@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

“Yuksalish” harakatining 2023-yildagi faoliyati sarhisobi

 2023-12-31 13:03:59   |     Просмотров: 3038

Bu yil “Yuksalish” umummilliy harakati faoliyatini boshlaganiga besh yil bo‘ldi. Joriy yilda ham Harakat o‘z oldiga qo‘ygan maqsad va vazifalaridan kelib chiqib, yangi-yangi tashabbuslarni ilgari surdi, bir qancha ijtimoiy loyihalarni amalga oshirdi, dolzarb masalalarda chaqiriqlar qildi, hamkorlik yo‘nalishini kengaytirdi, xayriya ishlarini davom ettirdi.

A’zolarimiz 60 mingga yaqinlashdi

Shu yilning o‘zida “Yuksalish” harakatiga 40 mingdan ziyod hamyurtlarimiz – davlat organlari, jamoat tashkilotlari, yoshlar vakillari, xorijdagi vatandoshlar, tadbirkorlar, mahalla faollari va umuman Vatani ravnaqiga befarq bo‘lmagan oddiy fuqarolar a’zolikka qabul qilindi. Ular mamlakatimizdagi islohotlarning faol ishtirokchilaridir, biz esa ularni birlashtirishni maqsad qilganmiz.

Xalqaro tashkilotlar bilan qo‘shma loyihalar

Joriy yilda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi, UNIСЕF bolalar jamg‘armasi, “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat tashkiloti, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID), Yevroosiyo jamg‘armasi, KOICA, Latviya tashqi ishlar vazirligi, Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish federal vazirligi (BMZ)ning 2 mln dollarga yaqin grantlarini jalb qildi.

Harakat tomonidan qator ijtimoiy loyihalar amalga oshirilmoqda. Ulardan biri “Ijtimoiy himoyaga muhtoj, qiyin vaziyatda qolgan va nogironligi bo‘lgan yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy inklyuziyasi” loyihasidir. Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish federal vazirligi (BMZ) moliyaviy ko‘magidagi ushbu loyiha hamkorlari – Germaniyaning Solidaritätsdienst International e.V. (SODI) nodavlat notijorat tashkiloti va Toshkent shahar “Umidvorlik” markazi. Maqsad – qiyin vaziyatda qolgan 18-35 yoshdagi yoshlarning fuqarolik huquqlarini amalga oshirishda, shaxsiy va kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishda imkoniyatlarini kengaytirish orqali turmush sifatini yaxshilash. Loyiha doirasida Toshkent shahrida Yoshlar uchun ijtimoiy markaz tashkil etildi. Markazda ijtimoiy xodim, psixolog, huquqshunos, IT-trener, biznes-maslahatchi, hunarmand xizmatlari bepul ko‘rsatilmoqda.

Latviya tashqi ishlar vazirligi moliyaviy ko‘magida va Latviya mahalliy boshqaruv organlari assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va moslashish bo‘yicha barqaror siyosatni rejalashtirish” loyihasi ishga tushirildi. Qo‘shma loyiha mahalliy davlat hokimiyati organlari salohiyatini kuchaytirish, iqlim o‘zgarishining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari haqida jamoatchilik xabardorligini oshirish va qarorlar qabul qilish jarayoniga jamoatchilikni jalb qilish orqali O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish, moslashish bo‘yicha barqaror siyosatni rejalashtirishga qaratilgan. Loyiha uchun Buxoro va Surxondaryo viloyatlari tanlab olindi.

Yana bir loyiha AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tomonidan moliyalashtiriladigan "Markaziy Osiyodagi ijtimoiy innovatsiyalar" dasturi doirasida Yevroosiyo jamg‘armasi ko‘magida dolzarb mavzularda turkum jamoatchilik muhokamalarini o‘tkazishga qaratilgan. Bugungacha "Tashabbusli budjet" mablag‘lari taqsimlanishida fuqarolar ishtiroki, O‘zbekistonda ijtimoiy mas’uliyatli biznes, mehnat migrantlarining huquqlarini ta’minlashdagi muammolari muhokamalari o‘tkazildi.

“Imkoniyatlarni kengaytirish” loyihasi esa “ARGO” fuqarolik jamiyatini rivojlantirish assotsiatsiyasi (Qozog‘iston), “Ayollar yagona kelajak uchun” xalqaro jamg‘armasi ((WECFI) bilan hamkorlikda Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magida amalga oshirilmoqda. 2023—2025-yillarga mo‘ljallangan loyiha gender siyosatini rivojlantirish bo‘yicha konstruktiv muloqotni rivojlantirish, O‘zbekistonda xotin-qizlarning huquqlarini kengaytirish orqali qarorlar qabul qilish jarayonida faol ishtirokni kengaytirish, ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashda fuqarolik jamiyati, xotin-qizlar tashkilotlari salohiyatini kuchaytirish orqali global va milliy Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga hissa qo‘shishga qaratilgan.

Shuningdek, o‘tgan yillarda boshlangan loyihalar davom ettirildi. Jumladan, “Yuksalish” harakati, UNIСEF'ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi va Yoshlar ishlari agentligi tomonidan Shveytsariya taraqqiyot va hamkorlik agentligining moliyaviy ko‘magida respublikamizning 6 ta hududida amalga oshirilayotgan “Bolalar va yoshlar uchun mahalliy boshqaruv” tashabbusi g‘olib shaharlarni e’lon qildi. Bo‘ston, Yangibozor va Qo‘qon shaharlariga o‘z hududidagi bolalar va yoshlarning farovonligini yaxshilash bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirishi uchun 30 ming AQSH dollari miqdorida qo‘shimcha mablag‘ taqdim etildi. Yil davomida Ishchi guruh monitoring olib bordi. Loyiha yakunida chora-tadbirlar rejalarini muvaffaqiyati amalga oshirgan shaharlarga “Bolalar va yoshlar uchun do‘stona shahar” maqomi beriladi.

Xalqaro yuristlar komissiyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda xalqaro huquqni qo‘llash sifatini oshirish” (EQUAL) loyihasi doirasida Inson huquqlari yozgi maktabi tashkil etildi. Unda milliy va xalqaro trenerlar iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni himoya qilish borasidagi, O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati uchun eng yaxshi amaliy vositalar bilan ilg‘or va dolzarb ma’lumotlarni taqdim etdi.

Islohotlarga ko‘maklashdik

Harakat mamlakatda bo‘lib o‘tadigan har qanday yirik siyosiy tadbirlarda muhim va keng qamrovli vazifalarni amalga oshirib keladi. Xususan, “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” davlat dasturi loyihasida keng jamoatchilik manfaatlariga daxldor vazifalar alohida infografika shaklida ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirildi. Turli doiralarda 50 dan ziyod jamoatchilik muhokamalari, davra suhbatlari tashkil etildi.

Davlat dasturi va hududlarni ijtimoiy iqtisodiy kompleks rivojlantirish dasturlari, shuningdek, Prezident hujjatlari ijrosi yuzasidan har oyda barcha mas’ul idora va vazirliklardan ma’lumot va axborotlar yig‘ib olinib, bandlarning uz muddatida va lozim darajada bajarilishi yuzasidan 182 ta monitoring tadbirlari o‘tkazildi, 500 dan ortiq turli xil obyektlar o‘rganildi. 2023-yil 1-dekabr holatiga Davlat dasturida belgilangan 258 ta vazifadan 198 tasining ijrosi ta’minlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Referendumini o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida 6 ta yo‘nalishda faoliyat olib borildi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning moddalari bo‘yicha mazmun-mohiyati illustratsiyalashtirilgan interaktiv formatdagi 24 ta videomateriallar, 15 ta maxsus animatsion video-rolik, 30 ta elektron formatdagi posterlar tayyorlandi. Konstitutsiya normalarini mavzu va yo‘nalishlar bo‘yicha turkumlagan tarzda o‘zbek va rus tillarida 14 turdagi flayer va bukletlar tayyorlanib, 1,54 mln dona nusxada chop etildi.

Harakat tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovlari nomzodlarining dasturlarini keng jamoatchilikka tanishtirish va bo‘lib o‘tgan debatlarni yoritishga ko‘maklashish maqsadida 20 ta infografika va boshqa media materiallar tayyorlandi. Prezidentlikka nomzodlar vakillari teledebatlarining qiziqarli qismlaridan lavhalar ham keng tarqatildi.

Forumlar va tadqiqotlar o‘tkazdik

“Yuksalish” harakati fuqarolik jamiyati yo‘nalishida faol ishladi. 2023-yilda milliy va mintaqaviy darajada 2 ta forum o‘tkazildi:

- “Farg‘ona vodiysida do‘stlik ko‘priklari” Markaziy Osiyo yoshlar forumi (iyul);

- Ayollar NNTlari forumi (avgust).

An’anaviy “Fuqarolik jamiyati haftaligi” 4 kun mobaynida 13 ta hududda tashkil etildi. 22 ta mavzudagi forumlar, ochiq muhokamalar, davra suhbatlari, taqdimot va taqdirlash tadbirlarida vazirlik va idoralar, mahalliy boshqaruv organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ekspertlar, faol fuqarolar va ommaviy axborot vositalarining 2 mingdan ziyod vakillari ishtirok etdi. Bu gal ichimlik suvi ta’minotidan tortib, ijtimoiy mas’uliyatli biznes, nogironlik va gender tenglik, ma’muriy islohotlargacha dolzarb masalalarga e’tibor qaratildi.

O‘zbekistondagi voqea-hodisalar, qonunchilikdagi yangiliklar, NNTlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari faoliyatiga oid sharhlarni yoritib boruvchi “O‘zbekistonda demokratiya” oylik elektron axborotnomasining joriy yilda ham 12 ta soni o‘zbek, rus va ingliz tillarida tayyorlanib, e’lon qilindi.

“Grantlar va stajirovkalar” Telegram kanali yuritilmoqda. Unga nafaqat mahalliy, balki xorijiy donorlar e’lon qilgan grantlar haqida axborotlar joylanmoqda.

2020-yildan Harakat huzurida faoliyat yuritayotgan “Aksilkorrupsiya laboratoriyasi” loyihasi doirasida birdan 2 ta tadqiqot o‘tkazildi. Biri “Oliy ta’lim muassasalari talabalarining bilimini baholashda nohalollik va korrupsiya omillari” (respublikamizning barcha hududlaridan – 14 ta shahardagi 16 ta OTM qamrab olindi) mavzusida bo‘lsa, ikkinchisi, “Akusherlik amaliyotida nohalollik va korrupsiya omillarini baholash” (respublikamizning 7 ta hududidagi 21 ta tug‘ruqxona jalb etildi) mavzusida bo‘ldi. Tadqiqotlarning yakuniy natijalari tegishli soha ekspertlari ishtirokida muhokama qilindi.

Shuningdek, “Markaziy Osiyoda bag‘rikenglik va tinchlik yo‘lida transchegaraviy va ko‘ptomonlama muloqot” loyihasi doirasida “Ommaviy axborot vositalarida ekstremizm va terrorizm masalalariga oid masalalarni to‘g‘ri yoritishga oid” jurnalistlar uchun yo‘riqnoma hamda maktablarda foydalanish uchun “Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab do‘stlik va tinchlik uchun” nomli o‘qituvchilar uchun qo‘llanma ishlab chiqildi.

“Aholiga yordam” loyihasi doirasida aholining ehtiyojmand qatlamlari turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishda mahallalar va mahalliy hokimliklarni safarbar qilish bo‘yicha amaliy qo‘llanma tayyorlandi.

Xayrli ishlar – alohida yo‘nalishimiz

Harakat faoliyatining alohida yo‘nalishi bu — xayriya aksiyalari va ijtimoiy kampaniyalar. Jumladan, shu yilning kuzida “Hayot ulash” aksiyasiga start berildi. Aksiya doirasida O‘zbekistonning chekka mahallalaridagi 40 mingga yaqin aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsad qilingan. Bugungacha Xorazm, Navoiy va Samarqand viloyatlaridagi olis mahallalar aholisi obihayotdan bahramand bo‘ldi. Surxondaryo viloyatida ham quduq qazish ishlari yakunlandi, tez orada hamyurtlarimiz toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi. Aksiya doirasida kelib tushgan va sarflangan mablag‘lar to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlar Hayotulash.uz saytida hamda @hayotulash Telegram kanalida doimiy e’lon qilib borilmoqda.

Mana to‘rt yildirki, Harakat tomonidan “Bir million daraxt” aksiyasi o‘tkazib kelinadi. Bu vaqt davomida har bahor va kuz mavsumlarida respublikamiz bo‘ylab 4 millionga yaqin daraxt ko‘chatlari ekildi. Joriy yilda poytaxtdagi 5 ta ijtimoiy ahamiyatli obyektlar – “Adiblar xiyoboni”, Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi va poytaxtdagi 3 ta maktab hududlarida “yashil maydon”lar tashkil qilindi. Jami 150 ga yaqin daraxt va buta ko‘chatlari yerga qadaldi.

Kuzatuvchilarimiz ko‘paydi

2023-yilda Harakatning ijtimoiy tarmoqlardagi kanal va sahifalarida 15 mingga yaqin post va material joylashtirildi, 210 taga yaqin infografika, 120 tadan ortiq banner, 80 taga yaqin video va animatsion rolik, 2 ta kitob, 4 ta broshyura tayyorlandi. 250 dan ortiq material bosma va elektron OAVda e’lon qilindi. Ijtimoiy tarmoqlardagi umumiy qamrov qariyb 86,3 mlnni tashkil etdi.

Yil davomida respublika va mahalliy telekanallarda Markaziy apparat tomonidan 40 ga yaqin (teleko‘rsatuvlarda ekspertlar ishtiroki, intervyu, reportaj), hududiy bo‘linmalar tomonidan 310 ga yaqin chiqishlar qilindi (intervyu va lavha). 3 ta animatsion rolik tayyorlanib, “O‘zbekiston24”, “Sevimli TV”, “Mening yurtim” telekanallarida namoyish etildi.

2023-yilning aprel oyidan “Daily Politics” axborot kanali ishga tushdi. Unda haftalik xabarlar ingliz tilida tayyorlanib, xalqaro hamkorlarga taqdim etib borilmoqda. Yil davomida 90 ga yaqin videoyangilik, 60 dan ortiq infografika shaklidagi ma’lumot joylandi.

Xalqaro tashkilot maqomini oldik

Bu yil “Yuksalish” harakati o‘z faoliyatini nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo mintaqasi darajasida kengaytirishga, xalq diplomatiyasini rivojlantirishga intildi. Xususan, Turkiy dunyo davlatlari hamkorligini mustahkamlash yo‘lida Harakat tashabbusi bilan O‘zbekistonning ikki shahri – Qo‘qon va Termiz hamda Turkiyaning ikki shahri – Balikesir va Shaxinbey qardosh shaharlarga aylandi.

Harakat O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, Barqaror rivojlanish markazi, AQSHning “Eurasia Foundation Inc.” davlat jamoat birlashmasi bilan hamkorlik Memorandumlarini imzoladi.

2023-yilda Harakatning Turkiya davlatida ilk xorijiy vakolatxonasi tashkil etildi. Xalqaro hamkorlik imkoniyatlarini yanada kengaytirish, rivojlanishning yangi bosqichiga chiqish uchun "Yuksalish" harakati xalqaro tashkilot maqomini oldi.

Biz 2024-yilda O‘zbekistondagi islohotlarni xorijiy mamlakatlarda taqdimotlarini o‘tkazishni, xorijiy jamoat va nodavlat doiralar, institutlar bilan hamkorlikni kuchaytirishni maqsad qilganmiz.

“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati