@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha Latviya tajribasi o‘rganildi

 2023-10-03 18:27:00   |     Просмотров: 1755

Joriy yilning 26-28-sentyabr kunlari Latviya mahalliy boshqaruv organlari assotsiatsiyasi taklifiga binoan “Yuksalish” harakati raisi B.Bekmurodov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ushbu mamlakatda bo‘ldi. Maqsad – iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish, tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish va ekstremal ob-havo hodisalari ta’sirini prognoz qilish bo‘yicha Latviya tajribasini o‘rganish.

Tashrifning ilk kunida delegatsiya Riga shahrida Latviya mahalliy boshqaruv organlari assotsiatsiyasi rahbari Gints Kaminskis bilan uchrashdi. Unda Harakat hamda Assotsiatsiya o‘rtasida imzolangan hamkorlik Memorandumi doirasidagi vazifalar, ikki davlatning ekologiya, iqlim o‘zgarishi bo‘yicha mavjud muammolari, ularni hal etish borasida olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi. O‘z navbatida, delegatsiya a’zolari O‘zbekistonda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari, shuningdek, davlat rahbari tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar haqida ma’lumot berishdi.

Shuningdek, Latviya Iqlim va energetika vazirligining Iqlim va energetika moliyaviy vositalari departamenti direktori Raymonds Kashs hamda mamlakatning atrof-muhitni muhofaza qilish tashkilotlari, mahalliy boshqaruv organlari vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi. Unda delegatsiyamizga qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish, issiqxona gazlarini kamaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi hamda “Latviyaning 2030-yilgacha bo‘lgan iqlim o‘zgarishiga moslashish rejasi” bilan tanishtirildi.

Ushbu hujjatda belgilangan vazifalarni amalga oshirish 2019-yildan boshlangan va davom etmoqda. Unda 5 ta strategik maqsad ko‘zda tutilgan. Bular:

• jinsi, yoshi va ijtimoiy tabaqasidan qat’i nazar, odamlarning hayoti, salomatligi va farovonligini iqlim o‘zgarishining salbiy ta’siridan himoyalash;

• iqtisodiyotni iqlim o‘zgarishining salbiy ta’siriga moslashtirish va iqlim o‘zgarishi beradigan imkoniyatlardan foydalanish;

• infratuzilmani va qurilishni ob-havoga chidamli, ehtimoliy iqlim xavflarini bartaraf etish uchun rejalashtirish;

• Latviya tabiatini, madaniy-tarixiy qadriyatlarini saqlanib qolish, iqlim o‘zgarishining ularga salbiy ta’sirini kamaytirish;

• iqlim o‘zgarishiga moslashishni tarmoq siyosati va hududiy rivojlanishni rejalashtirish hujjatlariga integratsiyalash, shuningdek, aholini xabardor qilishni qo‘llab-quvvatlovchi ilmiy asoslangan axborot, jumladan monitoring va prognozlarni taqdim etish.

Uchrashuvda Latviya Iqlim va energetika vazirligi hamda O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish va ekologiya qo‘mitasi o‘rtasida hamkorlikni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Delegatsiya a’zolari Seyma parlamentida ham bo‘lishdi. Parlamentning Davlat va mahalliy boshqaruvi komissiyasi raisi Oleg Burov Prezident Sh.Mirziyoyevning O‘zbekiston bilan Latviya o‘rtasidagi davlatlararo munosabatlarni rivojlantirish borasidagi ilg‘or siyosati va tashabbuslarini yuqori baholadi. Mezbonlarga yurtimizda iqtisodiyot va biznes sohasidagi islohotlar, tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar taqdimot qilindi.

Bundan tashqari, delegatsiyamiz Latviyaning Saulkrasti, Sigulda va Smiltene munitsipalitetlarida ham bo‘ldi. Ushbu munitsipalitetlarda shahar ichidagi ekologik hududlar, yashil bog‘lar, obodonlashtirish, chiqindilarni qayta ishlash tizimlari bilan tanishishdi.

Avval xabar berilganidek, “Yuksalish” umummilliy harakati Latviya mahalliy boshqaruv organlari assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va moslashish bo‘yicha barqaror siyosatni rejalashtirish” loyihasini ishga tushirdi.

Loyihani amalga oshirish uchun ikkita pilot hudud — Buxoro va Surxondaryo viloyatlari tanlab olingan.

Loyiha 2023-yilda Latviya Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan hamkorlikni rivojlantirish budjeti hisobidan moliyalashtiriladi.

“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati