@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Ekspertlik soʻrovi: Toshkentning yangi hokimi, birinchi navbatda, qaysi muammolarni hal qilishi zarur?

 2023-02-07 16:03:28   |     Просмотров: 1067

Joriy yilning yanvar oyida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev lavozimidan ozod qilindi. Endilikda jamoatchilik yangi hokimdan koʻp narsani kutmoqda...

“Yuksalish” harakati poytaxt hokimi, birinchi galda, qaysi mummolarni hal qilishi zarurligi haqida fuqarolik jamiyati, biznes, jurnalistlar va ekspertlar fikrini bilish maqsadida soʻrovnoma oʻtkazdi.

Soʻrovda 107 nafar jamoatchilik faollari, siyosatchilar, jurnalistlar, blogerlar, NNT, biznes va akademik doira vakillari ishtirok etdi. Ular orasida siyosatchilar — Farhod Tolipov, Yuriy Saruxanyan, Azamat Seitov, Nozima Muratova, Rustam Komilov, Bahrom Rajabov, inson huquqlari boʻyicha yurist Dilfuza Qurolova, fuqarolik jamiyati faollari, jurnalist va blogerlar — Beruniy Alimov, Nikita Makarenko, Muhrim Aʼzamxoʻjayev, Qobil Xidirov, Aqida Xonum, Barnogul Sanaqulova, Jahongir Azimov va boshqalar bor. Savollarga javob berish jarayonida ularning har biri bir necha javob variantlarini tanlash hamda boshqa, oʻz variantini yozish imkoniga ega boʻlishdi.

Eng koʻp tanlangan javob variantlar uchligi quyidagicha:

1.  Shahar Bosh rejasi tasdiqlanguniga  qadar shaharda qurilish amalga oshirishga moratoriy eʼlon qilish — bu javobni 76 nafar respondent tanlagan;

2.  Uy-joy kommunal xizmatlar infratuzilmsini, shu jumladan mavzelar ichidagi elektr uzatish liniyalarini  modernizatsiya qilish — 73 nafar respondent;

3.  Jamoat transportini yaxshilash — 72 nafar respondent.

Soʻnggi besh yilda Oʻzbekistonda 300 mingdan ortiq turar-joy binolari (taqqoslash uchun, 2000—2014-yillarda 86 mingta) qurilgan,  ularning deyarli toʻrtdan bir qismi Toshkent shahrida joylashgan. Qurilish koʻpligi, bir tomondan, minglab aholining uy-joyga boʻlgan ehtiyojini qondirishga, qurilish materiallari ishlab chiqarishni rivojlantirishga, ish oʻrinlarini yaratishga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, mavjud kommunikatsiyalar va ijtimoiy obyektlar yukini sezilarli darajada oshiradi. Qurilishlarda yangi infratuzilmani yaratmasdan, mavjud infratuzilmaga ulanilsa, vaziyat yanada ogʻirlashadi.

Bunday yondashuv yon-atrofodagi uylarda yashovchi aholining noroziligiga ham sabab boʻladi, chunki koʻp hollarda mavzelar ichida yangi bino qurilishi boshlanishi bilan atrofi toʻsiladi, bolalar va sport maydonchalari, sayr qilish yoʻlaklari va boshqa yashil hududlar qisqaradi yoki yoʻq boʻlib ketadi. Oʻtgan yillar davomida toshkentliklar bir necha marta oʻz manfaatlarini himoya qilish, infratuzilmani saqlab qolish, daraxtlar kesilmasligi uchun kurashishga majbur boʻldi.

Rivojlangan mamlakatlar tajribasi shuni koʻrsatadiki, sifatli qurilishlar mahalliy hokimliklarning shaharsozlik siyosatiga bogʻliq. Yerdan foydalanish va qurilish qoidalari, tarmoqlarga ulanish shartlari bor. Masalan, Fransiyada quruvchilar shaharlar kengayishiga olib keladigan qurilish loyihalari uchun bilvosita xarajatlarni toʻlaydi. Bularga infratuzilma soligʻi, hudud tabiatini saqlash va rivojlantirish xarajatlarini qoplash uchun yagona qayta qurish soligʻi, jamoat transportini moliyalashtirish hamda binolar zichligi uchun olinadigan soliqlar kiradi.

Joriy yilning yanvar oyida yuzaga kelgan energetika inqirozi bilan bogʻliq vaziyat poytaxtning yarim asrdan oshgan kommunal infratuzilmasini modernizatsiya qilish zarurligini koʻrsatdi. Jumladan, 2018-yil Adliya vazirligi tomonidan Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi (hozir Qurilish va uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi boʻlib qayta tashkil qilingan) faoliyatining tahlili shuni koʻrsatdiki, kommunal uskunalar va suv muhandislik kommunikatsiyasi sezilarli darajada eskirgan. Suv quvurlari, kanalizatsiya tarmoqlari va kollektorlarning uchdan bir qismidan koʻprogʻi taʼmirga muhtoj, 760 ga yaqin qozonxona va 5 ming kilometr issiqlik tarmoqlarining holati issiqlik energiyasining ortiqcha yoʻqotilishiga olib kelmoqda.

Bunday sharoitda Toshkentni ixchamlashtirish siyosatini qayta koʻrib chiqish, hududda kompleks qurilish ishlarini Bosh reja asosida qilish muhim ahamiyat kasb etadi. 

Shahar transport tarmogʻini bejizga “shaharning qon aylanish tizimi”ga oʻxshatishmaydi. Bunda qon tomirlari boʻylab odamlarning uzluksiz harakatlanishi taʼminlanadi. Lekin Toshkentning jamoat transporti tizimi rivojlanmagan va bu bilan maqtana olmaydi. Shaharning 3 million aholisiga 1000 ta avtobus va metro toʻgʻri keladi. Jamoat transportlarida harakat jadvaliga rioya qilinmaslik, tirbandliklar, transporti vositalarining sifati va holati fuqarolarning shaxsiy avtomobil yoki taksida harakatlanishni afzal koʻrishlariga olib kelmoqda. Natijada tirbandliklar nafaqat kunning tigʻiz vaqtlarida, balki har doim kuzatiladi, havo ifloslanishi ham ortadi.

Keyingi yillarda dunyoning rivojlangan davlatlarida jamoat transportini jonlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Masalan, Pekin, Madrid va Moskva yangi metro va temir yoʻl liniyalariga katta sarmoya kiritdi, velosiped va piyodalar yoʻlaklari sonini koʻpaytirdi. Seul, Shenchjen va Singapur jamoat transporti arzonligi reytingida yetakchilik qilmoqda. Ushbu shaharlarda mutasaddilar shaxsiy transport vositalariga egalik qilishni murakkablashtirish, qiymatini oshirishning faol choralarini koʻrmoqda. Maqsad – ekologiyaga yetkazilgan zararni qoplash va ijtimoiy xarajatlarni tejash. Shanxaydan tashqarida roʻyxatdan oʻtgan transport vositalarining ayrim shaharlarga kirishi taqiqlanadi.

Ekspertlar Toshkent shahar hokimligi jamoat transporti siyosatini qayta koʻrib chiqishi kerak, degan fikrda.

Soʻrovnoma ishtirokchilari (63 kishi), shuningdek, shahar ekologiyasini yaxshilash boʻyicha tezkor choralarni koʻrish zarur, deb hisoblaydi. Daraxtlar kesilishi, avtomobillar soni, qurilishlar ortishi va boshqa faktorlar, masalan, havo sifatiga taʼsir koʻrsatmoqda.

Respondentlar (62 nafar) xavfsiz yoʻllarni loyihalashtirish zaruratini ham qayd etishdi. Chunki jamoatchilikni tez-tez sodir boʻlayotgan YTHlar, yoʻl infratuzilmasi piyodalar uchun emas, haydovchilar ehtiyojlariga yoʻnaltirilayotganligi tashvishga solmoqda.

Respondentlarning (56 nafar) deyarli uchdan bir qismi yashil hududlar va jamoat joylarni kengaytirishni, boshqa qismi (50 nafar) nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qulay muhit yaratishni taʼkidlagan.

Ekspertlar hokimlik jamoasi tarkibiga professional, jumladan xorijlik urbanistlarni ham jalb etishga, mavzelar ichidagi koʻp qavatli uylar aholisi bilan yangi qurilish loyihalarini muhokama qilish va kelishish mexanizmini joriy qilishga chaqirgan. Shuningdek, fuqarolar bilan ochiq muloqotni yoʻlga qoʻyish, qabul qilinayotgan qarorlarning ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, Toshkent shahrida hokimni saylash amaliyotini tajriba tariqasida joriy etish kerakligini qayd etishgan.

“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati