@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

“Yuksalish” harakati vakili Rimda o‘tgan ekologik konferensiyada ishtirok etdi

 2023-02-27 17:58:45   |     Просмотров: 2915

23-24-fevral kunlari Italiyaning Rim shahrida yuzdan ortiq delegatlar atrof-muhit va suv resurslari sohasida Yevropa Ittifoqi hamda Markaziy Osiyo hamkorligi boʻyicha yuqori darajadagi 7-konferensiyada ishtirok etish uchun yigʻildi. 

Unda Markaziy Osiyo mamlakatlari, Yevropa Ittifoqi, Yevropa Ittifoqiga aʼzo davlatlarning vazirlari, vazir oʻrinbosarlari, yuqori darajali diplomatlari, xalqaro moliya institutlari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, fuqarolik jamiyati vakillari ishtirok etdi. 

Konferensiyada Markaziy Osiyo mintaqasida “yashil” oʻtishni tezlashtirish va “yashil” investitsiyalarni ragʻbatlantirish boʻyicha muammolar va imkoniyatlarga alohida eʼtibor qaratgan holda suv, atrof-muhit, iqlim oʻzgarishi va barqaror oʻsish bilan bogʻliq qator strategik va amaliy masalalar muhokama qilindi. Markaziy Osiyo uchun suv-energetika muhimligi va qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish zarurligi taʼkidlandi.

Jumladan, fuqarolik jamiyati tashkilotlari vakillari ishtirokidagi sessiyada “Yuksalish” umummilliy harakati bosh koordinatori Saida Mustafoyeva nodavlat sektori nuqtai nazaridan Markaziy Osiyo mintaqasining “yashil” oʻtish jarayonini jadallashtirish va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishdagi asosiy vazifalari va imkoniyatlar haqida gapirdi. Xususan, Markaziy Osiyo aholisi keskin havo harorati, qurgʻoqchilik, suv toshqini, hosilning nobud boʻlishi va hokazolarning salbiy oqibatlari xavfiga tobora koʻproq duchor boʻlayotganini, bu yoʻnalishda nodavlat notijorat tashkilotlari unchalik koʻp emasligini, mavjud ekologik dasturlar va loyihalarda ishtirok etishda yoshlar faol emasligini qayd etdi. Fuqarolik jamiyati institutlari uchun yirik ekologik grant dasturlari yetarli emasligini ham qoʻshimcha qildi. 

Shu bilan birga, Harakat vakili Oʻzbekistonda bir qancha muhim loyihalar boshlangani haqida toʻxtalib oʻtdi. Ulardan “Yashil makon” umummilliy loyihasi haqida maʼlumotlar berdi. 

Tadbir ishtirokchilari 2019—2030-yillar davrida Oʻzbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga oʻtish strategiyasi tasdiqlangani, banklar jismoniy va yuridik shaxslarga imtiyozli “yashil” kreditlar berishni boshlagani, Energetika vazirligi huzuridagi Tarmoqlararo energiya tejash jamgʻarmasi tomonidan test rejimida “energiyamarket.uz” platformasi ishga tushirilgani, unda istalgan kishi nafaqat quyosh panellari yoki suv isitgichlarini xarid qilishi, balki xarid uchun kompensatsiyani ham hisoblashi mumkinligi haqida ham boxabar qilindi. 

Shuningdek, tadbirda Toshkent shahrida oʻtkazilgan (2019-yil) avvalgi konferensiyadan keyingi faoliyatga baho berildi, konferensiyaning 2023—2025-yillarga moʻljallangan ustuvor yoʻnalishlari muhokama qilindi hamda Markaziy Osiyodagi iqlim oʻzgarishi va suv resurslari, atrof-muhit sohasidagi siyosiy muloqotni kuchaytirish va salohiyatni rivojlantirish boʻyicha amaliy ishlarni boshlashga kelishib olindi. 

Maʼlumot uchun: Tadbir “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” atrof-muhit va suv resurslari sohasida hamkorlik platformasi shafeligida oʻtkazildi. Mezbon tomon Italiya Tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vazirligi boʻldi.

“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati