@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Buxoro viloyatida o‘tkazilgan jamoatchilik monitoringi to‘g‘risida

 2023-05-23 21:08:00   |     Просмотров: 1826

“Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan 2023-yil 18-19-may kunlari Buxoro viloyatida jamoatchilik monitoringi o‘tkazildi.

O‘zbekiston Rspublikasi Przidentining 2020-yil 30-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta’minlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar, jumladan, respublikaning seysmik faol hududida joylashgan mavjud bino va inshootlar, shuningdek, ko‘p qavatli turar joylarning seysmik zaifligini baholash uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni nazarda tutuvchi elektron texnik pasportlarni shakllantirish amaliyotini yo‘lga qo‘yish holati jamoatchilik monitoringi tartibida o‘rganildi.

Ushbu vazifalarni ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining “Bino va inshootlarning seysmik mustahkamligini baholash hamda elektron texnik pasportlarni shakllantirish tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan bo‘lib, unda

- respublikaning seysmik faol hududlarida joylashgan bino va inshootlar elektron texnik pasportlarining yagona integratsiyalashgan platformasi ishga tushirilganligi;

- vazirliklar va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xo‘jalik birlashmalari hamda boshqa tashkilotlar 2021-yil 1-iyuldan boshlab bosqichma-bosqich o‘zlariga qarashli bino va inshootlar, shuningdek, ko‘p kvartirali uy-joylarning elektron texnik pasportlarini shakllantirib, platformaga kiritilishini ta’minlash;

- Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi 2021-yil 1-iyuldan boshlab yangi qurilayotgan barcha turdagi bino va inshootlar, shuningdek, ko‘p kvartirali uy-joylarning elektron texnik pasportlarini shakllantirib, platformaga doimiy kiritib borilishini ta’minlash qayd etilgan.

Buxoro viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, shu kunga qadar O‘zbekiston Respublikasining seysmik faol hududlarida joylashgan bino va inshootlarning elektron texnik pasportlari tizmiga (https://pasportbino.uz) viloyatda yangidan qurib foydalanishga topshirilgan jami 512 ta obyektning, jumladan, 6 ta mehmonxona, 5 ta jamoatchilik binolari va futbol maydoni, 76 ta ishlab chiqarish sexi, 80 ta ko‘p qavatli uy-joylar, 14 ta sog‘liqni saqlash majmualari, 289 ta savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish binolari, 6 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 27 ta saqlash joylari, angarlar, omborlar kabi inshootlar, 9 ta kichik ishlab chiqarish mini zavod-fabrika binolari to‘g‘risidagi ma’lumotlari shakllantirilgan.

Jamoatchilik monitoringi Buxoro viloyatining Jondor, Qorako‘l tumanlari va Buxoro shahrida qurilgan obyektlarda o‘tkazildi. Jumladan, Qorako‘l tumanida joriy yilda yangi qurib foydalanishga topshirilgan Yangi O‘zbekiston massividagi davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti va 2021-yilda foydalanishga topshirilgan 5 qavatli turar-joy binosi, Jondor tumani markazidagi 2022-yilda qurilgan ko‘p qavatli turar-joy, “Navladi” MFYda joylashgan “Kardiomed” xususiy klinikasi (2023-yilda ishga tushirilgan), “Aleli” MFYdagi 2022-yilda rekonstruksiya qilingan 10-son davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti (1989-yil qurilgan), Buxoro shahri Bog‘ishamol ko‘chasi 1/5 manzilidagi ko‘p qavatli turar-joy (2020 yil foydalanishga topshirilgan), Buxoro viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining yangi qurilgan terapiya bo‘limi binosi, “Buxoro siti”dagi ko‘p qavatli turar-joy binolarining elektron texnik pasportlari shakllantirilganligi joyiga chiqib o‘rganildi.

Monitoring davomida bir qator muammolar mavjudligi ma’lum bo‘ldi. Xususan, 2021-yilda ishga tushirilgan “pasportbino.uz” tizimi xanuzgacha test rejimida ishlamoqda. Qolaversa, viloyatda bino va inshootlarning elektron texnik pasportini shakllantirishga to‘liq kirishilmagan. Misol uchun, Buxoro shahri Bog‘ishamol ko‘chasi 1/5 manzilidagi ko‘p qavatli turar-joy binosi 2020-yilda foydalanishga topshirilgan bo‘lsa-da, joyiga chiqqan holda o‘ranish davomida mazkur binoda qurilish ishlari yakuniga yetkazilmaganligi (liftlar o‘rnatilmagan, yerto‘la va pod’ezd qismlari chala holda qoldirilgan) ma’lum bo‘ldi. Ushbu obyekt pasportini shakllantirishga mas’ul bo‘lgan Buxoro viloyati Qurilish va uy-joy kommunal boshqarmasi vakili Shermat Fattiyevning ma’lum qilishicha, bu borada boshqarma tomonidan elektron pasportlar shakllantirilmagan. Faqatgina, 2022-yilda yashashga yaroqsiz 28 ta uy-joylarning ro‘yxati shakllantirilgan, biroq bu haqidagi ma’lumotlar elektron tizimga kiritilmagan.

Shuningdek, davlat dasturlari doirasida qurib foydalanishga topshirilgan yangi ijtimoiy obyektlarning elektron pasportlari ham shakllantirilmasdan qolmoqda. Bunga sabab sifatida ushbu obyektlardan foydalanishga ruxsat etish Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-apreldagi “Qurilish sohasiga oid yagona ma’muriy qurilish reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida” 200-son qaroriga muvofiq elektron elektron QR-kod orqali emas, balki an’anaviy qog‘oz shaklda amalga oshirishga ruxsat etilgan. Ushbu obyektlar bo‘yicha ma’lumotlar Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasiga taqdim etilmasdan qolayotganligi ma’lum qilindi.

Yuqoridagilarga ko‘ra, Buxoro viloyatida mavjud bino va inshootlarning seysmik zaifligini baholash uchun zarur bo‘lgan birlamchi ma’lumotlar shakllantirilmagan. Bu esa o‘z navbatida, aholining seysmik xavfsizligini ta’minlashga doir choralarning o‘z vaqtida ko‘rilishiga to‘sqinlik qiladi degan xulosani beradi.

Jamoatchilik monitoringi yakunlari bo‘yicha quyidagi taklif va tavsiyalar beriladi:

1. Vazirlar Mahkamasining 405-son qarori talablaridan kelib chiqib, viloyatdagi mavjud bino va inshootlarning elektron texnik pasportlarini shakllantirishga javobgar davlat idoralarining mas’ul xodimlariga “pasportbino.uz” tizimidan to‘g‘ri foydalanish (ma’lumotlarni kiritish) bo‘yicha qisqa muddatlarda o‘quv-seminarlarini tashkil etish;

2. Davlat dasturlari asosida foydalanishga topshirilgan barcha ijtimoiy obyektlar to‘g‘risida zarur ma’lumotlarni elektron bazaga kiritilishini ta’minlash;

3. Foydalanishga ruxsat etilgan, biroq vizual kamchiliklar ko‘rinib turgan bino va inshootlarda instrumental tekshiruvlar o‘tkazish choralarini ko‘rish;

4. Seysmik pasportlarni shakllantirish jarayonlarida samarali jamoatchilik nazoratini tashkil etish bo‘yicha jamoatchilik kengashlari, mahalliy NNTlar va fuqarolar bilan faol hamkorlikni yo‘lga qo‘yish.

"Yuksalish" umummilliy harakati matbuot xizmati