@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Ekspertlik muhokamasi: “O’zbekistonda badiiy ijod erkinligi va boshqa madaniy huquqlarni himoya qilish”

 2024-03-12 16:14:24   |     Просмотров: 2926

11-mart kuni Xalqaro yuristlar komissiyasi, "Yuksalish" harakati, “Ilhom” teatri va YUNESKO tomonidan “O`zbekistonda badiiy ijod erkinligi va boshqa madaniy huquqlarni himoya qilish” mavzusida xalqaro jamoatchilik muhokamasi o'tkazildi.

Tadbir tegishli davlat davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar va jamoat birlashmalari vakillarini bir nuqtaga jamladi. Muhokama maydoni sifatida bejizga “Ilhom” teatri tanlanmadi. Unda Oʻzbekiston sharoitida madaniy huquqlarni taʼminlash masalalari, umuminsoniylik va xilma-xillikni rag'batlantirishda davlat va fuqarolik jamiyatining roli muhokama qilindi. Bundan tashqari, muloqot davomida O‘zbekistondagi teatrlar, galereyalar, davlat va xususiy maydonlarda badiiy ifoda uchun xavfsiz muhitni ta’minlshning huquqiy asoslariga to’xtalib o’tildi.

O‘zbekiston BMTning to‘la huquqli a’zosi va shu bilan birga davlatimiz inson huquqlari sohasidagi so‘z erkinligini uning barcha ko‘rinishlarida, jumladan, badiiy shaklda ham namoyon qiluvchi fundamental xalqaro hujjatlarga qo‘shilgan. Bular: Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt hamda Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt. Aytish kerak, mazkur va boshqa hujjatlar bugungi kunda O‘zbekistonda davlat miqyosida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan hamohangdir.

Yig‘ilishda madaniy huquqlar bo‘yicha maxsus ma’ruzachining so‘nggi ma’ruzasida madaniy huquqlar umumbashariylik va xilma-xillik tamoyillarining ajralmas qismi ekanligi, inson qadr-qimmati, o‘zligiini badiiy va badiiy bo‘lmagan shakllarda namoyon etishini ta’minlashi  ta’kidlandi.

Xalqaro huquqshunoslar komissiyasining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha dasturlari direktori v.v.b. Temur Shokirov insonning madaniy huquqlari Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro paktda mustahkamlanganini taʼkidladi.

— Ushbu hujjat Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi bilan bir qatorda davlatlarni keng ko'lamli madaniy huquqlarni, jumladan, badiiy so'z erkinligini hurmat qilish, himoya qilish va bajarish majburiyatini yuklaydigan huquqiy asosni taqdim etadi. Xalqaro paktda ishtirok etuvchi davlatlar, jumladan, O‘zbekiston ham ularning to‘liq himoyasini ta’minlashi va ijodkorlarning madaniy xilma-xillikka malolsiz hissa qo‘shishi mumkin bo‘lgan muhitni yaratish tarafdori bo‘lishi shart, - deydi u.

Yevropa Ittifoqining O'zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian ushbu ekspert muhokamasi muhim ahamiyatga ega ekanligini, bunda turli tomonlarning fikrini eshitish, muammolarni aniqlash imkoniyati borligini ta'kidladi.

“O‘zbekiston o‘zining boy an’analari, tarixi va rang-barang madaniy merosi bilan madaniy huquqlarning asosiy ahamiyatini tan oladi hamda Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktni imzolagan davlat sifatida ushbu huquqlarni jahon miqyosida faol targ‘ib qilmoqda. Ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, madaniyatlararo muloqotni rivojlantirishga qaratilgan turli tashabbuslarni ilgari surmoqda. Bugungu muhokamada madaniy huquq faollari, ijodkorlar duch kelayotgan muammolarga yechim topilishiga umid qilamiz” – deydi u.

“Biz O‘zbekistonda davlat va jamiyat o‘rtasida ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish orqali madaniy huquqlarni himoya qilish naqadar muhim ekanini tushunamiz. Bunda inklyuziya, jumladan, badiiy ifoda uchun xavfsiz muhit yaratish ham muhim o‘rin tutadi. Bu borada fuqarolik jamiyati institutlari ham o‘z hissalarini qo‘shmoqda. Mamlakatimizda madaniy huquqlarni himoya qilish borasidagi ishlar hali takomillashtirilmoqda. Sohadagi mavjud muammolarni bir kunda hal qilib bo‘lmaydi. Lekin, shunday kichik qadamlar bilan global maqsadlarga erishish mumkin”, - deydi “Yuksalish” harakati raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov.

Shuningdek, tadbirda ishtirok etgan davlat va nodavlat teatrlari, xususiy galereyalar, ijodiy markazlar vakillari hamda ijodiy loyihalar tashabbuskorlari o’z faoliyatida duch kelayotgan muammolarga to’xtaldi.

Tadbir yakunida ishtirokchi-ekspertlarning fikr-mulohazalari asosida muammo va tavsiyalarni aks ettiruvchi tahliliy hujjat tuzish rejalashtirildi.

Ma'lumot uchun: ushbu tadbir Yevropa Ittifoqi moliyalashtirayotgan va Xalqaro yuristlar komissiyasi, “Yuksalish” harakati tomonidan amalga oshirilayotgan “O'zbekistonda xalqaro huquqni qo'llash sifatini oshirish” (EQUAL) loyihasi doirasida tashkil etildi. Loyihaning asosiy maqsadi – fuqarolik jamiyatini qoʻllab-quvvatlash orqali Oʻzbekistonda kamsitilishlarga moyil boʻlgan guruhlarning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarini teng himoya qilishga koʻmaklashish.

"Yuksalish" harakati matbuot xizmati