@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

O'zbekistonda advokatlar uchun xalqaro seminar-trening tashkil etildi

 2022-08-05 18:37:00   |     Просмотров: 2552

Joriy yilning 4-5-avgust kunlari Xalqaro yuristlar komissiyasi (XYuK), Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissar boshqarmasining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy bo’limi (ROCA) O’zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi bilan hamkorlikda xalqaro iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar va standartlar bo’yicha advokatlar uchun xalqaro seminar-trening o’tkazildi. Tadbir Yevropa Ittifoqi moliyaviy ko’magi asosida amalga oshirilayotgan “O'zbekistonda xalqaro huquqni qo'llash sifatini oshirish (EQUAL)” loyihasi doirasida tashkil etildi.

Mazkur ikki kunlik seminar-trening advokatlarning xalqaro inson huquqlarining quyidagi muhim jihatlari xususida xabardorligini oshirishga qaratilgan: mehnat huquqi va ish joyidagi huquqlar; munosib turar-joyga bo’lgan huquq; tibbiy xizmatdan foydalanish va salomatlik bilan bog’liq huquqlar; nogironligi bo’lgan shaxlar huquqlari. Seminar-trening XYuK, ROCA, Xalqaro Mehnat Tashkiloti (XMT) va Jahon Sog’likni Saqlash Tashkiloti (JSST)ning ekspert-mutaxassislari tomonidan o’tkazildi. Har bir ma’ruza yakunida advokatlarning xalqaro inson huquqlari sohasi amaliyotchilari bilan bevosita muloqotini ta’minlaydigan muhokamalar qismi o’rin oldi. 

“Yevropa Ittifoqi O’zbekistondagi advokatlarning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar borasida xabardorligini oshirishga qaratilgan mazkur tadbirni moliyaviy jihatdan qo’llab-quvvatlaydi. EQUAL loyihasi doirasida shunga o’xshash tadbirlar sudyalar bilan ham o’tkazilgan edi. Va bugun birinchi marotaba ushbu tadbir alohida advokatlar uchun o’tkazilmoqda, bu esa ularning inson huquqlari va ularning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy jihatlariga bo’lgan qiziqishlaridan dalolat beradi. Biz umid qilamizki, orttirilgan yangi bilim va ko’nikmalar O'zbekistonda inson huquqlarini yanada samarali himoya qilish va bevosita huquqiy ko'makka muhtoj bo'lgan guruhlarning ushbu huquqlardan foydalanish imkoniyatini oshirishga xizmat qiladi” – deydi Yevropa Ittifoqi Delegatsiyasining O'zbekistondagi Hamkorligi Rahbari vazifasini bajaruvchi Janob Alessandro Liamini.

“Inson huquqlari sohasida asosiy xalqaro shartnomalarning a’zosi sifatida O’zbekiston davlat va uning organlari faoliyatida inson huquqlarining markaziy o’rinda bo’lishini ta’minlash majburiyatiga ega. Mazkur jarayonda xalqaro inson huquqlari, shu jumladan, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo’yicha maxsus bilimlar muhim ahamiyat kasb etadi. Shu jihatdan, o’z huquqlarini himoya qilish yoki ular buzilganda tiklanishiga muhtoj bo’lgan shaxlarga yordam berishda advokatlarning roli alohida ahamiyatga ega. Shu bois, bugungi trening advokatlarni iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarini himoya qilishga muhtoj shaxslarga ko’mak berishda zarur bilim va ko’nikmalar bilan ta’minlashi bilan foydali hisoblanadi”– deydi Xalqaro Yuristlar Komissiyasining Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha dasturi Katta huquqiy maslahatchisi Temur Shakirov.

“Davlatimiz allaqachon inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishga qaratilgan bir qator xalqaro huquqiy shartnomalarning, shu jumladan Iqtisodiy, Ijtimoiy va Madaniy Huquqlar To'g'risidagi Xalqaro Paktning a’zosiga aylanib ulgurdi. Ushbu xalqaro hujjatlarning qoidalari ma’lum vaqt milliy huquqiy tizimdan biroz uzilib qolgan va amaliyotchi advokatlar kamdan-kam hollarda ularga murojaat qilishar edi. Biroq, 2019 yil 7 fevraldan kuchga kirgan "O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to'g'risida"gi Qonunining qabul qilinishi bilan bu holat o'zgarishi kerak edi, chunki endilikda yangi qonun O'zbekiston Respublikasi a’zo bo’lgan xalqaro shartnomalar, xalqaro huquqning umume'tirof etilgan tamoyillari va normalari milliy huquqiy tizimning ajralmas qismi ekanligini belgilab qo'ydi. Barcha amaliyotchi huquqshunoslar, ayniqsa sudyalar va advokatlar endi xalqaro huquq normalarini o'rganish va ularni amalda qo'llash uchun harakat qilishlari kerak”, – deydi O’zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi Raisi o’rinbosari Davron Saidov.

Mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng zarur shartiga aylantirish 2022-2026-yillarga mo’ljallangan yangi O’zbekiston taraqqiyot strategiyasining muhim yo’nalishlaridan biri sifatida belgilangan. Bunda mulkiy huquqlarning daxlsizligini ishonchli himoya qilish, davlat organlarining mulkiy munosabatlarga noqonuniy aralashuvini cheklash, fuqaro va tadbirkorlik subyektlarining odil sudlovga erishish darajasini oshirish, sud va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishning samarali mexanizmlarini joriy etish, sud tizimini bosqichma-bosqich raqamlashtirish, advokatlar malakasini oshirish tizimining zamonaviy mexanizmlarini shakllantirish va ushbu yo'nalishni takomillashtirishga qaratilgan boshqa vazifalar belgilangan. 

"BMT qo’mitasining tavsiyalarida ham iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to’g’risidagi xalqaro pakt (CESCR) haqida xabardorlikni oshirish maqsadida aynan sudyalar, advokatlar, prokurorlar uchun ta’lim dasturlarini ishga tushirish vazifalari bor. Shu bois xalqaro tajribani o'rganish imkonini beruvchi mazkur trening ishtirokchilar uchun dolzarb va juda foydali bo'ladi, deb hisoblayman”, - deydi “Yuksalish” umummilliy harakati Ijrochi direktori Askar Mamatxonov.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakili oʻrinbosari Fabio Piana BMT Bosh kotibining “Harakatga chaqiruvi”ga tayanib, “Barcha odamlarning barcha huquqlarini himoya qilish har bir inson manfaatlariga mos keladi, deb ta’kidladi. Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarga kamroq e’tibor berish xatodir, ko'pincha aynan shunday bo'ladi, lekin bu huquqlar insonlarning erkinlik istagini qondirish uchun yetarli deb o'ylash ham xuddi shunday xato hisoblanadi.

Tadbir Yevropa Ittifoqi tomonidan Demokratiya va Inson Huquqlari bo'yicha Yevropa Instrumenti (EIDHR) orqali moliyalashtiriladigan va Xalqaro yuristlar komissiyasi tomonidan amalga oshiriladigan “O'zbekistonda xalqaro huquqni qo'llash sifatini oshirish" (EQUAL) loyihasi doirasida tashkil etilgan. EQUAL loyihasining asosiy maqsadi - fuqarolik jamiyatini qo'llab-quvvatlash orqali O'zbekistonda kamsitilishga moyil bo'lgan guruhlarning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarini teng himoya qilishga ko'maklashishdan iborat.