@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Ayrim dorixonalarda “Quramax Medical” kompaniyasi olib kirgan dori-darmonlar hamon sotilayotganligi aniqlandi

 2023-02-02 13:19:03   |     Просмотров: 3701

Shu kunlarda Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti dori ishlab chiqaruvchilarni xomashyo va tayyorlash jarayoni sifatini nazorat qilishni kuchaytirish, hukumatlarni bozorlarda sifatsiz va qalbaki dori vositalari ustidan nazoratni kuchaytirishga chaqirdi.

Murojaatda qayd etilishicha, soʻnggi toʻrt oy davomida 7 ta davlat, shu jumladan Oʻzbekiston dietilenglikol (DEG) va etilenglikol (EG)ning yuqori konsentratsiyalari bilan ifloslangani tasdiqlangan yoki shubha qilingan bolalar uchun retseptsiz beriladigan yoʻtalga qarshi siroplardan foydalanishning bir necha holatlari haqida xabar bergan. Bular sanoat erituvchilar va antifrizlar sifatida ishlatiladigan zaharli kimyoviy moddalardir. Ular oz miqdorda ham oʻlimga olib kelishi mumkin va dori-darmonlar tarkibida boʻlmasligi kerak.

Oʻzbekistonda “Dok-1 Maks” siropini ichish natijasida bolalar oʻlimi kuzatilgan soʻng aybdorlarni aniqlash, ularni javobgarlikka tortish va bunday holatlarning oldini olish choralari koʻrilmoqda. Jumladan, “Quramax Medikal” kompaniyasining Oʻzbekistonda farmatsevtika faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan litsenziyasi sud tartibida bekor qilindi (https://t.me/oliysuduz/29301 ), yaroqsiz dori vositalarini muomaladan chiqarib tashlash va ularni yoʻq qilish toʻgʻrisidagi talab qanoatlantirildi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi aholi salomatligini muhofaza qilish va boshqa dori vositalarini qoʻshimcha tekshirish maqsadida 2022-yilda “Quramax Medical” tomonidan olib kirilgan barcha dori vositalari sotuvini toʻxtatdi (https://t.me/ssvuz/11840  ). Bular 36 turdagi dorilar boʻlib, ular ichiga “Dok-1 Maks”, “Nolgripp” siroplari, “Travamaks” tabletkalari va eritma uchun granulalari kiradi.

2023-yilning 26—27-yanvar kunlari “Yuksalish” umummilliy harakati respublikamiz hududlaridagi dorixonalarda taqiqlangan dori vositalarining sotilishini oʻrganish maqsadida monitoring oʻtkazdi. “Sirli mijoz” koʻrinishidagi monitoring Oʻzbekiston boʻylab 308 ta dorixonani qamrab oldi.

Natijada hududlarda dorixona xodimlari taqiqlangan dori vositalari sotilmasligi haqida xabardor qilingani maʼlum boʻldi. Isteʼmolchilar huquqlarini ximoya qilish jamiyatlari federatsiyasi, patronaj xizmatlari va boshqa mutasaddi tashkilotlar tomonidan aholi oʻrtasida tushuntirish ishlari olib borilmoqda, sotuvdan chiqarilgan dori vositalari roʻyxati tarqatilmoqda. Aksariyat dorixonalarda taqiqlangan dori vositalari sotuvdan olib qoʻyilgan, biroq omborlarda hamon saqlanayotgani aniqlandi.

Monitoringda maʼlum boʻldiki, ayrim dorixonalarda Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan sotuvi toʻxtatilgan dori vositalari erkin sotuvda mavjud. Xususan, Qashqadaryo viloyati va Surxondaryo viloyatining ayrim dorixonalarida Hindistonning “Marion Biotech Pvt. Ltd.” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Nolgripp Junior” yoʻtalga qarshi siropi, “Travamaks”, “Nolgripp” va “Sinepar” tabletkalari va pastillarini hali ham xarid qilish mumkin. Aholi ushbu dori-darmonlarni yuz bergan fojiali holatlar, sogʻliq va hayot uchun ehtimoliy xavflarga qaramay, avvalgidek sotib olayotgani aniqlandi.

Shu munosabat bilan “Yuksalish” umummilliy harakati quyidagilarga chaqiradi:

birinchidan, aholi, ayniqsa, chekka qishloqlar, poliklinikalar oʻrtasida keng tushuntirish ishlarini oʻtkazish;

ikkinchidan, Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan savdosi toʻxtatilgan va sud tomonidan taqiqlangan dori vositalari roʻyxatini barcha dorixonalarning koʻrinadigan joyiga joylashtirish;

uchinchidan, Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan savdosi toʻxtatilgan va sud tomonidan taqiqlangan, lekin  omborlarda saqlanayotgan barcha dorilarni, tadbirkorlarga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash masalasini koʻrib chiqqan holda, yoʻq qilinishini taʼminlash.

P.S.: Monitoring natijalari boʻyicha materiallar (dorixonalar manzillari, cheklar) chora koʻrilishi uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligiga taqdim etildi. 

 “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati