@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Factchecking va informatsion xavfsizlik

 2024-04-02 15:13:21   |     Просмотров: 184

“Biz informatsion asrda yashayapmiz” degan ibora hammaga tanish va oddiy gapga aylandi. Biroq bu ibora juda murakkab va keng qamrovli bo‘lib, uning informatsion siyosatida namoyon bo‘lishi shu sohada ish yuritayotgan odamlardan tegishli tayyorgarlikni taqozo etadi. Bu sohada o‘ziga yarasha bir qator tushuncha va atamalar mavjud, masalan, informatsion makon, informatsion ta’minot, informatsion bozor, informatsion iste’mol, informatsion siyosat, informatsion xavfsizlik va boshqalar.

Informatsion jarayonlarda adashib qolish oson. Biz axborotning iste’molchisi sifatida quyidagi uch toifa ma’lumotlarni doim qabul qilamiz, ya’ni: ma’lumot to‘la va to‘g‘ri; to‘g‘ri, lekin, cheklangan (to‘la emas), butunlay yolg‘on va noto‘g‘ri. Ulardan qaysi birini qabul qilganimizni darrov aytolmaymiz.

Iqtisodiyotda “ta’minot zanjirlari” degan tushuncha bor, uni informatsion sohaga qo‘llab “ma’lumot zanjirlari” deb unda aynan ma’lumotning manbadan tortib iste’molchigacha yetib kelish jarayoni nazarda tutiladi. Va bu makonda ma’lumot oqimi toza yoki bulg‘angan bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, yuqorida aytilgan uch toifa ma’lumotlarni har bir konkret vaziyatda bir- biridan qanday ajratish mumkin?

Factchecking (faktcheking) degan uslub mavjud, bu – ma’lumotni tekshirish degani. Uning maqsadi ma’lumotga mas’uliyatli yondashgan holda iste’molchiga haqqoniy ma’lumotni yetkazish va yolg‘on ma’lumotdan xoli ta’minot zanjirlarini yaratishdir. Buni aytish oson, ammo bunga erishish juda qiyin.

Hammaga ma’lum, informatsion makon bugungi kunda mish-mishlar, uydirmalar, bo‘htonlar, manipulyatsiyalar, feyklar va shularga o‘xshash zararli jarayonlarga to‘lib ketmoqda. Shuning uchun, albatta, ma’lumot kelishi bilan darrov unga ishonish noto‘g‘ri bo‘ladi, demak, ma’lum darajada ma’lumotga shubha bilan qarash zarur bo‘ladi. Faktchekingning asosiy talablaridan biri – bu ma’lumotning birlamchi manbasini topish va muayyan ma’lumotni bir necha manbalar orqali tekshirib ko‘rish.

Shuni unutmaslik kerakki, hammamiz axborot tashuvchimiz va axborotni tarqatishda hamda qabul qilishda obyektiv talqinlar bilan bir qatorda subyektiv talqinlar ham ko‘p bo‘ladi. Bir vaqtlar mashhur siyosatshunos olim Gans Morgentau: "Biz o‘z tahlilimizda siyosatchining shaxsiy motivlarini milliy manfaatlardan ajrata bilishimiz zarur", deb ogohlantirgan edi. Darhaqiqat, muayyan ma’lumot yoki xabar kimning manfaatiga ko‘proq javob beradi, degan savolni o‘rganish muhimdir.

Faktchekingda ma’lumotni tasdiqlovchi manbalardan tashqari, ularga muqobil bo‘lgan tomonlarni ham talqinlarini tushunishga harakat qilish kerak. Yolg‘on ma’lumot nafaqat maqsadli, ya’ni yovuz maqsadda tarqatilishi mumkin, balki ma’lum bir texnikaviy xato, kasbiy mas’uliyatsizlik, e’tiborsizlik va hatto hazil natijasida yuzaga kelishi mumkin. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda aylanayotgan ma’lumotlarga ehtiyot ko‘zi bilan qarash muhimdir.

Keling, hayotiy vaziyatlardan ayrim misollarni ko‘rib chiqamiz.

1-misol. Ijtimoiy fikrni shakllantirish. Avtoritar mamlakatlarda ko‘p uchraydigan holat: hokimiyat o‘ziga ma’qul bo‘lgan ijtimoiy fikrni yaratish maqsadida turli propaganda va manipulyativ ma’lumotlardan foydalanadi va ijtimoiy so‘rovlar natijalarini ba’zan soxtalashtirish orqali o‘z foydasiga ko‘rsatishga harakat qiladi. Natijada hokimiyat o‘zini ham, jamiyatni ham aldaydi. Demak, haqiqiy voqelikni to‘g‘ri tasavvur qilish uchun mustaqil sotsiologik tadqiqotlar olib boradigan markazlar bo‘lishi shart. O‘shanda ijtimoiy fikrning asl holatini bilishimiz mumkin.

2-misol. G‘ayriilmiy, sun’iy va asossiz ma’lumotlar orqali jamiyatni sohta g‘oyalarga ishontirish va muayyan siyosiy qarorga erishish. Masalan, mehnat muhojirlar (migrantlar) masalasini ro‘kach qilgan holda ayrim ekspertlar O‘zbekiston Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoq degan tashkilotga kirishi kerakligini asoslab berishga harakat qilmoqda. Vaholanki, bunday siyosiy qarorni qabul qilishni asoslovchi barcha dalillar bu borada sohta bo‘lib chiqdi. Demak, ilmiy faktcheking qilsak, migrantlarning masalasini YEOIIga a’zo bo‘lish-bo‘lmaslik masalasi bilan aralashtirmaslik kerak.

3-misol. Yolg‘on stereotiplar. Masalan, ko‘plab odamlar mafkuraviy og‘ishga chalinib, aksil-g‘arbona tasavvurlarga ega bo‘lib, doim AQSHni, Yevropani qoralab yuradi va shu orqali G‘arbni bizning mamlakatimizdan o‘zlari bilgan-bilmagan holda begonalashtiradi. Misol uchun, Rossiyani Ukrainada olib borayotgan urushni oqlash maqsadida odamlar umuman tekshirilmagan (ya’ni faktcheking qilinmagan) ma’lumotga tayanib, masalani yaxshi o‘rganmasdan turib, Ukrainada Rossiya neonatsizmga qarshi kurashyapti, deb ta’kidlashadi.

4-misol. Buyurtma. Shuni ham inobatga olish kerakki, ommaviy axborot vositalarining "egalari" bo‘ladi va ular, kerak bo‘lsa, o‘z tomonidan buyurtma berib ma’lumotni noxolisona talqin qilishga hissa qo‘shishi mumkin. Bir tomondan, davlat OAVda ma’lumot tarqalishini nazorat qilishi mumkin; ikkinchi tomondan, xususiy OAVlarning egalari yoki yirik homiylar ma’lumotni muayan shaklda va mazmunda tarqatishga ta’sir qila oladi. Shular qatoriga televideniyedagi propaganda kanallari va internet saytlari ham kiradi. Darvoqe, propaganda kanallarining zararli ta’siriga barham berish maqsadida ayrim davlatlarda ularni to‘xtatish va bloklash chorasi ham ko‘rilyapti.

5-misol. “Trollar fabrikasi”. Bugun u keng tarqalib ketdi. Misol uchun, ijtimoiy tarmoqlarda yoki Youtube kanallarida olim, ekspertlarning intervyu va suhbatlari ostiga yoziladigan izohlarning ko‘plari nomsiz trollarniki bo‘lib, ular shu olimlar va ekspertlarni qoralash, ularning sha’niga dog‘ tushirish maqsadida tamg‘alar osish, bo‘htonlar tarqatish bilan ovora bo‘lyapti. Bu “faoliyat” esa ko‘pincha maqsadli bo‘lib, inson to‘g‘risida yolg‘on tasavvur uyg‘otishga olib keladi. Demak, bu masalada faktcheking izohlar orasida shaxsiyatga dog‘ tushiruvchi, haqoratli, tamg‘alar osuvchi gaplarni ajratish orqali amalga oshiriladi.

Xulosa o‘rnida... Informatsion makonda oddiy insonlarning tirikchiligidan tortib to milliy xavfsizlikka oid ma’lumot zanjirlari davlat va jamiyat hayotiga turlicha ta’sir qilib kelmoqda. Ayniqsa, milliy xavfsizlik, to‘g‘rirog‘i, axborot xavfsizligi sohasi bugungi kunda davlatning ichki va tashqi siyosatida proaktiv yondashuvni taqozo etmoqda. Boz ustiga, endi hayotimizga shartli ravishda “an’anaviy” ma’lumot yurishidan tashqari sun’iy intellekt kirib kelmoqda. Sun’iy intellektni faktcheking qilish u yoqda tursin, uning o‘zi insonlarni cheking qilish xavfi to‘g‘risida bugun butun dunyo bong urmoqda. Mana shu voqelikka tezkor ravishda tayyorlanib borishimiz darkor.

Farhod Tolipov, siyosatshunos (PhD)