@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Namangan viloyatida amalga oshirilgan jamoatchilik monitoringi to‘g‘risida

 2023-05-22 22:23:03   |     Просмотров: 2227

“Yuksalish” umummilliy harakati va jamoatchilik vakillari tomonidan 2023-yilning 17—18-may kunlari Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining 33-maqsadiga muvofiq, hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarida belgilangan asosiy ko‘satkichlarga erishilganlik darajasi, jumladan ko‘p qavatli uylarni qurish va foydalanishga topshirish, ijtimoiy muassasalarda amalga oshirilgan qurilish ishlarining Namangan viloyatidagi ijrosi jamoatchilik monitoringi tartibida o‘rganildi.

Ma’lumot uchun: “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 150-bandiga muvofiq, Vazirlar Mahmamasining 2022-yil 25-apreldagi 211-son qarori bilan tasdiqlangan Namangan viloyati hududlarini 2022—2026-yillarda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturgia asosan viloyat hududida 61 ta ko‘p qavatli uylar, 7 ta maktablar va 3 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari qurilishi ko‘zda tutilgan.

Jamoatchilik monitoringi davomida Chust, To‘raqo‘rg‘on tumanlari hamda Namangan shahrida 2022-yilda foydalanishga topshirilgan ko‘p qavatli uylar va ijtimoiy muassasalar joyiga chiqqan holda tegishli mutaxassislar ishtirokida o‘rganildi. Hududda barcha qurilish ishlari sifatini nazorat qilishda korrupsion holatlar oldi olishga xizmat qiladigan “Shaffof qurilish” elektron tizimi orqali nazorat qilib borilayotganligi ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, qurilishi yakunlangan ko‘p qavatli uylar va ijtimoiy muassasalar barcha kommunikatsiya tarmoqlariga ulangan va bino inshootlarning yon atroflari obodonlashtirilgan.

Chustda 5 ta ko‘p qavatli uy, 1 ta tibbiyot muassasasi va 1 ta maktab yangidan qurilgan

Monitoring davomida ko‘p qavatli uylarni qurish va foydalanishga topshirishda bir qator muammo va kamchiliklar ham mavjudligi aniqlandi.

Asosiy muammolar qatoriga 2022-yil uchun rejada ko‘rsatilgan miqdordagi ko‘p qavatli uy-joylar va boshqa ijtimoiy obyektlarning seysmik mustahkamligini baholash bo‘yicha elektron texnik pasportlari mavjud emasligi, ijtimoiy muassasalar bino va inshootlarining kadastr pasportlari yo‘qligi, ijtimoiy muassasalar bino va inshootlarida qurilish ishlarini olib borgan pudratchi tashkilotlar tomonidan jihozlash va montaj ishlari oxiriga yetkazilmaganligi bilan bog‘liq muammolar kiradi.

Jumladan Chust tumanida 2022-yilda 5 ta 5 qavatli ko‘p qavatli uy, 1 ta tibbiyot muassasasi va 1 ta maktab yangidan qurib bitkazilgan.

Tumanda ko‘p qavatli uylar tumanda kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga uzoq yillik ipoteka krediti asosida berilgan. Barcha kommunal tarmoqlarga (tabiiy gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi, kanalizatsiya) ulangan. Biroq rejada belgilangan barcha ko‘p qavatli uylarni foydalanishga topshirishda issiqlik tarmog‘iga ulash montaj ishlari pudratchi tashkilotlar tomonidan o‘z vaqtida bajarilmayotganligi aniqlandi.

Shaharsozlik normalari Davlat dasturlarida nazarda tutilgan ijtimoiy muassasalarning qurilishida foydalanishga topshirish ruxsatnomalari foydalanishga qabul qilish dalolatnomalarini rasmiylashtirish orqali amalga oshirilishi sabab bo‘lgan. Elektron ruxsatnomalar shakllantirilmagani, o‘z navbatida, ijtimoiy obyektlarning elektron seysmik pasportlarini pasportbino.uz platformasiga kiritilishida muammolar yuzaga kelishiga sabab bo‘layotganligi ma’lum bo‘ldi.

To‘raqo‘rg‘onda 3 ta ko‘p qavatli uy qurilgan, biroq...

To‘raqo‘rg‘on tumanida 2022-yilda 2 ta ko‘p qavatli uy qurilishi belgilangan. O’tgan yil davomida 3 ta 5 qavatli bir pod’ezdli ko‘p qavatli uylar qurib, foydalanishga topshirilgan. Uylar jamoatchilik monitoringi asosida o‘rganilganda, barcha qurilish montaj ishlari sifatli amalga oshirilganligi aniqlandi. Mazkur ko‘p qavatli uylarni foydalanishga qabul qilish ruxsatnomalari QR-kod bilan maxsus platforma orqali taqdim etilgan. Biroq uylarning seysmik elektron pasportlarini pasportbino.uz platformasiga kiritishda integratsiyadagi muammolar yuzaga kelgan.

Namangan shahrida 2 ta yangi maktab foydalanishga topshirilgan

2022-yilda Namangan shahrida 34 ta ko‘p qavatli uylar, 1 ta tibbiyot muassasasi, 2 ta maktablar yangidan qurib foydalanishga topshirilgan.

Xususan, “Elobod” MFY va “Yuksalish” massivida yangidan qurib aholiga foydalanishga topshirilgan ko‘p qavatli uylar sifatli va belgilangan mudatlarda bitirilgan. Uylarni foydalanishga qabul qilish ruxsatnomalari QR-kod bilan tasdiqlangan elektron shaklda rasmiylashtirilgan. Biroq kadastr tizimi bilan integratsiyadagi muammolar tufayli va pasportbino.uz platformasi test rejimida ishlayotganligidan binolarning pasportlarini platformada shakllantirish imkoni bo‘lmaganligi aniqlandi.

Shu bilan birga, 2022-yilda Namangan shaxrida “Kelajak tongi” mahallasida 660 o‘rinli 93-sonli yangi maktab, Yangi Namangan tumani “Istiqbol” MFYda 94-umumta’lim maktabi yangidan qurilib foydalanishga topshirilgan. Maktablarda bugungi kunda o‘quv jarayonlari bo‘layotganligi va to‘liq hajmlarda ishlayotganligi aniqlandi.

Yangi maktabning yangi “yoriqlari”

Biroq har ikkita maktabda binoning ulangan qismlari devorlarida yoriqlar paydo bo‘lgan. Mazkur yoriqlar 93-sonli maktab quruvchi pudratchi tashkiloti tomonidan bir necha marta ishlov berib ketilganiga qramasdan, yoriqlar yana paydo bo‘lgan.

Maktab to‘liq jihozlanmagan. Fizika va kimyo labaratoriya xonalari jihozlari keltirilganiga qaramay, o‘quv yili yakuniga qadar o‘rnatish montaj ishlari amalga oshirilmagan. Har ikkita maktabda ham kompyuter sinflariga kompyuterlar keltirilmagan.

Maktablar o‘quv yili boshida foydalanishga topshirilganligiga qaramay, hozirgacha binolarning kadastr pasportlari mavjud emasligi aniqlandi. Maktablarni foydalanishga qabul qilish ruxsatnomalari dalolatnoma shaklida qog‘oz ko‘rinishida tasdiqlangan.

Monitoring davomida 94-maktab hududi yonidan Toshkent–Andijon temir yo‘li o‘tganligi va temir yo‘l hech qanday himoya devorlari bilan o‘ralmaganligi aniqlandi.

Seysmik faol hududlardagi 3 963 ta binoning elektron pasportlari bormi?

Shuningdek, monitoring tadbirlari davomida 2021-yil iyul oyidan hozirgi kunga qadar Namangan viloyatining seysmik faol hududlarida joylashgan 3 963 ta bino va inshootlarning seysmik elektron pasportlari pasportbino.uz platformasiga kiritilganligi aniqlandi. Xususan, ulardan 534 ta bino va inshootlar Namangan viloyati Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan yangi bino va inshootlar sifatida seysmik pasportlari shakllantirilib onlayn platformaga kiritilgan.

Monitoring davomida aniqlangan holatlarni bartaraf etish va favqulotda vaziyatlarda aholi hayotiga xavf solishi mumkin bo‘lgan bino va inshootlarning birlamchi ro‘yxatini oldindan aniqlash maqsadida quyidagi taklif va xulosalar bildiriladi:

– “pasportbino.uz” platformasini hududiy qurilish nazorat inspeksiyalarinining tavsiyalari asosida qaytadan ko‘rib chiqish va to‘liq ishga tushirish;

– ko‘p qavatli uylar va ijtimoiy muassasalarni yangidan qurib foydalanishga topshirilishida fuqarolik jamiyati vakillari, xususan tuman (shahar) hokimliklari huzuridagi jamoatchilik kengashlari ishtirokini ta’minlash;

– foydalanishga topshirilayotgan obyektlardagi mavjud holatlarni doimiy nazorat qilish, bu borada ekspertlar hamda jamoatchilik fikrini o‘rganish va quruvchi tashkilotlarga ta’sir o‘tkazish choralari ko‘rish;

– hududiy kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha besh yillik dasturlarda belgilangan asosiy parametr ko‘rsatkichlarga erishilganlik darajasi yuasidan davriy hisobotlarni keng jamoatchilikka e’lon qilib borish.

“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati