@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

2022-yilda yangi qurilgan koʻp qavatli uylar va ijtimoiy muassasalarning foydalanishga topshirilishi yuzasidan jamoatchilik monitoringi oʻtkaziladi

 2023-05-16 17:25:36   |     Просмотров: 1555

Maʼlumki, 2022—2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasining 33-maqsadida qurilish sohasini texnik tartibga solish, qurilish va loyihalashtirish ishlari sifatini oshirish va boshqa shu kabi muhim vazifalar belgilangan. Oʻzbekistonda aholi sonining barqaror oʻsib borayotganligi urbanizatsiya jarayonlarini jadallashtirmoqda va sifatli turar joylarni barpo etish hamda ijtimoiy infratuzilmani yaratish masalalarining dolzarbligini oshirmoqda.

Shuningdek, aholi uchun mustahkam va qulay uy-joylarni qurish borasida ham bir qator normativ hujjatlar qabul qilingan. Yangi qurilgan uylarning belgilangan talablarga mosligi, ularning zamonaviy shaharsozlik normalariga uygʻunligi muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu munosabat bilan, “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan joylarda hududiy kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga asosan qurib foydalanishga topshirilgan yangi obyektlarning belgilangan talablarga muvofiqligini oʻrganish maqsadida jamoatchilik monitoringi tashkil etiladi:

17—18 kunlari Namangan, Jizzax, Xorazm va Navoiy viloyatlarida 2022-yilda yangi qurib bitkazilgan ijtimoiy muassasalar va koʻp qavatli uylarda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan;

18—19-may kunlari Buxoro viloyatida 2022-yilda yangi qurib bitkazilgan ijtimoiy muassasalar va koʻp qavatli uylarda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan.

Mazkur jamoatchilik nazorati tadbirlariga jamoat faollaridan tashqari soha mutaxassislari ham taklif etiladi. Monitoring yakunlari boʻyicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqilib, manfaatdor idoralarga taqdim etiladi.

Eslatib oʻtamiz, “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan doimiy ravishda monitoring tadbirlari oʻtkazib boriladi. Bu boradagi takliflaringiz va fikr-mulohazalaringizni “Jamoatchilik.uz” platformasida qoldirishingiz mumkin.                  

 “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati