatoridan joy egalladi.

“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati