@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

“O‘zbekistonda ijtimoiy mas’uliyatli biznes. U qanday bo‘lishi kerak?”

 2023-11-14 19:00:00   |     Просмотров: 2752

Davlat organlari, ishbilarmon doiralar va jamoatchilik vakillari 14-noyabr kuni Toshkentda biznesda ijtimoiy mas’uliyatni oshirishning dolzarb masalalarini muhokama qildi. Mazkur biznes forum respublikamiz bo‘ylab ish boshlagan Faol fuqarolar haftaligi doirasida tashkil etildi.

Ijtimoiy mas’uliyatli biznes – jamiyatning iqtisodiy rivojlanishida va hayot sifatini yaxshilashda, tadbirkorlar hamda fuqarolik jamiyatining birlashishida muhim rol o‘ynaydi. Bugun jamiyatda ijtimoiy muammolar ko‘payayotgan va ekologik inqiroz yuz berayotgan sharoitida, global geosiyosiy, iqtisodiy, madaniy va tarixiy voqeliklar jarayonida mas’uliyatli biznesning ahamiyati yanada oshmoqda. Endilikda biznes tushunchasi nafaqat daromad yoki foydani, balki jamiyat va atrof-muhit oldida mas’uliyatli bo‘lishni ham anglatmoqda.

Ho‘sh, bu jarayonda fuqarolik jamiyati ijtimoiy mas’uliyatli biznesga qanday ta’sir o‘tkaza oladi? Forumda bir necha jihatlar ko‘rib chiqildi. Jumladan:

Monitoring. Fuqarolik jamiyati kompaniyalar faoliyatini kuzatishi va ularning ijtimoiy mas’uliyatini baholashi mumkin. Bunda ekologiya, ijtimoiy mas’uliyat, axloq va boshqa sohalardagi nazorat kuchaytiriladi;

Faollik. Fuqarolik jamiyati kompaniya faoliyati bilan bog‘liq muammolarga e’tibor qaratuvchi, noroziligini bildiruvchi, tanqid qiluvchi sifatida faollik ko‘rsatishi mumkin;

 Hamkorlik. Fuqarolik jamiyati kompaniyalar bilan ijtimoiy mas’uliyat sohasida hamkorlik qilishi mumkin. Bu kambag‘allik, ishsizlik, ekologiya muammolarini hal qilishga qaratilgan loyihalarni o‘z ichiga oladi;

Qonunchilikka ta’siri. Fuqarolik jamiyati ijtimoiy mas’uliyat sohasidagi kompaniyalar faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlariga ta’sir qilishi mumkin. Bunda kompaniyalarga muayyan ijtimoiy majburiyatlarni bajarish talabi qo‘yiladi;

Xabardorlikni oshirish. Fuqarolik jamiyati kompaniya bilan bog‘liq muammolar haqida keng jamoatchilikni xabardor qilishda faol qatnashishi mumkin. Bunda targ‘ibot ishlari o‘tkaziladi, axborot materiallari chop etiladi va hk.

Shu tariqa ijtimoiy mas’uliyatli biznes va fuqarolik jamiyati jamiyatdagi ijtimoiy vaziyatni yaxshilash, fuqarolar huquqlarini himoya qilish va barqaror iqtisodiy rivojlanish kabi umumiy maqsadlarga erishish uchun o‘zaro hamkorlik qilishi mumkin. Shundagina jamiyat shunchaki rivojlangan emas, balki barqaror rivojlangan jamiyatga aylanadi.

Tadbirda ijtimoiy mas’uliyatli biznesning O‘zbekiston iqtisodiy taraqqiyotidagi o‘rni, biznesga ijtimoiy mas’uliyatni kiritishning o‘ziga xos xususiyatlari, xorijiy kompaniyalarning ushbu yo‘nalishdagi tajribasi, biznesni yuritishda ijtimoiy mas’uliyatni joriy etishning asosiy sabablari kabi muhim mavzularda ma’ruzalar qilindi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo aholisining 90 foizdan ortig‘i bugunga kelib havo ifloslanishining darajasi me’yoridan oshib ketgan hududlarda yashaydi. Bu mas’uliyatsiz amaliyotlar mana shunday ekologik muammolarga olib kelganini anglatadi.

Ijtimoiy mas’uliyatli biznes bu – korxonalar faoliyatlari natijasida atrof-muhitga va jamiyatga yetkazilishi mumkin bo‘lgan zararning javobgarligini o‘z zimmasiga olishi va bundan saqlanishga intilishga qaratilgan harakatlar majmuasidir.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda biznes sharoitlarini yaxshilash borasida ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Biznes muhitning izchil yaxshilanishi jarayonlarida inson huquqlarini, ekologik barqarorlikni ta’minlash va umuman jamiyat manfaatlariga mos va zarar yetkazmaydigan biznesni tashkil etish masalalari ham dolzarb bo‘lib boryapti.

G‘arbda bizneslar nafaqat daromad olish uchun, balki jamiyatdagi ma’lum bir ijtimoiy muammolarni (kambag‘allik, gender tengsizlik, ishsizlik va boshqa) hal etishda ham qatnashishlari muhim hisoblanadi. Kompaniyalarning obro‘si, imidji ushbu tendensiyalarga qarab baholanadi.

O‘zbekistonga ham asta-sekin bu tendensiyalar kirib kelmoqda. Tadbirkorlar endilikda muvaffaqiyatli bo‘lishni istasa, albatta, ularga e’tibor qaratishlari kerak bo‘ladi.

Shuningdek, bugun dunyoda ijtimoiy mas’ul investorlar soni ham ko‘payib bormoqda. Ya’ni ular faqatgina mas’uliyatli bizneslarga sarmoya kiritmoqda. O‘zbekiston jahon bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘lishi uchun biznes egalari korporativ mas’uliyat strategiyalarini ishlab chiqishlari kerak bo‘ladi. Bunda ochiqlik, shaffoflik, hisobdorlik, aholi xabardorligini oshirish muhim.

Forumda ishtirok etgan korxonalardan biri “Biogomus” MCHJ o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Korxona Qoraqalpog‘iston Respublikasida faoliyat yuritadi va o‘z faoliyatida ijtimoiy mas’uliyatni yo‘lga qo‘ygan, ya’ni qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishda biologik toza mahsulotlardan foydalanadi, ishlab chiqarish jarayonlarida umuman chiqindi chiqarmaydigan texnologiyalarni yo‘lga qo‘ygan. Korxona rahbarining ta’kidlashicha, ijtimoiy mas’uliyatni zimmasiga olganidan so‘ng, xorijiy investitsiyalar ortgan va mahsulotlarini Yevropada eng yetakchi bozorlar hisoblangan Germaniya, Italiya, Fransiya kabi davlatlarga eksport qilish imkoniyatlari ortgan.

Forum yakunida jamiyatda ijtimoiy mas’uliyatli biznesni tushunish madaniyatini shakllantirish, ijtimoiy mas’uliyatli biznes kompaniyalari milliy reytingini tuzish, mas’uliyatli tadbirkorlar tarmog‘ini yaratish, zamonaviy biznes-menejerlarni tayyorlash kabi taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Tadbir “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) moliyalashtirayotgan "Markaziy Osiyodagi ijtimoiy innovatsiyalar" dasturi doirasida Yevroosiyo jamg'armasi ko'magida tashkil etildi.

 “Yuksalish” umummillliy harakati matbuot xizmati