@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Qozog‘iston NNTlari vakillari bilan uchrashuv

 2023-12-18 18:11:00   |     Просмотров: 2393

“Yuksalish” umummilliy harakatining Fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Saida Mustafoyeva joriy yilning 18-dekabr kuni “Qozog‘iston Fuqarolik Ittifoqi” nodavlat uyushmasi taklifiga binoan mamlakat nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari bilan uchrashdi.

Ma’lumot uchun: “Qozog‘iston Fuqarolik Ittifoqi” nodavlat sektorini rivojlantirishga ko‘maklashish, Qozog‘istonda NNTlar faoliyati samaradorligi va sifatini oshirish, jamoatchilik tashabbuslarini amalga oshirish uchun qulay huquqiy, iqtisodiy va ijtimoiy sharoitlarni yaratish, Qozog‘iston jamiyati, biznes tuzilmalari, xalqaro tashkilotlar va davlat hokimiyati organlari o‘rtasida o‘zaro manfaatli sheriklikni rivojlantirish, NNTlar sa’y-harakatlarini birlashtirish maqsadida ta’sis etilgan.

Uchrashuvda “Qozog‘iston fuqarolik alyansi”, “Qizilo‘rda viloyati nodavlat notijorat tashkilotlari alyansi”, “Jambil viloyati fuqarolik alyansi”, “Chimkent shahri fuqarolik alyansi”, “Olmaota shahri fuqarolik alyansi” vakillari hamda Qozog‘iston madaniyat va axborot vazirligining Fuqarolik jamiyati qo‘mitasi Jamoatchilik kengashi masalalari boshqarmasi rahbari ishtirok etdi.

S.Mustafoyeva Harakat o‘z faoliyatini nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo mintaqasi darajasida kengaytirish maqsadida mintaqa mamlakatlarining fuqarolik jamiyati va “aql markazlar”i bilan birgalikda ishlayotganini, qator qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotganini qayd etdi. Xususan, “Yuksalish” umummilliy harakati Qozog‘iston Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish assotsiatsiyasi bilan birgalikda amalga oshirilgan “Innovatsiyalar uchun hamkorlik” dasturi haqida ma’lumot berdi. Dastur doirasida davlat idoralari va muassasalari huzurida 5 ta pilot Jamoatchilik kengashlari tanlab olingan, ularning salohiyatini kengaytirish uchun uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatilgan, xalqaro tajriba asosida tashkiliy rivojlantirilgan.

Mahalliy NNTlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “NNTlar maktabi” loyihasi hamda yoshlar, tadbirkorlar, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari bilan ishlashga qaratilgan boshqa loyihalarga to‘xtalib o‘tildi. Harakat tomonidan mintaqa fuqarolik jamiyati faollari, jamoat tashkilotlari rahbarlari, jamoatchilik fikri yetakchilari ishtirokida Markaziy Osiyo fuqarolik jamiyati forumi tashkil etilib, o‘tgan yili Forumni tuzilma sifatida tashkil etish tashabbusi ilgari surilgani haqida ham ma'lumot berildi.

Qozog‘istonlik vakillar aynan Jamoatchilik kengashlari salohiyatini oshirish, jamoatchilik nazoratini, jamoatchilik monitoringini o‘tkazish, ijtimoiy buyurtmalarni bajarish, tuman/shahar hokimlarini saylash, volontyorlar bilan ishlash borasida o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Shuningdek, NNTlar, yoshlarga oid loyihalarga qiziqish bildirdi.

Uchrashuvda nodavlat tashkilotlarning hamkorligi orqali qardosh mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘zaro anglashuvni rivojlantirish, ikki xalqlar o‘rtasida do‘stlik va ishonch muhitini mustahkamlash muhimligi ta’kidlandi. Yakunda tomonlar hamkorlik mexanizmlarini, takliflarni ishlab chiqish, yaqin istiqboldagi qo‘shma tadbirlar “Yo‘l xaritasi”ni tuzishga kelishib oldi.

“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati