@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

“Yuksalish” harakati va UNFPA vakillari ikki tomonlama hamkorlikni muhokama qildi

 2024-04-03 12:41:54   |     Просмотров: 184

Joriy yilning 2-aprel kuni “Yuksalish” harakatining anjumanlar zalida BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Jamg‘armaning mamlakatimizdagi doimiy vakili Nigina Abaszade, o‘rinbosari Kamolxon Inomxo‘jayev, gender masalalari bo‘yicha mutaxassis Dilora G‘aniyeva, jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha mutaxassis Nazokatxon Fayzullaevalar ishtirok etdi.

“Yuksalish” harakati raisi Bobur Bekmurodov mehmonlarni tashkilot faoliyati, O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, o‘zgarishlar bilan tanishtirdi.

UNFPA vakillari ijtimoiy yo‘naltirilgan loyihalari haqida ma’lumot berdi. Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish, qarorlar qabul qilishda bolalar va yoshlar ishtirokiga tizimli yondashuvni ta’minlash, shuningdek, jurnalist va blogerlarni tayyorlash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash tashabbuslari shular jumlasidandir.

Mehmonlar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan siyosiy va iqtisodiy islohotlarni, shuningdek, “Yuksalish”ning mamlakatimizdagi islohotlarni ilgari surishdagi hissasini yuqori baholadi. Harakat fuqarolik jamiyati, davlat idoralari va parlament oʻrtasidagi oʻziga xos “koʻprik”ga aylanib bormoqda.

Tomonlar ikki tomonlama hamkorlik istiqbollarini, shuningdek, o‘zaro anglashuv memorandumini imzolash va “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish imkoniyatlarini muhokama qildi.

Ma’lumot uchun: UNFPA’ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi 1993-yilda ochilgan bo‘lib, o‘shandan beri mamlakatimizda ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirishda texnik va maslahat yordamini ko‘rsatib kelmoqda.

"Yuksalish" harakati matbuot xizmati