Davra suhbati: “Aholiga huquqiy yordam ko‘rsatish va huquqiy savodxonligini oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni”
Mamlakatimizda aholining huquqiy savodxonlik darajasini oshirish, ularga bepul yuridik yordam ko‘rsatish tizimi samarali yo‘lga qo‘yilgan. Buning natijasida fuqarolarga huquqiy masalalar bo‘yicha maslahatlar va tushuntirishlar berish yo‘li bilan birlamchi bepul yuridik yordam ko‘rsatilmoqda, ularning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishda innovatsion usullar, xorijiy davlatlarning bu boradagi ijobiy tajribalari tatbiq etib kelinmoqda. Ushbu jarayonlarda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni qay darajada?
16-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida ana shu mavzuda davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda aholiga huquqiy xizmat ko‘rsatuvchi davlat organlari, bepul yuridik yordam ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi nodavlat notijorat tashkilotlari va keng jamoatchilik vakillari O‘zbekistonda aholining huquqiy savodxonligi holatini tahlil qildi. Shuningdek, notijorat tashkilotlarining bepul yuridik yordam ko‘rsatishda duch kelayotgan muammo va qiyinchiliklari muhokama qilindi, aholining huquqiy bilimini oshirish va bepul yuridik yordam olish imkoniyatlarini kengaytirish yo‘llari bo‘yicha takliflar o‘rtaga tashlandi.
Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining 2019-yildagi “Aholiga huquqiy axborotni yetkazish va yuridik yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Adliya vazirligi tomonidan “Advice.uz” (e-maslahat.uz) huquqiy axborot portali ishga tushirilgan. Portal orqali O‘zbekiston fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar onlayn rejimda bepul huquqiy maslahat olishlari mumkin.
“Madad” nodavlat notijorat tashkiloti hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy bo‘linmalari, shuningdek, tuman (shahar)larda ularning huquqiy maslahat byurolari tashkil etilgan.
Joriy yil boshidan “Yuridik yordam” axborot tizimi ham ishga tushirildi. Mazkur axborot tizimi doirasida, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari himoyasini yanada oshirish maqsadida ular uchun advokatlar tomonidan ixtiyoriy ravishda bepul professional yuridik yordam ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yildi.
Telegram messenjerida “Huquqiy axborot” kanali faol yuritilmoqda.
“Yuksalish” umummilliy harakati Notarial palata bilan hamkorlikda uch yildan buyon “Huquqiy maslahatlar kuni” aksiyasini o‘tkazib kelmoqda. Aksiya respublikamizning barcha hududlarini qamrab oladi. Shu vaqtgacha aksiya fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga, notariat sohasini isloh qilish jarayoniga fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, ekspert va olimlarni faol jalb etishga xizmat qilib kelmoqda.
Tadbirda Toshkent davlat yuridik universiteti qoshida tashkil etilgan yuridik klinikaning tajribasi, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini o‘qitish va bepul yuridik yordam ko‘rsatish bo‘yicha JIDU yuridik klinikasi faoliyati haqida ma’lumotlar berildi.
Loyihalar doirasida aholiga huquqiy va psixologik maslahatlar berish amaliyoti va natijalar bo‘yicha 18 dan 35 gacha bo‘lgan yoshlar uchun Toshkent shahrida ochilgan Ijtimoiy markaz taqdimot qilindi. Unda yoshlarga bepul huquqiy yordam ko‘rsatib kelinmoqda.
Yakunda aholiga huquqiy yordam ko‘rsatishda fuqarolik jamiyati ishtirokini kengaytirishning galdagi qadamlari belgilab olindi.
Mazkur tadbir Fuqarolik jamiyati haftaligi doirasida “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan JIDU hamda O‘zbekiston Notarial palatasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati