@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Surxondaryo viloyatida o‘tkazilgan jamoatchilik monitoringi: maktabgacha ta’lim muassasalari va maktablar qurilishi moliyalashtirilgan, jihozlar esa yo‘q

 2019-06-04 13:45:34   |     Просмотров: 1152

31 may—1-iyun kunlari “Yuksalish” umummilliy harakati, Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) va O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasidan iborat ishchi guruh Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurib, davlat va investitsion dasturlar doirasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ob’ektlar qurilishi va rekonstruksiyasi bo‘yicha jamoatchilik monitoringi tadbirlarini o‘tkazdi.

Jumladan, Termiz shahridagi M39 avtomobil yo‘lining bir qismi va 4R-23p avtomobil yo‘li qurilishining borishi bilan tanishdilar. Aniqlanishicha, yo‘lning bir kilometr uzunlikdagi qismi 2017-yil yotqazilgan bo‘lib, shu paytga qadar foydalanishga topshirilmagan. Yo‘lning boshqa qismidagi qurilish esa majburiy demontaj va qaytadan asfalt yotqazilishiga bo‘lgan ehtiyoj sabab to‘xtab qolgan.   

 

 

Surxondaryo viloyatida ishchi guruh tomonidan ta’lim muassasalaridagi qurilish, kapital ta’mirlash va jihozlash ishlarining holati yuzasidan jamoatchilik monitoringi o‘tkazildi. 
Jumladan, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturlari doirasida Termiz tumani “Uchqizil” qishloq fuqarolar yig‘inida joylashgan 1-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida ta’mirlash ishlari faol olib borilmoqda. Maktab yangi o‘quv yilida ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Termiz shahridagi 1-sonli maktabgacha ta’lim muassasasini kapital ta’mirlash uchun 3 milliard 80 million so‘m ajratilgan. Biroq, ob’ektning smeta-loyiha hujjatlarida konditsioner, oshxona mebellari, yumshoq mebel va inventarlar bilan jihozlash uchun mablag‘ ko‘zda tutilmagan. Joriy yilning fevral oyida Termiz shahridagi 14-sonli maktabgacha ta’lim muassasasini kapital ta’mirlash boshlangan. Ushbu maqsadlar uchun davlat budjetidan 4 milliard 586 million so‘m ajratilgan bo‘lib, ushbu ob’ektda ham jihozlash ishlari moliyalashtirilmagan. Ikki ob’ekt ham 2019 yilning 1 sentyabriga qadar foydalanishga topshirilishi zarur.

Shu kabi muammo Termiz tumanidagi 225 o‘ringa mo‘ljallangan 12-sonli maktabgacha ta’lim muassasasida ham kuzatildi. Loyihani amalga oshirish muddati - 2019 yil 1 avgustga belgilangan bo‘lsada, bolalar bog‘chasi foydalanishga topshirilishi katta savol ostida. Sababi, xarajatlar smetasida kerakli jihozlar va inventarni moliyalashtirish ko‘rsatilmagan.

O‘z bag‘riga 2800 nafar o‘quvchini sig‘dira oladigan 36-sonli umumta’lim maktabi o‘tgan yilning sentabr oyida qurib bitqazilgan, ammo shu kunga qadar faoliyat boshlamagan. O‘quv xonalari kerakli mebel va inventarlar bilan jihozlanmagan. Bolalar esa atrofdagi boshqa maktablarga qatnashga majbur bo‘lmoqdalar.

Ishchi guruh Termiz shahridagi At-Termiziy ko‘chasida yotqazilishi rejalashtirilgan suv ta’minoti tizimi hamda Istiqlol va S.Olloyor ko‘chalaridan o‘tuvchi kanalizatsiya tarmog‘ini tortish ishlarining borishi bilan tanishdi. Aniqlanishicha, qurilishga mablag‘ ajratilgan va rekonstruksiya ishlari boshlanganligiga qaramay, quruvchilar yo‘lning qatnov qismida ishlarni davom ettira olmayaptilar. Sababi, xarajatlar smetasida avtomobil yo‘lidan o‘tuvchi kanalizatsiya quvurlarini yotqazishdan so‘ng qayta asfaltlash ishlarini moliyalashtirish ko‘zda tutilmagan.  

Surxondaryo viloyatiga tashrifning ikkinchi kuni “Yuksalish” umummilliy harakati vakillari O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi talabalari bilan uchrashdilar. Markaz Surxondaryo viloyatining Afg‘oniston bilan chegaradosh - Termiz tumanida joylashgan. 
“Yuksalish” umumilliy harakati raisi Akmal Burxanov afg‘onistonlik yoshlar bilan suhbatlashib, o‘quv jarayonlarining borishi, yaratilgan imkoniyatlar haqida so‘z yuritdi. Ta’kidlanganidek, Harakat ushbu ta’lim markazi talabalarining yanada kamol topishlarida hamkorlik qiladi. Jumladan, Akmal Burxanov afg‘onistonlik talabalarga joriy yilning sentabr oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Yoshlar kongressida ishtirok etish uchun joy ajratilishini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun: Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi malakali kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish, ijodiy, baynalmilal, bag‘rikenglik ta’limi muhitini shakllantirish, pedagogik salohiyatni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, pedagogika texnologiyalari va o‘qitish uslublarini takomillashtirish, O‘zbekiston Respublikasining yetakchi ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari va tegishli tarmoq idoralari hamda tashkilotlari bilan munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlash kabi vazifalarni bajaradi.
Kompleks tarkibida ko‘p qavatli o‘quv binosi, 110 o‘rinli yotoqxona, axborot-resurs markazi, sport zali va maydonchalari, oshxona mavjud. Bundan tashqari, lingvistik xona, kimyo va fizika laboratoriyalari, temir yo‘l transporti bilan bog‘liq mavzularni o‘rganish laboratoriyasi ham mavjud. Afg‘onistonlik talabalar uchun ta’lim o‘zbek va rus tillarida olib boriladi. 2018-yil yanvar oyida markaz Afg‘onistonning birinchi 110 nafar talabasini qabul qildi.

“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati